O‘zbekiston Shveysariyaning Stadler kompaniyasidan ikkita poyezd sotib olish niyatida. Bu haqda 30-sentabr kuni Senat yig‘ilishida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi poyezdlar mamlakat temir yo‘llarida sinovdan o‘tkaziladi, so‘ngra ushbu poyezdlarning katta partiyasini sotib olish imkoniyati bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Transport vazirligi rahbari 13-sentabr kuni Stadler Rail kompaniyasining MDH davlatlari bo‘yicha raisi Aleksandr Luft bilan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni muhokama qilgandi.

Unda tomonlar hamkorlikning potensial yo‘nalishlarini, jumladan, elektropoyezdlarni xarid qilish, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, xarid qilinadigan mahsulotlarni O‘zbekistonda mahalliylashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

stadler, илҳом маҳкамов, poyezdlar, temir yo‘l

Muzokaralar yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi yo‘lovchi temir yo‘l tarmog‘i ehtiyojlariga muvofiq kompaniyaning potensial imkoniyatlarini va Stadler MDH ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning har bir segmenti uchun kompaniyaning narx siyosatini batafsil o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

2019-yilda Stadler “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan O‘zbekistonda yengil vagonlar ishlab chiqarish, shuningdek, ularni Markaziy Osiyo mamlakatlariga kelgusida eksport qilish masalalarini muhokama qilgan.

Kompaniya “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 34 ta elektropoyezd sotib olish bo‘yicha tenderda ham ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan ham 6 ta tezyurar poyezd xarid qilmoqda va Chexiyaning Skoda kompaniyasidan 30 ta elektropoyezd xarid qilishni rejalashtirmoqda. Buning uchun davlat kafolati ostida 535 mln yevro miqdorida kreditlar jalb etiladi.

Stadler Rail Shveysariya temir yo‘l harakat tarkibi ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, uning asosiy e’tibori mintaqaviy poyezdlar va tramvaylarga qaratilgan. Bosh ofis Shveysariyaning Busnang shahrida joylashgan. Xolding kompaniyasi Jazoir, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Avstriya, Polsha, Shveysariya, Ispaniya, Chexiya, Vengriya, Belarus va AQShda joylashgan to‘qqizta shu’ba korxonalaridan iborat.