O‘zbekistonda yana bir taniqli shaxs o‘zining Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganini ko‘rsatgan videoni tarmoqlarda e’lon qildi. Xonanda Jahongir Otajonov Zeekr avtomobilida 195 km/soat tezlikka chiqdi.

Videoga ko‘ra, u tezlik me’yorini aholi gavjum hududdan tashqarida buzgan bo‘lishi mumkin, chunki o‘sha yerda ruxsat etilgan maksimal tezlik 100 km/soat (ayrim hududlarda — 110 km/soat) bo‘lgan. Otajonov bir qo‘li bilan rulni ushlab, ikkinchi qo‘li bilan spidometr ko‘rsatkichlarini telefonda videoga yozib olgan. Tasvirlarni Jahongir Otajonovning o‘zi Instagram`da e’lon qildi.

“Kecha Zeekr [tezligi] nechagacha chiqarkan, deb so‘rashgandi. Qani, ko‘ramiz… Man 195 km/soatgacha chiqardim. Buyog‘iga harakat tarkibi ko‘p ekan. To‘g‘risi, yana haydashga qo‘rqdim. Balki 200 km/soat tezlikka ham chiqar, bilmadim”, — dedi u.

Videoga e’tibor qaratilsa, video davomida u piyodalar o‘tish joyidan ham 150 km/soat tezlikda o‘tganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston IIB YHXB matbuot xizmati “Gazeta.uz”ning xonandaga nisbatan chora ko‘rilishi haqidagi savoliga “Albatta, chora ko‘riladi”, deb javob berdi.

29-sentabr kuni Jahongir Otajonov 46 yoshga to‘ldi va tug‘ilgan kuni uchun Zeekr avtomobili xarid qilganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda qo‘shiqchi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishni reja qilgandi, biroq keyinchalik siyosatdan ketishini e’lon qildi.

Yo‘lda tezlik cheklovlarini buzgan holda mashina haydaganlar orasida boks bo‘yicha Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham bor. U 23-sentabr kuni prezident sovg‘asi deya berilgan avtomashinada Toshkent markazida tezlikni 110 km/soatga (shaharlarda belgilangan tezlik 60 km/soat) oshirib, yo‘l harakati qoidalarini buzdi. Videoni o‘zi Instagram`ga joyladi (keyinchalik o‘chirib tashladi). Sportchi BHMning 9 baravari (3,06 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi va u bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazildi.

sentabr oyi oxirida bloger Nigina Meliqo‘ziyeva yo‘lda mashinasida “shashka o‘yini” qilgani uchun javobgarlikka tortildi. U bilan ham profilaktik suhbat ham o‘tkazildi. Bloger bunday haydashini “azartda bo‘lgani” bilan izohladi, shuningdek, yurtdoshlari va obunachilaridan “uzr so‘radi”. Unga BHMning 10 baravari (3,4 million so‘m) miqdorida jarima belgilandi.

Balli tizim

O‘zbekistonda 2018-yil may oyida qabul qilingan 2018−2022-yillarda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash konsepsiyasida ko‘p marotaba qoidabuzarlik uchun haydovchilik huquqidan mahrum qilishni nazarda tutuvchi jarima ballari tizimini joriy etish nazarda tutilgandi. Bu haqdagi hujjat loyihasini 2019-yilda ishlab chiqish rejalashtirilgan. Tizimni 2022-yil 1-dekabrdan ishga tushirish reja qilingan edi, biroq hali tegishli qonun qabul qilinmagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qonunni 2023-yil 28-noyabrda qabul qilgan, biroq hujjatni ishlab chiquvchilar unga obro‘sizlantirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olganlik uchun jazo joriy etish haqidagi normani kiritgan, bu esa keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan. Natijada Senat qonunni muddatlarni buzgan holda ko‘rib chiqib, joriy yilning 16-avgust kuni qayta ko‘rib chiqishlari uchun qaytargan.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev manbalarga tayanib, komissiya obro‘sizlantirish to‘g‘risidagi normani qoldirish niyatida ekanini, biroq maksimal qamoq jazosini 15 sutkadan 10 sutkagacha biroz yumshatishi haqida yozgandi.