Oliy Majlis Senatining 30-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Transport vaziri Ilhom Mahkamov temir yo‘l transporti sohasida xizmat ko‘rsatish sifati va aholining harakatchanlik darajasini oshirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida so‘zladi.
Senator Anvar To‘ychiyevning aytishicha, yangi qonunga muvofiq (o‘sha majlisda ma’qullangan) tashuvchilar, vagon (konteyner) operatorlari, davlat maydonlaridan umumiy foydalaniladigan temir yo‘l transporti infratuzilmasi operatorlari va temir yo‘l stansiyalari davlat uchun taqdim etilgan dividendlarni agar temir yo‘l transporti obyektlarini rivojlantirishga yo‘naltirsalar, ularni o‘z ixtiyorida saqlashlari mumkin.
Bundan tashqari, narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan muntazam poyezdlar bilan ichki tashishlarda ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun davlat budjetidan 1,7 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda (yo‘lovchilarni tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlarda tashish bundan mustasno).
Senat a’zosi transport departamentidan ushbu mablag‘lar qanday sarflanishi rejalashtirilayotganini so‘radi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘ yetishmovchiligi hisobiga shu paytgacha asosiy fondlarni o‘z vaqtida modernizatsiya qila olmayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda kompaniya asosiy fondlarining 18 foizgacha qismi eskirgan, bu jahon miqyosida belgilangan o‘rtacha 5 foiz miqdordan ancha yuqori. Yig‘ilgan mablag‘ hisobidan yangi yuk va yo‘lovchi vagonlarini xarid qilish va ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
““O‘zbekiston — 2030″ rivojlanish strategiyasida temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchi tashishni rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi. Bunga asosan temir yo‘llarni elektrlashtirish darajasini 65 foizga yetkazish, 1000 taga yaqin yo‘lovchi tashuvchi vagon, 5000 ta yuk vagonlarini ishlab chiqarish, Janubiy Koreyadan 6 ta tezyurar poyezd, shuningdek, yo‘lovchilar uchun 30 ga yaqin elektropoyezd xarid qilishimiz kerak. O‘ylaymanki, sof foydaga erishgandan so‘ng ushbu dividendlarning to‘lanmasligi, shuningdek, Moliya vazirligi tomonidan yo‘lovchi tashishdan ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash orqali mablag‘larning barchasi asosiy vositalar va poyezdlarni yangilashga yo‘naltiriladi”, — dedi u.
Senator Abdurahim Erkayevning aytishicha, aholi xizmatlarning chiptalar narxiga mos kelmaydigan sifatidan noroziligini bildirmoqda. U xizmatlar narxining shaffof va ochiqligi bor-yo‘qligi, bu jarayonda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakillari, deputatlar, senatorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan yoki yo‘qligi haqida savol berdi.
Senat a’zosi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z maqomidan kelib chiqib, “narxlarni belgilashi” mumkin bo‘lgan monopol pozitsiyasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Masalan, „Afrosiyob“ poyezdida Qarshi-Toshkent yo‘nalishidagi chipta (338−507 ming so‘m) xususiy aviakompaniya chiptalaridan qimmatlashdi. Poyezd chiptasi narxi hech qachon aviachipta narxidan yuqori bo‘lmagandi shu paytgacha. Temiryo‘lda tariflar bir yilda ikki marta oshdi. Erkin narxlarni tartibga solish sifatga ta’sir qildimi? Yo‘lovchilarning fikri ijobiy emas”, — dedi u.
Transport vaziri bunga javoban “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining barcha tariflari Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi bilan birgalikda kompaniyaning monopol pozitsiyasini hisobga olgan holda hamda xizmatlar narxidan kelib chiqqan holda kelishiladi, deya javob berdi.
Yangi qonunga ko‘ra, tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxi bozor tamoyiliga asoslangan bo‘ladi, biroq davlat oddiy poyezdlar narxlari ustidan nazoratni saqlab qoladi, bu esa eski tartib bo‘yicha tasdiqlanadi.
Ilhom Mahkamov O‘zbekistonda vagonlarning o‘rtacha xizmat qilish muddati 30 yilga yaqinlashib qolganini ma’lum qildi. Bugungi kunda kompaniya ularni modernizatsiya qilib, harakat tarkiblarini yangilamoqda.
Uning aytishicha, kupe va ikkinchi toifali vagonlarni yangilash, shuningdek, harakat davomiyligi 5 soatgacha bo‘lgan yo‘nalishlar uchun o‘rindiqli elektropoyezdlarni xarid qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston qo‘shimcha ravishda Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan 6 ta tezyurar poyezd xarid qilmoqda, shuningdek, Shveysariyaning Stadler kompaniyasidan ikkita poyezd sotib olishni rejalashtirmoqda.
Yil oxiriga qadar Buxoro-Urganch-Xiva temiryo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasini yakunlash kutilmoqda.
“Qonun operator, tashuvchi zimmasiga yo‘lovchiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini [ta’minlash] majburiyatini yuklaydi. Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi va bizning [Transport] inspeksiya chipta narxiga kiritilgan sifat ko‘rsatkichlariga rioya qilinmasa, operatorga nisbatan chora ko‘rishi mumkin. Ichki turizmni rivojlantirish sohasida Transport vazirligi va „O‘zbekiston temir yo‘llari“ aksiyadorlik jamiyati zimmasiga aholining mobilligini va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish vazifasi yuklatilgan”, — dedi Transport vazirligi rahbari.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati raisi Zufar Narzullayev “Afrosiyob” poyezdlari biron yil daromad bilan ishlamagani, 2023-yilda tashuvdan 238 mlrd so‘m zarar ko‘rilganini qo‘shimcha qildi. “Jahon miqyosida tezyurar poyezd chiptalari narxi har doim samolyot chiptalaridan yuqori bo‘lgan”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaning Rotem va boshqa yuqori tezlikda yuradigan poyezdlarda narxlar kelajakda samolyot chiptalari narxini belgilashdagi kabi dinamik bo‘ladi va talabga qarab o‘zgaradi. Tizim 1-yanvardan ishga tushirilishi rejalashtirilgan, dedi u.
Avvalroq UTY tuzilmasi tarkibiga kiruvchi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi 2018−2022-yillarda poyezd chiptalari narxi o‘zgarmaganini ma’lum qilgandi. 2023−2024-yillarda “Afrosiyob” poyezdlari narxi 2,4 baravarga, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” poyezdlari 1,6 baravar, boshqa poyezdlar narxi 1,3 barobarga oshdi.