sentabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan belgilangan AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi 0,71 foizga yoki 90 so‘mdan sal ko‘proqqa oshib, 12 715,42 so‘mni tashkil qildi. Buni Markaziy bankning “Gazeta.uz” o‘rgangan ma’lumotlarida ko‘rish mumkin.
Avgust oyi oxirida banklar dollarni 12 565−12 620 so‘m oralig‘ida sotib olib, aholiga 12 645−12 700 so‘mdan sotgan bo‘lsa, sentabr oyi oxirida xarid kursi 12 655−12 700 so‘mni, sotish kursi esa 12 772−12 775 so‘mni tashkil qildi.
Avgust oyida milliy valyuta ham 0,67 foizga (+83,97 so‘m) qadrsizlandi. Shu bilan birga, iyul oyida so‘m dollarga nisbatan 0,11 foizga (-14,12 so‘m), iyun oyida esa 0,51 foizga (-64,67 so‘m) mustahkamlandi.
2023-yil sentabr oyida AQSh valyuta kursi 0,7 foizga o‘sdi.
To‘qqiz oy yakuniga ko‘ra so‘m atigi 3,06 foizga — 12 338,77 so‘mdan 12 739,99 so‘mga (+401,22 so‘m) qadrsizlandi. Taqqoslash uchun: 2023-yilning shu davrida devalvatsiya 8,4 foizni (-949,61 so‘m) tashkil qilgandi.
Spot suhbatlashgan ekspertlarning fikricha, birinchi yarim yillikda so‘m real kursining mustahkamlanishi vaqtinchalik bo‘lgan. Milliy valyutani qo‘llab-quvvatlovchi omillar orasida yevroobligatsiyalar chiqarilishi, oltin narxining oshishi va Markaziy bankning valyuta intervensiyalari bor. Shuningdek, birinchi olti oyda pul o‘tkazmalarining 25 foizga — 6,5 milliard dollargacha oshganini ham qayd etish mumkin.
Yanvar-avgust oylarida tashqi savdo aylanmasi 42,7 mlrd (2023-yilning shu davriga nisbatan +6,6 foiz), eksport 17,34 mlrd (+5,5 foiz), import 25,36 mlrd dollarga (+7,4 foiz) oshdi. Savdo balansi minus 8,01 milliard dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning sakkiz oyiga nisbatan 838,8 million dollarga ko‘pdir.