AQSh hukumati “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV” (Green Card) dasturida qatnashish uchun anketa to‘ldirish 2-oktabrdan boshlanishini ma’lum qildi. Anketa to‘ldirish Toshkent vaqti bilan 2-oktabr soat 21:00 dan 5-noyabr soat 21:00 gacha davom etadi.

Har yili AQSh hukumati “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi — DV” dasturi doirasida ma’lum miqdorda doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi. Bunda AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi.

Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.

2026-yil uchun 55 000 tagacha Turli millatga mansub immigrantlar vizasi (DV) ajratiladi. DV dasturiga ro‘yxatdan o‘tish bepul, biroq tanlab olingan nomzodlar suhbatga chaqirilganda, rasmiy viza arizasini topshirishdan oldin viza uchun to‘lov to‘lashlari kerak bo‘ladi.

“Gazeta.uz” Green Card dasturiga mustaqil ariza topshirish va natijalarni tekshirish bo‘yicha qo‘llanma e’lon qilgan. Anketa to‘ldirishdan avval AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Green Card dasturi ishtirokchilari uchun 10 ta maslahati bilan ham tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.