2025-yildan boshlab O‘zbekistonda xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni ta’lim sohasi vakillari bilan muloqotida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Shuningdek, bu kredit foizining asosiy stavkaning 1,5 barobaridan oshgan qismi budjetdan qoplab beriladi. Bundan tashqari, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi ham 5 yil muddatgacha budjetdan to‘lab beriladi.
Tadbirkorlar o‘z hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda solig‘idan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.
Prezident aholi o‘sishi tufayli maktablarda yiliga 120 mingta, bog‘chalarda esa 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelayotganini qayd etdi. Shundan kelib chiqib 2025-yili budjetdan ajratiladigan 3 trln 200 mlrd so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha rekonstruksiya qilinadi va yangilari quriladi.
Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasining 50 mln dollar mablag‘i doirasida keyingi 4 yilda 200 ta xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova O‘zbekistonda qo‘shimcha maktab o‘rni yaratilishi prioritetda ekani, bu yil 180 mingdan ziyod o‘quvchi o‘rniga ega maktab qurib bitkazilishi reja qilingani haqida gapirgandi.
“O‘quvchi o‘rniga katta ehtiyojimiz bor. Birgina misol, bu yil 398 mingga yaqin bitiruvchilarimiz maktablarni bitirishdi. Birinchi sinfga esa 719 ming nafar 1-sinf o‘quvchilarini qabul qilishni reja qilib turibmiz. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, bizning yana 2 karra o‘quvchi o‘rniga ehtiyojimiz [bor]”, — degandi u.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari Temurjon Komilov bitta yangi maktab qurilishi uchun qancha mablag‘ ajratilishi haqida gapirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktabning quvvati, loyihalardan kelib chiqib, bitta muassasa qurilishi 13 mlrd so‘mdan 58 mlrd so‘mgacha tushadi.
“Qurilish va uy-joy, kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi buyurtmachi tomonidan amaldagi narxlarni [aytib o‘taman]. Misol uchun, 330 o‘rinli maktab 13 mlrd so‘mdan ortiq summaga, 528 o‘rinligi 18,5 mlrd so‘mga, 660 o‘rinli maktab 19,5 mlrd so‘mga tushadi. Sergelida qurilgan katta maktablar, ya’ni eng katta quvvatli, 1680 o‘rinli maktablar 58 mlrd so‘mga yaqin”, — degandi vazir o‘rinbosari.