Rossiya qo‘shinlari Donetsk viloyatining janubi-g‘arbidagi Ugledarni egallab oldi. Ukraina mudofaa kuchlari qamal xavfi tufayli shahardan chiqib ketganini rasman tasdiqladi. Aholi punkti uchun janglar so‘nggi ikki yildan beri davom etmoqda.
“Uzoq davom etgan janglarda ko‘plab yo‘qotishlarga uchragan dushman Ugledarni egallashga urinishdan to‘xtamadi. Shaharni har qanday holatda ham nazorat ostiga olishga urinib, u Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarining mudofaasini zaiflashtirgan qanot hujumlarini amalga oshirish uchun zaxiralarni yuborishga muvaffaq bo‘ldi. Dushman harakatlari oqibatida shaharning qurshab olinishi xavfi tug‘ildi. Oliy qo‘mondonlik shaxsiy tarkib va harbiy texnikani saqlab qolish, keyingi harakatlar uchun pozitsiyani egallash maqsadida Ugledardan bo‘linmalarni olib chiqish bo‘yicha manevr o‘tkazishga ruxsat berdi”, — deyiladi “Xortitsa” tezkor-strategik kuchlar guruhi bayonotida.
Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilariga ko‘ra, Ugledarning qo‘lga olinishi “g‘arbiy Donetsk viloyatidagi hujum operatsiyalari yo‘nalishini tubdan o‘zgartirishi dargumon, chunki shahar muhim logistika markazi emas”. ISW hisobotida, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari Ugledarga olib boradigan asosiy yo‘llarning aksariyatini 1-oktabrgacha ham nazoratda ushlagani va frontning bu qismida allaqachon Ukraina logistikasiga “ma’lum darajada” to‘sqinlik qilib kelgani aytiladi.
ISW’ning ta’kidlashicha, Rossiya 2022-yil oktabr-noyabr va 2023-yil yanvar-fevral oylarida Ugledarni qo‘lga olish uchun kamida ikkita yirik hujumga uringan, biroq ular shaxsiy tarkib va harbiy texnikada katta yo‘qotishlarga olib kelgan.
Financial Times avvalroq Rossiya Ugledar orqali Ukraina pozitsiyalarini chetlab o‘tib, boshqa yirik shaharlarga yo‘l ochadigan Donetsk viloyatidagi muhim strategik maqsad bo‘lmish Pokrovsk tomon oldinga siljishga urinayotgani haqida yozgan edi. Rossiya qo‘shinlari so‘nggi ikki oy ichida Pokrovskdagi hujumlarini kuchaytirgan.
Biroq, ISW’ning ta’kidlashicha, Ugledar Pokrovskdan taxminan 30 km janubda joylashgan va rus qo‘shinlari Pokrovsk yo‘nalishidagi hujum operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ochiq joylarda manevrlar qilishi kerak.
Donetsk viloyati harbiy boshqarmasi rahbari Vadim Filashkinning aytishicha, Ugledarda hali 107 nafar aholi qolmoqda. Urushdan oldin u yerda 14 mingga yaqin odam yashagan. Rossiya hujumlari paytida shahar butunlay vayron bo‘lgan va “tashlandiq va vayrona jang maydoniga” aylangan, deb yozadi Reuters.
Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha shaharning egallab olinishiga izoh bermadi.