O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 30-sentabr kungi yig‘ilishida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi, deb xabar berdi parlament yuqori palatasining matbuot xizmati.
Hujjatda kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish hamda uni tasniflash ko‘zda tutilgan.
Qonunda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida quyidagi 15 ta yo‘nalish belgilangan:
- adabiy ijod;
- arxitektura, loyihalash, urbanistika;
- audiovizual san’at;
- moda va dizayn san’ati;
- ijrochilik san’ati;
- muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazma), axborot-kutubxona faoliyati;
- nashriyot va matbaa sohasidagi ijodiy faoliyat;
- ommaviy axborot vositalari sohasidagi ijodiy faoliyat va internet orqali uzatish;
- konsert-tomosha faoliyati va ommaviy-madaniy tadbirlar tashkil etish;
- prodyuserlik faoliyati;
- raqamli texnologiyalar sohasidagi ijodiy faoliyat;
- reklama sohasidagi ijodiy faoliyat;
- san’at ashyolari va madaniy meros obyektlarini asrashga doir hamda restavratsiya faoliyati;
- tasviriy san’at;
- xalq amaliy san’ati, hunarmandchilik.
Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi mexanizmi belgilanib, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik va idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun bilan kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilayotgan bo‘lib, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanadi. Respublika kengashi tarkibi kreativ industriya sohalari bo‘yicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohasidagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilanmoqda.
Xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, ta’lim dasturlari va to‘garaklar, art-rezidensiyalar shakllarda yagona ekotizim yaratilishi nazarda tutilmoqda. Bunda kreativ industriyalar parkini tashkil etish va faoliyat olib berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadiva parkini boshqarish direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunda kreativ industriyalar parkining quyidagi asosiy vazifalari belgilanmoqda:
- kreativ industriyani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- kreativ iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish;
- kreativ industriyalar parki rezidentlari uchun zarur resurslar va infratuzilma mavjudligini ta’minlash;
- kreativ industriyalar mahsulotlari aylanmasi va eksportini oshirish uchun ekotizimni rivojlantirish, shu jumladan elektron platformalar va onlayn-bozorlar yaratish;
- kreativ industriyasida ish o‘rinlarini yaratish hamda kreativ industriya sohada kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish;
- kreativ industriya sohalarida innovatsiya va ijodkorlikni rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash kabi vazifalar.
Shuningdek, qonunda kreativ industriya sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan va so‘nggi 12 oy mobaynida daromadining kamida 80 foizini kreativ soha faoliyatidan olgan yoki sohaga mansub biznes-rejaga ega bo‘lgan subyektlar ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligi qayd etilmoqda. Bunda davlat ulushiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar kreativ industriyalar parki rezidenti bo‘lishi mumkin emas.
Qonunda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va raqamli resurslarning kompleks majmuasini o‘z ichiga olgan kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi tashkil etilishi belgilangan bo‘lib, ushbu infratuzilma kreativ industriyalar parklari, kreativ industriya klasterlari, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskuna va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar hamda boshqa shakllarda bo‘lishi belgilangan.
Xususan, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va kreativ industriya sohalarini rivojlantirish, kreativ iqtisodiyot sohasida tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat yoki xususiy investitsiyalar ishtirokida kreativ industriya klasterlari tashkil etilishi Qonunda aniq qayd etilgan.
Shu bilan birga qonun asosida ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarnimoliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi va uning asosiy yo‘nalishlari belgilab qo‘yilmoqda.
Kreativ industriyalarining respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash qonun darajasida belgilanmoqda.
Kreativ iqtisodiyotning umumiy iqtisodiyotdagi ulushini 2030-yilgacha 5 foizga yetkazish bo‘yicha maqsad qo‘yilmoqda.
“Qonunda kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish masalasi o‘rin olgan. Bunda, eng muhim masala — sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilab berilayotgani — hammasi istiqbolda uni tizimli rivojlantirish va yanada kengaytirish imkonini beradi. E’tibor berilsa, kreativ iqtisodiyot sohalari etib belgilangan 15 ta yo‘nalishning har biri bo‘yicha bizda fundament, salohiyat yetarli darajada. Aholi, ayniqsa, yoshlarimizda ijodga kiziqish, kreativ g‘oyalarga ishtiyoq, qiziqish kuchli”, — deydi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
“Gazeta.uz” iyul oyi oxirida o‘sha paytda taqdim etilgan ijodkorlar manfaatlarini himoya qilish va ularning rivojlanishiga hissa qo‘shishga qaratilgan hujjat loyihasi sanoat ishtirokchilarining umidlarini oqlamagani haqida yozgan edi. Kreativ soha mutaxassislari tashabbuskor guruhga birlashib, qonun loyihasini maromiga yetkazish bo‘yicha asosiy mulohazalar va birinchi navbatdagi takliflarni o‘z ichiga olgan ommaviy hujjat tuzdilar.
Ta’kidlash joizki, Qonunchilik palatasi 30-sentabr kuni ertalab kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qilganini ma’lum qildi. Biroq, odatiy holga aylanib qolgan jonli efirdagi muhokama bu safar bo‘lib o‘tmadi. Parlament quyi palatasi matbuot xizmati buning sababini translyatsiya uchun ishlatiladigan texnik jihozlarning yangilanayotgani bilan izohladi.
Shunga qaramay, qonunning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinishi va Senat tomonidan ko‘rib chiqilishi o‘rtasida bir necha soat vaqt o‘tdi — bunday amaliyot ilgari uchramagan. Senatning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, deputatlar va senatorlar birinchi ko‘rib chiqish bosqichida tomonlarning barcha takliflari inobatga olinishi uchun deyarli barcha qonun loyihalari bo‘yicha yaqindan ish olib bormoqda. Palatalar 10-iyuldan buyon kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonun ustida ish olib bormoqda.