Vazirlar Mahkamasining “Turizmning yangi turlarini joriy qilish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [582-sonli] qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinadi:

  • mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
  • oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, tog‘ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, tog‘ releflari bo‘yicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
  • ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
  • harbiy tarix va faoliyat bilan bog‘liq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
  • mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, Hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni o‘z ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.

Turizmning yangi turlarini joriy etishga, shu jumladan, obyektlar ro‘yxatini shakllantirish, ularga kirish-chiqish tartibini ishlab chiqish, ularda pulli va bepul ko‘rsatiladigan xizmatlarni belgilash, tushayotgan mablag‘lardan samarali foydalanishga quyidagilar mas’ul etib belgilandi:

  • sanoat turizmi bo‘yicha — Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi;
  • geologiya turizmi bo‘yicha — Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi;
  • ilmiy turizm bo‘yicha — Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi;
  • harbiy turizm bo‘yicha — Mudofaa vazirligi;
  • davlat-boshqaruv turizmi bo‘yicha — Adliya vazirligi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Savdo-sanoat palatasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda yuqorida ko‘rsatilgan yangi turizm turlari bo‘yicha obyektlar ro‘yxati, ularga kirish-chiqish tartibi va xizmatlardan foydalanishni nazarda tegishli idoraviy hujjat qabul qilishi belgilandi.

Mudofaa vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab mahalliy va xorijiy turistlarga quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi:

  • “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf”, “Qurolli Kuchlar” davlat muzeylari va hududlardagi “Vatanparvarlar” bog‘larida harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan bevosita tanishtirish;
  • Mudofaa vazirligining Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosida yo‘lga qo‘yish.

2025-yil 1-oktabrdan boshlab ichki turizm infratuzilmasi bo‘yicha aholi hamda turistlarning xabardorligini ta’minlash imkonini beruvchi, shuningdek, quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi Tourist map interaktiv portali sinov tariqasida Samarqand shahrining xalqaro aeroportida ishga tushiriladi:

  • aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish va shu kabi joylar hamda ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot taqdim etish;
  • aholi va turistlarning sayohat qilish muddati va qiziqishidan kelib chiqib, sayohat rejasini tuzib berish va matritsali shtrix kod (QR-kod) orqali mobil qurilmasiga o‘tkazib olish imkoniyatini yaratish;
  • turistlar oqimi yuqori bo‘lgan davlatlar tillarida axborot berish hamda tegishli hududning xaritasi namoyish etib borish.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bir oy muddatda tajriba o‘tkazish davrida aeroport, temir yo‘l vokzallari hamda chegara o‘tish punktlarida turistlarga bir oy faol turistik sim-kartalarni mobil aloqa operatorlari tomonidan bepul berish amaliyoti joriy qilinadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Transport vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-oktabrga qadar:

  • Tourist map interaktiv portalini yaratish ishlarini yakunlash hamda Samarqand shahrining xalqaro aeroportida interaktiv portal uskunalari joylashtirilishini ta’minlaydi;
  • Tourist map interaktiv portali uskunalari atrofida bepul Wi-Fi zonalarini tashkil etadi;
  • Tourist map interaktiv portalining mobil ilovasini ishga tushiradi.

Tourist map interaktiv portali va uning mobil ilovasini ishlab chiqish, ishga tushirish, keyinchalik funksional imkoniyatlarini kengaytirish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda interaktiv portal uskunalarini xarid qilish, saqlash va ta’mirlab borish xarajatlari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Turizm qo‘mitasi tajriba yakunlari bo‘yicha iqtisodiy, moliyaviy va turistik tahlillarni amalga oshiradi va uning asosida Tourist map interaktiv portalini mamlakatning boshqa turizm oqimi yuqori bo‘lgan hududlarning aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallarida ishga tushirish yuzasidan 2026-yil 1-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritadi.

Turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, transport-logistika sohasini va biznes jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida 2024-yil yakuniga qadar:

  • Transport vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish xizmatlarini ko‘rsatuvchi mahalliy va xorijiy kompaniyalar (Hertz, Avis, Sixt kabi) faoliyatini mamlakatning aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida yo‘lga qo‘yish uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda hududlar bo‘yicha turistik yo‘nalishlar va obyektlarni qamrab oluvchi ro‘yxatni shakllantirib, Apple va Google xalqaro xaritalarga taqdim etilishini va muntazam ravishda reyestri yangilab borilishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, 2024-yil yakuniga qadar Markaziy bankka Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro onlayn to‘lov kompaniyalari (Paypal, Alipay, UniPay, Apple Pay, Google Pay kabi) bilan muzokara o‘tkazib ushbu vositalarni O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari va bank xizmatlariga ulashni yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda, milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Toshkent viloyati hokimligiga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi va yangilangan 2025−2027-yillarda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish topshirildi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilandi:

  • Toshkent viloyatida ichki turizmni iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i sifatida rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli kompleks rivojlantirish rejasini belgilash;
  • turistik-rekreatsion zonalarda davlat-xususiy sheriklik va klaster yondashuviga asoslangan kompleks infratuzilma loyihalarini amalga oshirish;
  • turistlarning uzoq muddatga qolishi va takroran kelishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, tuman (shahar)larni o‘zaro bog‘lovchi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqish;
  • har bir hududda turizm obyektlariga olib boruvchi yo‘l ko‘rsatkichlar (navigatsiyalar)ni ishlab chiqish orqali turistlarga qulayliklar yaratish;
  • hududlarning tabiiy holatini hamda qishloqlarning asl qiyofasini saqlagan holda, sayyohlarni milliy madaniyat va qadriyatlar bilan tanishtirish.

Qaror 2024-yil 26-sentabrda kuchga kirdi.