O‘zbekistonni erkin va farovon mamlakatga aylantirishda ta’lim sohasini yangi bosqichda rivojlantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni nishonlanadigan o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklash chog‘ida aytib o‘tdi.
“Ko‘hna tarix, bugungi hayot tajribasi barcha muammolarning yechimi, savollarning javobi faqat va faqat ta’limda, kamolot va baxt eshiklarining kaliti ta’lim va tarbiyada ekanidan dalolat beradi”, — deb ta’kidladi prezident.
“O‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga yetishda — jonajon O‘zbekistonimizni erkin va farovon, har tomonlama obod mamlakatga aylantirishda soha rivojini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi”, — qayd etdi u.
Prezident keyingi yillarda mamlakatda bog‘chalar soni 8 barobar ko‘payib, qariyb 38 mingtaga yetganini, jumladan, nodavlat ta’lim muassasalari soni 250 tadan 29 mingtaga ko‘payganini aytib o‘tdi. Bolalar bog‘chalariga qamrab olish 27 foizdan 76,4 foizga oshdi.
O‘tgan yetti yilda 5 mingdan ortiq maktabda, birgina 2024-yilning o‘zida 608 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Inklyuziv ta’lim birinchi marta 530 ta maktabda joriy etildi. Nodavlat maktablarning ulushi 5 foizga yetdi.
“O‘qituvchilarning ish haqi 2016-yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 marta, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi esa 4,5 karra o‘sgani, oktabr oyidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 15 foizga oshirilishi shu boradagi sa’y-harakatlarimiz natijasidir”, — dedi prezident.
135 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning umumiy soni 211 taga yetdi, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish darajasi 4 barobardan ortiq — 9 foizdan 38 foizga oshdi.
Shu kuni davlat rahbari bir guruh o‘qituvchilar bilan uchrashib, mukofotlarni topshirdi, ta’lim sohasidagi muammo va rejalarni muhokama qildi.
“Ishonchim komil, siz, muhtaram pedagoglar, professor-o‘qituvchilarimiz ta’lim sohasidagi islohotlarimizda yanada faol ishtirok etib, „Yangi O‘zbekiston — ma’rifiy jamiyat“ degan oliyjanob g‘oyamizni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shasiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Hech shubhasiz, biz ta’lim va tarbiya tizimini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlari uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalasiga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat beramiz va o‘qituvchilikni jamiyatimizda eng obro‘li kasblar qatoriga olib chiqamiz”, — deb ishontirdi u.