O‘zbekiston Hisob palatasi raisiga ikki nafar o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda palata matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, Sardor Mirzayev va Atabek Allaberganovlar 24-sentabrdan boshlab Hisob palatasi raisi Adiz Boboyevning o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.

Sardor Mirzayev 1985-yilda Farg‘ona viloyati tug‘ilgan. 2005-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. U Hisob palatasidagi faoliyatini 2016-yilda mahalliy budjetlarni shakllantirish va ijro etish guruhi inspektori, yetakchi inspektori, qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va xarajatlarni tahlil qilish axborot-tahlil shu’basi bosh inspektori lavozimida boshlagan.

2022-yilda palatada Ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini audit qilish shu’basi mudiri bo‘lgan. Undan so‘ng “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Ko‘p o‘tmay yana Hisob palatasidagi shu’ba mudiri lavozimiga qaytgan.

Atabek Allaberganov esa 1977-yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan. 1999-yilda Urganch davlat universitetini tamomlagan. Iqtisod fanlari sohasida falsafa doktori (PhD). U faoliyati davomida ko‘p yillar soliq organlarida turli lavozimlarda ishlagan. 2019-yilda prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni yetakchi inspektori bo‘lib mehnat qilgan.

Undan so‘ng bir yil prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti yetakchi inspektori sifatida ish olib borgan. So‘nggi tayinlovga qadar Kadastr agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi. Shuningdek, u Soliq xizmatining I-darajali maslahatchisi unvoniga ega, “Shuhrat” medali sovrindori.