Qirg‘izistonda O‘zbekistonga eksport qilinishi tufayli go‘sht keskin qimmatlashdi, deb yozdi “Akchabar” Qirg‘iziston Antimonopoliya xizmatiga tayanib.
sentabr oyida Qirg‘iziston bozorlarida go‘sht narxining keskin o‘sishi kuzatildi, bu iste’molchilarni ham, davlat idoralarini ham xavotirga soldi, deb yozdi nashr. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust va sentabr oylarida mol go‘shti narxi 6,76 foizga oshgan.
Avgust oyida mol go‘shtining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 570,23 so‘m (86,4 ming o‘zbek so‘mi) etib belgilangan bo‘lsa, sentabr oyidayoq bu ko‘rsatkich 650 so‘mga (98,5 ming so‘m) yetgan.
Avvaliga tashkilot narxlarning oshishiga sentabrdagi an’anaviy to‘y mavsumi va ozuqa yetishmasligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq hozirda Antimonopoliya xizmati vakillarining qayd etishicha, O‘zbekistonga va undan keyin Tojikistonga go‘sht eksportining sezilarli darajada oshgani asosiy omil bo‘lgan.
“Hozirda katta hajmdagi go‘sht O‘zbekistonga, u orqali Tojikistonga ketmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunga javoban respublikadan go‘sht olib chiqishga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qildi”, — dedi Antimonopoliya xizmatining tartibga solinadigan sohalar bo‘limi boshlig‘i Sirgak Omorov “Akchabar"ga.
Go‘sht eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiq o‘tgan hafta bekor qilindi. Qayd etilishicha, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Antimonopoliya xizmatining birgalikdagi faoliyati natijasida narxlar pasaytirilgan. Agar sentabr oyi boshida o‘sish deyarli 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, hozir narxlar avvalgi darajasiga qaytdi, deyiladi xizmat xabarida.
Bo‘lim mutaxassislari tomonidan bozorlar monitoringi olib borilmoqda, savdogarlar va go‘sht sotuvchilar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilmoqda.
10-sentabr kuni Suv xo‘jaligi va sanoat vazirligi go‘sht narxining oshishi chorvachilik eksporti bilan bog‘liq emasligi haqida ma’lumot tarqatdi. 11-sentabr kuni Antimonopoliya xizmati go‘sht narxi asosan mahsulotlarni xorijga eksport qilish hisobiga oshganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan ichki bozorda taklif qisqargan va tannarx ko‘tarila boshlagan.
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston Qirg‘izistondan 11,9 million dollarlik 61 ming donadan ortiq tirik qoramol olib kelgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 barobar ko‘p (6,4 million dollarga 12,8 ming dona).
2023-yilda O‘zbekiston 28,3 million dollarga 101,3 ming bosh chorva mol import qilgan, bu 2022-yilga (16,9 million dollarga 20 mingdan ortiq) nisbatan 5 barobar ko‘p.
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-avgust oylarida qoramol go‘shtining umumiy importi 206,9 million dollarga 58,4 ming tonnani tashkil etgan, bu o‘tgan yilning sakkiz oylik ko‘rsatkichidan (144.6 million dollarga 34,6 ming tonna) 1,5 barobar ko‘p.
Tovuq go‘shti importi 18,3 foizga — 29,3 ming tonnadan 34,6 ming tonnaga, qo‘y go‘shti — 4,5 ming tonnadan 6,1 ming tonnaga (+35 foiz) oshgan. Tovuq go‘shti importi 42 million dollarni, qo‘y go‘shti 16,4 million dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda go‘sht tannarxi yuqori sur’atlarda o‘sishda davom etmoqda: mol go‘shti sentabr oyida 3,1 foizga (avgustda — 5,3 foiz), qo‘y go‘shti — 2,8 foizga (avgustda — 4,9 foiz) qimmatlashgan. Yil boshidan buyon mol go‘shti 11,3 foizga, qo‘y go‘shti 11,9 foizga oshgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2-oktabr kuni Toshkent shahridagi “Eski juva” (Chorsu) bozorida mol go‘shtining o‘rtacha narxi 60−70 ming so‘m, qo‘y go‘shtiniki 65−70 ming so‘mni tashkil qilgan.