Toshkent viloyati IIBB Yangiyo‘l tumanida 30 dan ortiq kobra ilon ochiqlikka qo‘yib yuborilgani haqidagi xabarni rad etdi.
Avvalroq ekologiya boshqarmasi fuqaro uyida 30 dan ortiq “Osiyo kobra” ilonlarini tegishli ruxsatnomalarsiz saqlab kelgani va, noma’lum sabablarga ko‘ra, ularni ochiqliqqa qo‘yib yuborganini ma’lum qilgandi.
Mazkur holat ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘rganilganda ma’lumotlar internetda e’lon qilinganidan farqli ekani ma’lum bo‘ldi, deb yozdi IIBB.
Ya’ni dastlabki xabarda aytilganidek 30 ta emas, ularning 4 tasi boqilayotgan joyidan qochib ketgan. Ilonlar qisqa vaqt ichida ushlangan.
Hozirda hududiy ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.