O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi vaziyat shiddat bilan keskinlashayotganidan chuqur xavotirdaligini bildiradi, deya ma’lum qildi Tashqi ishlar vazirligi.
“Tanglik darajasining yanada ortishi keng mintaqada xavfsizlikka nisbatan bo‘lgan xatar va tahdidlarning misli ko‘rilmagan darajada kuchayishiga va butun xalqaro hamjamiyat uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin, deb hisoblaymiz”, — deyiladi bayonotda.
TIV “qarama-qarshi tomonlarni vazminlikka va keskinlikning yanada kuchayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga” chaqirdi.
Xabarda mojaroni xalqaro normalar va BMT Xavfsizlik kengashining qarorlariga muvofiq tinch yo‘l bilan hal etish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.