Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni persona non grata deb e’lon qildi va uning mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda u X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
“Dunyoning deyarli barcha mamlakatlari kabi Eronning Isroilga jirkanch hujumini qat’iy qoralay olmaydigan har qanday odam Isroil tuprog‘iga qadam qo‘yishga loyiq emas”, — deb yozdi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish, shuningdek, 2023-yil 7-oktabrda HAMAS jangarilarining Isroilga hujumini ham qoralamagan va harakatni terrorchi tashkilot deb e’lon qilish uchun hech qanday harakat qilmagan.
Isroil tashqi ishlar vazirining ta’kidlashicha, BMTning amaldagi bosh kotibi “terrorchilar, zo‘ravonlar va qotillarni qo‘llab-quvvatlagani uchun tashkilot tarixida dog‘ bo‘lib qoladi”.
“Isroil, Antoniu Guterrish bilan yoki usiz, o‘z fuqarolarini himoya qilishni va milliy qadr-qimmatini saqlab qolishni davom ettiraveradi”, — deya postini yakunlagan Kats.
1-oktabr kuni kechqurun Eron Isroilga raketa hujumi uyushtirganidan so‘ng, Guterrish Yaqin Sharqda mojaroning kuchayishini qoralab, o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib tvit yozdi. U tvitda na Eronni, na Isroilni tilga oldi.
Eslatib o‘tamiz, 1-oktabr kuni kechqurun Eron Isroil hududiga eng ommaviy raketa zarbalaridan birini berdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (EIQK) hujumni HAMAS yetakchilaridan biri Ismoil Haniya, “Hizbulloh” (Eronni qo‘llab-quvvatlovchi) harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh va EIQK qo‘mondonlaridan biri Abbos Nilfrushanning “shahidligi”ga javob deb atadi.