Dushanba kuni Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilgan Komil Allamjonov faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini ma’lum qildi. Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva u bilan bo‘lgan suhbatdan videoparchani e’lon qildi.

Videoda u Komil Allamjonov so‘nggi ikki yil davomida “prezident bergan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, davlat va jamiyat uchun muhim bo‘lgan katta loyihalarni amalga oshirganini” aytdi.

“Matbuot va ta’lim tizimini takomillashtirishda o‘z hissangizni qo‘shdingiz va katta natijalar ko‘rsatdingiz. Va buning uchun sizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”, — dedi davlat rahbari yordamchisi.

Videodan kadr.Videodan kadr.

“Ishonamizki, siz boshlagan loyihalar kelajakda, albatta, o‘z mevasini beradi. Sizga fidokorona xizmatingiz va professionalligingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Kelgusidagi har qanday yangi faoliyatingizda ham omad sizga yor bo‘lsin. Rahmat katta sizga”, — deydi Saida Mirziyoyeva.

Komil Allamjonov “iliq so‘zlar uchun cheksiz minnatdorchilik” bilan javob qaytardi. “Mamlakatimiz manfaati yo‘lida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xizmat qilish imkoniyati va bildirilgan ishonch uchun chin yurakdan minnatdorman”, — dedi u.

“Men davlatimiz rahbari belgilab bergan maqsadlar va g‘oyalarga sodiqligimni yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. Siz bilan birga ishlab, katta natijalarga erishganimizdan faxrlanaman”, — deydi Komil Allamjonov.

U faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini aytdi: “Iqtisodiyotning muhim sohalariga zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirmoqdaman”.

“Bu orqali yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘z xissamni qo‘shish niyatim bor. Yana bir bor sizga katta rahmat”, — deya xulosa qiladi Komil Allamjonov.

2022-yil iyul oyida Komil Allamjonov Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari etib tayinlanganida barcha kompaniyalarini boshqa mulkdorlarga o‘tkazayotganini ma’lum qilgan edi. “Chunki men manfaatlar to‘qnashuviga mutlaqo qarshiman va qolganlarga ham shuni maslahat beraman”.

O‘shanda u Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashining raisi edi. Shuningdek, Avtotest avtomaktabi va Autodriver Study haydovchilarni imtihon qilish markazi, “Soliq info” gazetasi, BEM buxgalterlik faoliyatini avtomatlashtirish dasturi va boshqa ko‘plab loyihalar asoschisi hisoblanadi.

2022-yil kuzida Finlyandiya ta’lim tajribasini O‘zbekistonda joriy etishni muvofiqlashtirish vazifasi Komil Allamjonovga topshirilgan edi.

Uning qisqacha tarjimai holini avvalgi xabarda e’lon qilgan edik.