O‘zbekiston 3−4-oktabr kunlari asosan past bosimli atmosfera sohasi, 5-oktabrdan esa Kaspiy dengizi orqali kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimlari ta’sirida bo‘ladi.

Manba: meteoinfo.ruManba: meteoinfo.ru

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 3-oktabr kuni respublikada asosan quruq, yog‘ingarchiliksiz, ayni oktabr oyi boshlari iqlimi uchun belgilangan me’yordan biroz yuqori havo harorati kutiladi. Janubiy viloyatlarda havo harorati maksimumi +35 daraja, shimoliy va boshqa viloyatlarda esa +30 darajagacha ko‘tariladi. Tunda +10…+15 daraja, tog‘larda +5 darajagacha salqin harorat kuzatiladi.

Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin — biroz bulutli havo hisobiga kunduzi havo harorati boshqa hududlarga nisbatan biroz salqin bo‘lishi mumkin.

ob-havo ma’lumоти, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдулаҳатов

“O‘zgidromet” 4−6-oktabr kunlari asta-sekin nam havo oqimlari kirib kelishini ma’lum qilgan. 4-oktabr kuni shimoliy hududlarda, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida biroz yog‘ingarchilik, 5−6-oktabr kunlari esa respublikaga g‘arbdan sharqqa nam havo oqimlari harakatlanishi tamoyili bilan vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik kuzatiladi. 6-oktabr kuni baland tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi joriy mavsumdagi ilk qor yog‘ishi hodisalariga guvoh bo‘lishi mumkin.

Sinoptiklar 6-oktabr kuni Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida hamda tog‘li hududlarda ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilishini ta’kidlamoqda. Ayni vaqtda, bu kunlarda hududlarda havo haroratining sezilarli darajada pasayib ketishi kuzatilmaydi. Ammo dam olish kunlari shimoliy mintaqalar va tog‘larda tungi harorat munimumlari +5 darajagacha pasayishini prognoz qilish mumkin. Boshqa hududlarda tunda +7…+12 daraja iliq, kunduzi esa +20 darajadan yuqori bo‘ladi.

ob-havo ma’lumоти, ob-havo prognozи, ob-havo шарҳи, эркин абдулаҳатов

Nam havo oqimlari kirib kelishi kutilayotgan 4−5-oktabr kunlari cho‘l hududlarida va janubiy viloyatlarda kuchli shamollar va chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin.


Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri

Haftaning ish kunlari joylarda atmosfera bosimining asta pasayishi, kuzgi sokin ob-havo muhiti kuzatiladi. Ayni vaqtda, atmosferada kuzgi haroratning noodatiy yuqorilashi havoda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, lekin ko‘pchilikning salomatligiga ta’sir etadigan darajada xavfli bo‘lmaydi. Umuman, ish kunlari kuzatiladigan havo o‘zgaruvchanligi inson salomatligiga deyarli ta’sir ko‘rsatmaydi, ammo dam olish kunlari unday emas.

Siklonal omil ta’siri

Dam olish kunlari atmosfera bosimidagi tebranishlar, keyinroq siklonal (nam yomg‘irli) jarayonlar ob-havo o‘zgarishiga ta’sirchan kishilar salomatligiga ta’sir qilishi mumkin. Nam havo oqimlarining kirib kelishidan oldin atmosfera bosimining keskin pasayib borishi, tungi haroratning biroz ortib, havoda namlik ko‘payishi siklonal muhitni beradi. Qon bosimi, nafas olish tizimi buzilishi, buyrak va yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar bu jarayonlarni nisbatan kuchli his qiladi — ularda nafas olishning qiyinlashishi, nafas qisishi, havoning yetishmasligi va umumiy zaiflik kuzatiladi.

Tavsiyalar. Siklon payti qon bosimini doimiy kuzatib turish kerak. Ko‘p miqdorda suv ichish, yengil dush, tinch va uzoqroq uyqu, shuningdek, tongda kofe ichish tavsiya etiladi. Atmosfera bosimi past bo‘lgan vaqtda umumiy salomatlik uchun limon o‘tlari yoki ginseng (jenshen) damlamasi ichish mumkin.

Serotonin gormoni yetishmasligi

Havo ayniganida, kuzgi hazonrezgilik vaqti, tinimsiz yomg‘ir yoqqanida, quyosh nurining inson tanasiga ta’siri kamayishi fonida “baxt gormoni” — serotoninning yetishmasligi bilan bog‘liq fizio-boilogik jarayon yuz beradi. Bu holat ba’zida xavfli bo‘lib, kishi tushkunlikka ham tushib qolishi mumkin.

5-oktabr kuni respublikaning markaziy hududlaridagi viloyatlarda, 6-oktabr Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida yomg‘irli ob-havo muhitida aholida serotonin darajasining pasayishi kuzatilishi mumkin. Shifokorlar bunday paytda (havoda) uyda yolg‘iz o‘tirish depressiyani kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Tavsiyalar. Serotonin gormonini normallashtirish uchun shifokor ko‘rsatmasi asosida vitaminlar ichish tavsiya etiladi.

Bioiqlimiy sharoitlar

Kuzda havo haroratining kun davomida o‘zgarib turishi odamlarni kiyim tanlash masalasida ikkilantirib qo‘yadi. Tungi va tonggi salqinlik issiqroq kiyinishni talab etsa, kunduzgi zarrin quyosh nurlari ta’siridagi muhit yengilroq kiyinishga undaydi. Bu holat, o‘z-o‘zidan, ko‘pchilikda kiyinish borasida ikkilanishlar, tashqi muhit uchun to‘g‘ri kiyim tanlay bilmaslik va oqibatda turli mavsumiy kasalliklarga chalinish ehtimolini oshirib yuborishi mumkin.

Joriy haftaning so‘nggi ish kunlari O‘zbekistonning yirik shaharlari aholisi ishga va boshqa yumushlariga bemalol yengilroq kiyinib borishi mumkin. Hatto kechki va tungi vaqtlarda ham “komfort” bioiqlimiy muhit kishilarni qalin kiyinishga bo‘lgan ehtiyojini kamaytiradi. Tog‘lar, shimoliy hududlar va ayrim tog‘ etaklarida esa kechki, tungi va tonggi sovuq haroratlar kishilarni qalinroq kiyinishga undaydi.

Dam olish kunlari nam havo oqimlari shamollar bilan O‘zbekiston hududiga kirib kelish fonida tana sovuqni his qila boshlaydi. Shu bois, masalan, yakshanbada kunduz kuni ham qalinroq kiyinish va (yog‘ingarchilikdan himoyalanish uchun) soyabon olib yurish tavsiya etiladi. Dam olish kuni ko‘pchilik hududlarda haqiqiy kuz manzarasini kuzatishi, tabiatdan estetik zavq olishi mumkin.

Kosmik ta’sirlar

So‘nggi paytlarda kuchli magnit bo‘ron qo‘zg‘alishlari aholida boshog‘riq, peshona va orqa miya tirishishi, ko‘ngil aynishi, qon bosimi o‘zgarishi kabi holatlarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Afsuski, magnit bo‘ronlarining aholi salomatligiga ta’siri tibbiyot tomonidan hali to‘liq o‘rganilganicha yo‘q.

Magnit bo‘ronlarini prognozlash bo‘yicha bir qator xalqaro modellariga ko‘ra, O‘zbekistonda 5-oktabrga qadar magnit bo‘ronining kuchli qo‘zg‘alishlari bilan bog‘liq xavf mavjud emas. Ayni damda, 2-oktabr kuni Quyoshda Toshkent vaqti bilan 3:20 da yuz bergan X7.1 sinfli kuchli chaqnashdan ajralib chiqqan quyosh plazmasi 5-oktabr, shanba kuniga o‘tar kechasi Yer magnitosferasiga kelib urilishi va sayyorada kuchli va davomli magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi kutilmoqda.

Manba: xras.ruManba: xras.ru

Agar Quyosh fotosferasida yuz bergan kuchli chaqnash Yerga yetib kelsa, shanba kuni O‘zbekistonning katta qismida istiqomat qiluvchi aholi ham siklonal, ham kuchli magnit bo‘ronidan ta’sirlanishi mumkin.

Tavsiyalar. Magnit bo‘roniga ta’sirchan aholi qatlami bo‘ron vaqti jismoniy zo‘riqishlardan qochishi, ko‘proq dam olishi, ortiqcha ovqatlanmasligi, spirtli ichimliklar ichishdan tiyilishi maqsadga muvofiqdir. Shifokorlar bunday paytda ko‘proq suv iste’mol qilishni ham tavsiya etadi.

Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi

Kuz-qish mavsumidagi tabiiy ob-havo muhiti O‘zbekistonning aksariyat hududlari havosida mayda dispers zarrachalar miqdorining ortishiga sabab bo‘ladi. Bu yirik shaharlarda ko‘proq antitsiklon jarayonlarning ortishi, qishki tinch ob-habo muhiti sharoiti bilan tushuntiriladi. Masalan, Toshkentda havoni ifloslantiruvchi mayda dispers zarrachalarining xalqaro standartlar bo‘yicha “zararli” tasnifga ega darajasi butun 2023-yil davomida jami 26 kun kuzatilgan bo‘lsa, shundan 19 kuni yanvarda qayd etilgan. Fevral-sentabr oylarida birorta ham bunday kun bo‘lmagan.

Manba: Ekologiya vazirligiManba: Ekologiya vazirligi

Atmosfera havosi ifloslanishi bo‘yicha vaziyat respublikaning turli shaharlarida turlicha va bu ob-havo omiliga uzviy bog‘liq. Shamol tezligi yuqori bo‘lgan shaharlarda sanoat korxonalari, issiqxonalar, yonilg‘i resurslari yonishi, avtomobillardan chiqayotgan ifloslanish va tabiiy chang omili natijasida havoda muallaq qolayotgan tashlamalar shamol ta’sirida shahardan tashqariga chiqib ketadi.

Shu kabi tabiiy omillar bo‘yicha prognoz qilinsa, joriy hafta so‘ngida hududlarda nam havo oqimi kirib kelishidan oldingi muddatlarda (4−5-oktabr kunlari) havoda mayda dispers chang zarrachalari ortib ketishi kutilmoqda. Cho‘l hududlar va janubiy viloyatlarda esa frontoldi shamollari chang to‘zonlarni keltirib chiqarishi va havoda aynan chang omili hisobiga kuchli ifloslanish yuz berishi mumkin.

Bunday paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.