2-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanining Tuyabo‘g‘iz qishlog‘ida fuqaro xonadonida saqlangan bir qancha kobra ilonlar qo‘yib yuborilgani aytilgan xabarlar tarqaldi.
Videolarda ilonlar ko‘cha-ko‘ydan va odamlarning uylaridan chiqib kelayotganini ko‘rish mumkin.
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, 40 yoshli N.Yu. o‘zi yashayotgan xonadonida 30 dan ortiq “Osiyo kobra” ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra, u ilonlarni ochiqqa qo‘yib yuborgan. Holat mahalliy aholi tomonidan aniqlanib, xususan, 2 ta ilon tutib o‘ldirilgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman Ekologiya bo‘limi, IIB, FVB, SES, Obodonlashtirish, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi hamda mahalla vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.
Ular shu yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida dorilash ishlarini olib bormoqda. Fuqarolardan uy hayvonlarini vaqtincha tutqunlikda saqlab turish tavsiya qilindi.
Fuqaroga nisbatan IIB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.