Seshanba kuni kechqurun Eron 181 ta ballistik raketa uchirib, Isroilga katta hujum uyushtirdi. Butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Tel-Avivning barcha aholisiga signal e’lon qilinishidan oldin boshpanalarga joylashish tavsiya qilingan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) buni HAMAS yetakchisi Ismoil Haniya, “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh va IIQK qo‘mondoni Abbos Nilfrushanning “shahidligiga” javob deb atagan.
The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, Tel-Avivda uch kishi yaralangan. G‘arbiy sohilga raketa parchalari qulashi oqibatida bir kishi — G‘azo sektoridan kelgan ishchi halok bo‘lgan.
Isroil havo hujumidan mudofaa kuchlari o‘nlab raketalarni urib tushirgan, biroq bir qancha raketalar Tel-Aviv, Dimona, Nabatim, Xora, Xod Xasharon, Beyersheba va Rishon-Lezion shaharlarida qulagan.
Tel-Avivdagi Ben Gurion ayeroporti reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. Ba’zi samolyotlar muqobil ayerodromlarga ketishga majbur bo‘lgan. “Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, Uzbekistan Airways samolyoti hujum boshlanishidan avval xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Keyinroq ayeroport o‘z faoliyatini tiklagan. Mamlakatdagi barcha poyezdlar harakati to‘xtatilgan. Iordaniya va Iroq ham havo hududini yopgan.
Aprel oyi o‘rtalarida Eron Isroilga o‘nlab uchuvchisiz samolyotlar va qanotli raketalarni uchirgandi. IIQK bu zarbani Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirgan hujumi va oqibatda 7 nafar zobit halok bo‘lganiga javob, deya atagan. Isroil mudofaa kuchlari Eron 170 ga yaqin dron, 30 qanotli raketa va 120 ballistik raketani uchirgani va mamlakat hamda uning ittifoqchilari raketa va uchuvchisiz samolyotlarning 99 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan.
O‘tgan haftada Isroil tomoni Livandagi “Hizbulloh” nishonlari deb da’vo qilayotgan obyektlarga qarshi intensiv havo hujumlarini amalga oshirgandi. Bu vaqt ichida Livan bo‘ylab 600 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yana 90 ming kishi o‘z uylarini tark etgan.
O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi bayonoti
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi intensiv raketa otishmalari munosabati bilan vatandoshlarni shoshilinch xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Raketa hujumlari paytida tezlik bilan bomba boshpanalariga kirish, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib borish hamda Isroil front orti qo‘mondonligi bildirishnomalari va ogohlantirishlariga amal qilishlari so‘raldi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va O‘zbekiston elchixonasining aloqa ma’lumotlarini doimo o‘zlari bilan olib yurishlari tavsiya qilindi.
Agar shoshilinch yordam yoki maslahat kerak bo‘lsa, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasiga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilish mumkin: 03−672−2466, 03−672−2371, 03−758−5075, 03−758−5076. Elektron pochta: il.uzembassy@mfa.uz.