30-sentabr kuni O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatining barcha yarim finalchilari nomi ma’lum bo‘ldi. Fransiya terma jamoasi Buxoroda Paragvayni 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Toshkentdagi “Humo Arena"da Qozog‘iston futzalchilari Argentinaga qarshi maydonga chiqdi.

FIFA ma’lumotiga ko‘ra, shu kuni arenaga 8898 nafar muxlis tashrif buyurdi (butun musobaqa davomidagi ikkinchi rekord ko‘rsatkich) — qozog‘istonliklarni o‘zbek muxlislari ham sidqidildan qo‘llab-quvvatlab turdi. Ammo qozoq futzalchilariga “devor"lar yordam bera olmadi — o‘yinda Argentina 6:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Jahon chempionatining yarim final uchrashuvlari 2 va 3-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi: chorshanba kuni Ukraina Braziliyaga qarshi maydonga chiqsa, payshanba kuni Argentina final yo‘llanmasi uchun Fransiyaga qarshi bahs olib boradi. Har ikkala o‘yin “Humo Arena"da bo‘lib o‘tadi va 20:00 da boshlanadi.

Qozog‘iston — Argentina (1:6) bevosita arenadan kuzatib borganlar orasida “Gazeta.uz” muxbiri Murod Yusuf ham bor. U bahsning e’tiborga molik lahzalarini fotosuratlarga muhrladi.