OAV Isroilning Livanda quruqlik operatsiyasi boshlangani haqida xabar bermoqda. Isroil mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari, Livanda quruqlik operatsiyasi boshlangani haqidagi xabarlar ortidan, Isroil armiyasining chegara bo‘yidagi faoliyati to‘g‘risida “asossiz mish-mishlar tarqatmaslik”ka chaqirdi.

Isroil mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari, Livanda quruqlik operatsiyasi boshlangani haqidagi xabarlar ortidan, Isroil armiyasining chegara bo‘yidagi faoliyati to‘g‘risida “asossiz mish-mishlar tarqatmaslik”ka chaqirdi.

“So‘nggi soatlarda SAXALning Livan chegarasidagi faoliyati haqida ko‘plab xabarlar va mish-mishlar tarqaldi. Kuchlarning xavfsizligi uchun ular faoliyati haqida xabar bermaslikni so‘raymiz. Faqat rasmiy xabarlarga amal qiling va asossiz mish-mishlarni tarqatmang”, — dedi u.

Avvalroq, Al Arabiya telekanali Isroil qo‘shinlari Livanning janubidagi Rmeish qishlog‘i hududiga kirgani haqida xabar bergan edi. Bu ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmadi. Ynet xabariga ko‘ra, Isroil armiyasi chegaradagi bir nechta hududlarni artilleriyadan o‘qqa tutmoqda.

Reuters Livan ommaviy axborot vositalari va manbasiga tayanib yozishicha, 1-oktabrga o‘tar kechasi SAXAL Livan janubidagi qochqinlar lageriga zarba bergan. Isroil armiyasi hujumning maqsadi Falastin FATX harakati yetakchilaridan biri Munir al-Makka bo‘lganini ma’lum qildi. Uning taqdiri noma’lum.

30-sentabr kuni kechqurun SAXAL Livan bilan chegaradagi uchta aholi punkti atrofidagi hududni yopiq harbiy zona deb e’lon qildi. Gap Metula, Misgav-Am va Kfar-Giladi aholi punktlari haqida bormoqda. Bu hududga kirish taqiqlangan.

Associated Press xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari “kichik quruqlik reydlari” o‘tkazmoqda. Isroil qo‘shinlari va “Hizbulloh” o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlar haqida hech qanday xabar kelib tushmagan, deya qayd etadi agentlik.

Reuters “xavfsizlik xizmatidagi manbaga” tayanib, Livan armiyasi Isroil bilan janubiy chegaradagi bir nechta pozitsiyalardan chekinganini ma’lum qildi. Livan armiyasi vakili bu ma’lumotni tasdiqlamadi ham, inkor ham qilmadi. Agentlikning yana bir manbasiga ko‘ra, Livan qo‘shinlari besh kilometrga chekingan.

Isroil rasmiylari AQShga Livanda “bir qator operatsiyalar”, jumladan, quruqlikdagi operatsiyalar haqida ma’lumot berdi, dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller brifingda. “Ayni paytda ular bizga bu chegara yaqinidagi „Hizbulloh“ infratuzilmasiga qaratilgan cheklangan operatsiyalar ekanligini aytishdi, ammo biz ular bilan bu borada doimiy ravishda muzokaralar olib boryapmiz”, — deya uning so‘zlarini keltirmoqda CNN.

Shuningdek, CNN Livan bilan chegara hududida 100 ga yaqin Isroil harbiy texnikasi borligini ko‘rsatuvchi sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ega ekanini ma’lum qildi. Isroil rasmiylari esa Livanda “uzoq muddatli okkupatsiya bo‘lmaydi,” degan, ammo operatsiya muddatini taqdim etishdan bosh tortgan.

Livan mudofaa vazirligi 1-oktabrga o‘tar kechasi Livanning janubiy hududlari, Bekaa vodiysining sharqiy qismi va Bayrutga qilingan Isroil aviazarbalari oqibatida kamida 95 kishi halok bo‘lgani va 172 kishi yaralangani haqida xabar berdi.

Jo Bayden ma’muriyati amaldori va Isroil armiyasi rejalari bilan tanish suhbatdoshiga tayanib, NBC News xabar berishicha, operatsiyadan maqsad “Hizbulloh” kuchlarini chegaradan siqib chiqarish va guruh infratuzilmasiga, jumladan, omborlar va yer osti obyektlariga zarba berishdir. Operatsiya bir necha kun davom etishi taxmin qilinmoqda. Isroil operatsiyasi asosiy e’tiborni Isroilning chegaraoldi hududlari aholisi uchun “tahdidni bartaraf etish” uchun chegara bo‘ylab guruh infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratishi haqida The Washington Post nashri amerikalik amaldorga tayanib xabar berdi.

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant 30-sentabr kuni Isroil yaqin orada “Hizbulloh”ga qarshi “urushning keyingi bosqichini” boshlashini aytgandi. “Bu xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni o‘zgartirishda muhim omil bo‘ladi va [Isroil shimoli] aholisini o‘z uylariga qaytarish bo‘yicha muhim [missiya]ni yakunlashimizga imkon beradi”, — dedi u.