Flynas va Qeshm Air aviakompaniyalari Eron ustidagi havo hududi yopilgani sababli O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, bunga Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va havo hududining bir qismi yopilishi sabab bo‘lgan.
2-oktabr kuni quyidagi reyslar bekor qilindi:
- Flynas’ning KNE633/634 Jidda — Toshkent — Jidda va KNE651/652 Jidda — Namangan — Jidda yo‘nalishida
- Qeshm Air aviakompaniyasining QSM2143/2142 Tehron — Toshkent — Tehron yo‘nalishida.
Ushbu reyslar haqida batafsil ma’lumot olish uchun aviakompaniya vakillariga murojaat qilish tavsiya etildi.
Ma’lumot uchun, Qeshm Air aviakompaniyasi 2023-yilning 9-avgustidan Tehron−Toshkent−Tehron yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarini yo‘lga qo‘ya boshlagandi. Flynas aviakompaniyasi esa Jidda — Toshkent — Jidda yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni 2023-yilning 27-martidan yo‘lga qo‘ygandi.
Eslatib o‘tamiz, bir kun oldin Erondan raketa hujumi paytida Tel-Avivdagi Ben Gurion ayeroporti vaqtincha yopilgandi. Keyinchalik u ishini davom ettira boshlagan. Hujum oqibatida Uzbekistan Airways samolyoti ham Tel-Avivdan ikki soatga yaqin kechikish bilan yetib kelgan.