Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan O‘rmon xo‘jaligi agentligi va Toshkent davlat agrar universiteti binolarida 30-sentabr kuni yong‘in sodir bo‘lgan edi. Ikki soatdan ortiq davom etgan yong‘inni o‘chirish uchun 15 dan ortiq o‘t o‘chirish ekipaji jalb qilingan edi.
Hodisa oqibatida OTMning ikki binosi va agentlikning bir binosi zararlangan. FVVning qayd etishicha, jarohat olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni vaqtda, yong‘in sabablariga doir dastlabki axborot e’lon qilinganicha yo‘q, yetkazilgan zarar miqdori haqida ham rasmiy ma’lumot berilmadi.
Universitet matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, oliygohda dars jarayonlari uzluksiz davom etmoqda. Yong‘indan zarar ko‘rgan binolarda tahsil olgan talabalarning o‘qishi universitet hududiga yaqin bo‘lgan Toshkent Kreativ texnologiyalar markazi va Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litseyga vaqtincha ko‘chirilgan.
“Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov 2-oktabr kuni hodisa joyida bo‘lib, yong‘in oqibatlarini fotosuratlarga muhrladi.