30-sentabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yong‘in sodir bo‘ldi. Toshkent davlat agrar universiteti matbuot xizmati yong‘in universitet hududidagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

“Universitet binolaridan birida sodir bo‘lgan deb ta’kidlanayotgan yong‘in aynan O‘rmon xo‘jaligi agentligi joylashgan binoning tom qismida sodir bo‘lgan”, — ta’kidladi universitet matbuot xizmati.

O‘rmon xo‘jaligi agentligi esa yong‘in agentlik binosida sodir bo‘lganini rad etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

“O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosi yonib ketdi, deya ayrim ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, suv purkalishi evaziga binoning tom qismiga qisman zarar yetgan, lekin bu ham aytarli darajada emas”, — deyiladi agentlik izohida.

Ma’lum qilinishicha, agentlik binosi katta talafot ko‘rmagan. Yong‘in chiqqan universitet binolariga esa birmuncha ziyon yetkazilgan.

“Ayni paytda mutaxassislar guruhi voqea joyida ish olib bormoqda. Tez orada yong‘in kelib chiqish sabablari, yong‘in asli qayerdan boshlangani, yetkazilgan ziyon, asl holat haqida batafsil ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.

Xabar tayyorlanayotgan vaqt Agrar universiteti posti o‘chirildi.