O‘zbekistonda o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish davom etadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni ta’limda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot chog‘ida ma’lum qildi.
Davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar qilishicha, kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Test sinovlarida 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi.
Misol uchun, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa — 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi. Shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 mln 500 ming so‘mdan 12 mln so‘mga yetadi.
“O‘qituvchilar uchun 1 ming dollar maosh bugun real hodisaga aylanib borayotganini shu misolda yaqqol ko‘rish mumkin”, — dedi davlat rahbari.
Prezident o‘qituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab to‘lanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘qituvchilarning 88 foizi oyiga 6 mln so‘mgacha, 11 foizi 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladi. “O‘z ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan” 6 ming o‘qituvchi 10 mln so‘mdan ziyod maosh olmoqda. 2020-yilda bunday o‘qituvchilar 102 nafar bo‘lgan.
2023-yilning avgust oyida O‘zbekistonda 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oluvchi o‘qituvchilar soni 23 ming (umumiy o‘qituvchilar sonining 4,3 foizi), 10 mln so‘mdan ortiq oluvchilar — 1000 nafardan ortiq (0,18 foiz)ni tashkil etgani ma’lum qilingan edi.
Bugungi kunda Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi budjeti 46,6 trln so‘mni tashkil etadi, shundan 84 foizi, ya’ni 39 trln so‘mi (oyiga 3 trln so‘mdan ortiq) ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularni 545 ming nafar pedagog va 200 mingdan ortiq maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari olmoqda.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning birinchi yarmida ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi salkam 3,5 mln so‘mga yetgan, bu esa respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan (5,09 mln so‘m) sezilarli darajada pastdir. Sog‘liqni saqlash bilan birga, bu ikki soha ish haqi bo‘yicha oxirgi o‘rinni egallaydi va bir necha yillardan buyon boshqa sohalarga qaraganda sekinroq o‘sib bormoqda. “Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistonning turli hududlarida va turli sharoitlarda o‘qituvchilarning mehnati haqida so‘z yuritgan edi.
12-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev 1-oktabrdan budjet sohasi xodimlarining ish haqini 10 foizga, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ish haqini 15 foizga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
2020-yilning noyabr oyida prezident o‘qituvchilar va shifokorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ularning maoshlarini oshirish rejasini ma’lum qilgan edi. “O‘qituvchi 1000 dollar olmaguncha ishga kelmasligi kerak. Shifokor bilan bir xil vaziyat. Agar shifokor 1000 dollar olmasa, ertaga bolalari, nevaralarini qanday ovqatlantiradi? Biz buni qila olamizmi? Qila olamiz” — degan davlat rahbari. Keyinchalik o‘qituvchilarning maoshini ming dollargacha oshirish rejalari yana bir necha bor aytildi.