Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 134-maktab hududida futbol darvozasiga osilgan yigit ustiga darvoza to‘sini qulashi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17 yoshli o‘quvchi 27-sentabr kuni tunda 4 nafar sinfdoshi bilan maktabga futbol o‘ynagani borgan.

“Ular o‘yindan so‘ng ketmoqchi bo‘lib turishganda, yigit futbol darvozasiga osilgan, muvozanatni ushlolmay chalqancha yiqilgan. Yigit uning ustiga tushgan darvoza tagida qolib ketgan”, — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, o‘quvchilar futbol darvozasini yigitning ustida ko‘tarib, “tez yordam” chaqirgan. Tez tibbiy yordam mashinasi 40 daqiqada voqea joyiga yetib kelgan. Bu vaqtda yigitning otasi ham chaqirilgani aytiladi. Bemor yarim tunda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining jonlantirish bo‘limiga olib ketilayotganda vafot etgan.

Unga qorin yopiq jaroxati, jigar yorilishi, jigar venasi uzilishi, ichki qon ketishi, travmatik shok tashxisi qo‘yilgan. Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deya izoh berdi Bosh prokuratura.