Isroil yaqin kunlarda Eronning raketa hujumiga “muhim javob zarbasi”ni beradi, deb yozadi Axios Isroil rasmiylariga tayanib.

Nishonlar Erondagi neft qazib olish va boshqa strategik obyektlar bo‘lishi mumkin. Nashr suhbatdoshlari, shuningdek, Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlarini yo‘q qilishni istisno qilmayapti.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil xavfsizlik vazirlari mahkamasi bir kun avval bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Eronga harbiy javobni muhokama qilgan, ammo yakuniy qaror qabul qilmagan, chunki Isroil hukumati “strategik oqibatlar” tufayli AQSh prezidenti ma’muriyati bilan maslahatlashmoqchi.

Eron hujumi haqida

1-oktabr kuni kechqurun Eron Isroil hududiga eng ommaviy raketa zarbalaridan birini berdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (EIQK) hujumni HAMAS yetakchilaridan biri Ismoil Haniya, “Hizbulloh” (Eronni qo‘llab-quvvatlovchi) harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh va EIQK qo‘mondonlaridan biri Abbos Nilfrushanning “shahidligi”ga javob deb atadi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron 180 dan 200 gacha ballistik raketalar uchirgan. Isroil va Amerika havo hujumidan mudofaa tizimlari ularning ko‘pchiligini ushlab olishga muvaffaq bo‘ldi, deb ta’kidlaydi Axios. Ushlanmaganlar asosan mamlakatning janubidagi Harbiy havo kuchlari bazasi, Tel-Avivdan shimolda joylashgan harbiy razvedka bazasi, shuningdek, “Mossad” shtab-kvartirasi yaqinidagi ochiq maydonlarga tushgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron harakatlarini katta xato deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berdi. “Eron rejimi o‘zimizni himoya qilish va dushmanlarimizdan o‘ch olishga bo‘lgan qat’iyatimizni tushunmayapti. Ular tushunib olishadi. Biz o‘zimiz belgilagan qoidaga rioya qilamiz: kim bizga hujum qilsa, biz unga hujum qilamiz”, — dedi o‘z murojaatida Netanyaxu.

Agar Isroil kuch bilan javob bersa, Eron yana yangi hujum bilan tahdid qildi. Isroil rasmiylari o‘shanda barcha variantlarni, shu jumladan Eronning yadroviy obyektlariga zarba berishni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Wall Street Journal arab amaldorlari orasidagi suhbatdoshlariga tayanib, Isroil Eronga o‘z hududidagi har qanday otishmalarga javob berish niyati haqida aniq ogohlantirishlar yuborganini yozadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Isroil Eronning yadroviy yoki neft obyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berishini aytgan.

Isroil Eronning yadroviy obyektlariga zarba berish ssenariysini ko‘rib chiqayotgani haqida amerikalik amaldorlar ham The New York Times nashriga ma’lum qilishdi. Xususan, gap Eron yadroviy dasturining yuragi bo‘lgan Netez shahridagi boyitish obyektlari haqida bormoqda.

CNN bilan suhbatlashgan tahlilchilarning fikricha, Isroil Eronning yadroviy obyektlarini an’anaviy harbiy hujum yoki “Hizbulloh” peyjerlari va ratsiyalarini portlatishda qo‘llanilgan kiberhujum bilan nishonga olishi mumkin.

“Isroil nima qilmasin, bu juda sezilarli bo‘lishi va qat’iy va muvaffaqiyatli ko‘rinishi kerak”, — dedi Avstraliya Strategik siyosat institutida mudofaa strategiyasi bo‘yicha katta tahlilchi Malkolm Devis.

AQShning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eron yadro quroli uchun yetarli miqdorda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun taxminan bir-ikki hafta vaqt sarflaydi. “Isroil nuqtai nazaridan, u Eronga yadroviy qurol olishga yo‘l qo‘ya olmaydi. Shubhasiz, Netanyaxuning kabinetida ushbu yadroviy obyektlarga hujum qilish va aslida Eronning yadroviy qurol dasturini ortga qaytarish uchun kuchli bosim bo‘ladi,” — dedi Devis CNN telekanalida.

Tehron, shu bilan birga, “bir oz vazminlik” bo‘lishiga umid qilmoqda, deb hisoblaydi Chatham House (Buyuk Britaniya) tahliliy markazining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha dastur direktori Salam Vakil.

“Eron o‘zining mudofaa pozitsiyasida ekanligini, „Hizbulloh“ tahdid ostida ekanligini va Isroilga qarshi kurashish uchun an’anaviy imkoniyatlarga ega emasligini juda yaxshi tushunib, ba’zi qizil chiziqlarni o‘rnatishga harakat qilmoqda,” — deya qo‘shimcha qildi Vakil.