O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-sentabrdagi qarori bilan Qirg‘iziston hukumati bilan Issiqko‘ldagi to‘rtta pansionatni Toshkentga berish to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning 18-iyul kuni Toshkentga tashrifi chog‘ida imzolangan bitim ko‘l bo‘yidagi dam olish maskanlariga egalik qilish huquqini tartibga solishga, shuningdek, ularning kelgusida ishlashini ta’minlashga qaratilgan. Qirg‘iziston tomoni hujjatni 23-sentabr kuni tasdiqladi.

Ro‘yxatga “Markaziy Osiyoning oltin qumlari” (“Zolotыye peski Sentralnoy Azii”, sobiq “Bostery”), “Rohat-NBU” (sobiq “Raxat”), “Dilorom” (sobiq “Enasoy”) hamda qurilishi tugallanmagan “Bo‘ston” pansionatlari kiritilgan.

Hujjatga ko‘ra, obyektlarga egalik qilish huquqi O‘zbekistondagi kompaniyalarga uzoq muddatli foydalanish uchun, yer esa ijara asosida beriladi.

  • “Oltin qumlar” pansionati “Toshkent mexanika zavodi”ga topshiriladi;
  • “Dilorom” pansionati “Asakabank”ka o‘tkaziladi;
  • “Rohat” pansionati O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga (O‘zmilliybank) beriladi;
  • “Bo‘ston” nomli qurilishi tugallanmagan obyekt “O‘zsanoatqurilishbank”ka o‘tkaziladi.

Mulk huquqi rasmiylashtirilgandan so‘ng, banklar va zavod xalqaro standartlar bo‘yicha kamida uch yulduzli mehmonxona komplekslarini yaratish uchun obyektlarni rekonstruksiya qilishni yakunlashi kerak. Shundan so‘ng ular obyektlarni uchinchi shaxslarga berishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston tomoni boshqa shaxslarga nisbatan obyektlarni ularning bozor qiymatida sotib olishda imtiyozli huquqqa ega.

Bundan tashqari, pansionat xodimlarining kamida 80 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lishi, Qirg‘iziston fuqarolarining plyaj zonalariga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlashi, shuningdek, obyektlarga biriktirilgan yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun soliq, soliq bo‘lmagan va boshqa to‘lovlarni, ijara to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashi kerak.

Foto: Qirg‘iziston davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi.

Dastlab har bir obyekt uchun investitsiyalarning taxminiy miqdori 15−20 million dollarni tashkil etadi.

Pansionatlar O‘zbekiston davlat kompaniyalariga tegishli edi, ammo 2016-yilda Qirg‘iziston hukumati sobiq bosh vazir Temur Sariyev boshchiligida ularni milliylashtirdi. Bunga javoban O‘zbekiston xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

2023-yil may oyida xalqaro arbitraj O‘zbekiston foydasiga qaror qabul qildi va Qirg‘izistonga 40 million dollardan ortiq tovon to‘lashni buyurdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘tgan yilning avgust oyida mamlakat O‘zbekistonga 40 million dollar kompensatsiya to‘lay olmasligini, shuning uchun tomonlar 49 yilga ijaraga berishga kelishib olganini aytgan эди. “Yaqin 15−20 yil ichida ularning modernizatsiyasiga o‘zimiz sarmoya kiritolmaymiz,” — dedi u.