Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

2024−2025-yillar kuz-qish mavsumidan boshlab issiqxona xo‘jaliklariga hosil yilining dastlabki 3 oyida (oktabr, noyabr va dekabr) yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov 50 foiz miqdorida, qolgan qismi oy yakuniga qadar, keyingi oylardan boshlab esa har oyda 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshiriladi.

Mazkur qoida tegishli oyda oldingi davr uchun qarzdorligi bo‘lmagan issiqxona xo‘jaliklariga tatbiq qilinadi.

Bundan tashqari, bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalarni kamida 24 soat oldin “Hududgazta’minot” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan majburiy xabardor qilish amaliyoti joriy qilinadi. Shartnomalardagi fors-major holatlari bundan mustasno.

Issiqxona xo‘jaliklari va gaz korxonasi o‘rtasida tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalari har 3 yilda bir marotaba tuziladi. Tabiiy gaz yetkazib berish shartnomalarining texnik shartlariga gaz uzatuvchi va gaz yetkazib beruvchi tashkilotlar uchun aholi va ijtimoiy soha obyektlariga yo‘naltirilgan umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ulanmagan issiqxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bosimiga oid talablar kiritiladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” 2025-yil 1-aprelga qadar issiqxona xo‘jaliklarida ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish ishlarini tashkil etadi. Energiya samaradorligi bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan korxonalarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqadi.

Shu bilan birga, kredit shartnomasi shartlariga muvofiq banklar tomonidan issiqxona xo‘jaliklarining kreditlari bo‘yicha undiruv choralari, shu jumladan, sud tartibida, muddati o‘tgan qarzdorlik qismiga nisbatan amalga oshiriladi. Shu bilan birga, banklarga issiqxona xo‘jaliklarining kreditlari summasini muddatidan oldin to‘liq qaytarish bo‘yicha sudga da’vo kiritishga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:

  • muddati o‘tgan qarzdorlikni undirish majburiy ijroga qaratilgan kundan boshlab 60 kalendar kuni davomida qarzdorlik to‘lanmaganda va to‘lov grafigi muddatiga rioya qilinmaganda (grafikka yetib olmaganda);
  • mazkur band qoidalaridan qat’i nazar, qarz oluvchi tomonidan Fuqarolik kodeksining 738 (qarz oluvchining majburiyatlarini ta’minlash) va 739-moddalari (kreditdan maqsadli foydalanish) talablariga rioya qilinmaganda.

O‘tgan yilning avgust oyida prezident hokimliklar va Energetika vazirligiga uch tomonlama kelishuv asosida issiqxonalarni gaz va ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlash kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.

2022-yil oktabr oyi oxirida Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mutasaddilar harakatini “davlat xavfsizligiga tahdid”, deb baholagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazning atigi 1,5 foizi tejalgan, lekin eksport va ish o‘rinlari “o‘ldirilgan”. U “gaz o‘g‘rilaydigan” AGTKSHlar bilan shug‘ullanishni topshirgan.

2023-yildan boshlab gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazila boshlandi. 2024-yildan boshlab davlat issiqxonalar uchun ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizini qoplashga kirishdi.

Ekologiya vazirligining joriy yil boshida o‘tkazgan tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va ushbu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.

Aprel oyida EastFruit portali Turkmanistonning issiqxona pomidorlari Tojikiston bozoridagi o‘zbek pomidorini butunlay chiqarib yuborgani haqida yozgandi. Moldova va Tojikistonda pomidor narxi O‘zbekistondagiga qaraganda arzonroq, Polshada esa deyarli teng. Portal O‘zbekistonning issiqxona xo‘jaligidagi muammolariga ham to‘xtaldi. Buning asosiy sabablaridan biri issiqxonalarda tabiiy gazdan foydalanishni taqiqlash va ko‘mir bilan isitishga majburiy o‘tish bo‘lib, bu “issiqxona biznesining iqtisodini butunlay o‘zgartirib yubordi va issiqxona sabzavotlarini yetishtirish samaradorligini keskin pasaytirdi”. Shu bilan birga, O‘zbekiston dunyodagi eng yirik gaz zaxiralariga ega va yaqin vaqtgacha yirik gaz eksportchisi bo‘lgan.

Yana bir sabab — O‘zbekistonning issiqxona kombinatlarida xorijiy valyutadagi qarzdorlikning yuqoriligi, bu esa milliy valyutaning qadrsizlanishi fonida ko‘p hollarda qarzga xizmat ko‘rsatishning imkoni yo‘qligi va ishlab chiqaruvchilarning amalda bankrot bo‘lishiga olib kelgan. Issiqxona egalari allaqachon kredit to‘lovlarini to‘lash muddatini bir necha bor uzaytirishgan. Oxirgi marta o‘tgan yilning avgust oyida prezident 1000 ta issiqxonaning 2,2 trln so‘mlik kreditlarini qaytarish muddatini uzaytirgandi.