O‘zbekistonning bir qancha xususiy aviakompaniyalari Janubiy Koreyaga parvoz qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Transport vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi vakillari hamrohligida Koreya aviatsiya ma’muriyati bilan muzokaralar olib bordi.
So‘nggi bor mamlakatlar aviatsiya ma’muriyati 2018-yilda maslahatlashuvlar o‘tkazgan. O‘shandan buyon ikki mamlakat o‘rtasida aviakompaniyalar uchun 10 ta reys amalga oshirib kelingan. Shu bilan birga, har ikki tomondan faqat ikkita aviakompaniyaga parvozlarni amalga oshirish huquqi berilgan.
Muzokaralar davomida tayinlangan aviakompaniyalar soni bo‘yicha cheklovni bekor qilish, ularga parvozlar uchun tegishli huquqlar berish, ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish hamda parvozlar geografiyasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Janubiy Koreya aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Yig‘ilishda ikki davlat o‘rtasidagi reyslarni nafaqat Uzbekistan Airways va Qanot Sharq, balki O‘zbekistonning boshqa rezident aviakompaniyalari — My Freighter va Air Samarkand orqali ham amalga oshirish mumkinligi ma’lum qilindi.
Iyun oyida Qanot Sharq aviakompaniyasi Toshkentdan Seulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ygan edi. Parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Joriy yilning 1-martidan Janubiy Koreyaning Korean Air aviakompaniyasi Seul-Toshkent-Seul yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni to‘xtatdi. Parvozlar 2008-yilda boshlangan edi. Tashuvchi vakolatxonasining xabar berishicha, bu savdo hajmining pasayishi bilan bog‘liq.
My Freighter — Toshkentda joylashgan O‘zbekiston havo yuk tashuvchisi. Aviakompaniya 2019-yilda tashkil etilgan. 2023-yilda yuk aviakompaniyasi asoschilari Centrum Air brendi ostida faoliyat yurituvchi yo‘lovchi aviakompaniyasini yaratgan.
Qanot Sharq Airlines — O‘zbekiston tarixida xususiy kapital ishtirokidagi birinchi aviatashuvchi bo‘lib, u 1998-yilda o‘z faoliyatini boshlagan. O‘shanda kompaniya lizingga olingan Il-76 samolyotlaridan yo‘lovchilarni tashish va yuk tashishda tijorat xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalangan. 2021-yilda yo‘lovchi aviakompaniyasi sifatida faoliyatini tiklagan. U to‘rtta samolyotga ega — Airbus A320ceo va Airbus A321neo.
Air Samarkand — Samarqand xalqaro aeroportida joylashgan O‘zbekiston aviakompaniyasi. 2022-yil aprel oyida tashkil etilgan. Aviakompaniya parki Airbus A330, A321 va A321neo samolyotlaridan iborat.