O‘zbekiston Markaziy bankining Bank nazorati qo‘mitasi “UPay” to‘lov tashkiloti savdo belgisiga egalik qiluvchi, Humans kompaniyasining “shu’ba korxonasi” hisoblangan “Maroqand” AJ faoliyatini olti oy muddatga chekladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Cheklovlar “Maroqand”ning elektron shakldagi to‘lovlarga ishlov berish va to‘lov vositalaridan foydalanilgan holda pul mablag‘larini jismoniy shaxslarga o‘tkazish uchun zarur axborotni bankka berish hamda bank hisobvarag‘idan foydalangan holda to‘lovlarni qabul qilish va amalga oshirish xizmatlari bo‘yicha faoliyatiga taalluqli.

Markaziy bank ushbu qaror uchun asos sifatida taqiqlangan xizmatlar (qimor o‘yinlar) uchun to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yib kelganlikni keltirgan.

Biroq, Humans regulyatorning xatti-harakatlarini qonun hujjatlari me’yorlarini buzgan holda amalga oshirilgan, shuningdek, “bozorni adolatli tartibga solish tamoyillariga zid va biznes yuritish uchun jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda” deb hisoblayapti.

Kompaniya Markaziy bank o‘tkazgan amaliyotlari bo‘yicha hech qanday ma’lumot so‘ramaganini va “Maroqand” AJning qandaydir huquqbuzarliklarini ko‘rsatmasdan qaror qabul qilganini qayd etgan. “Cheklovlar sababi o‘yinlar bilan bog‘liq amaliyotlar ekanligini biz bugun OAVdagi xabarlardan bildik”, — deyiladi kompaniya xabarida.

“Bunday noqonuniy harakatlar adolatli tartibga solish tamoyillariga putur yetkazadi va moliya sektori barqarorligi, hamda mamlakatning sarmoyaviy jozibadorligiga jiddiy xavflarni tug‘diradi. Hozirgi paytda Humans jamoasi va „Maroqand“ AJ servisni tiklash uchun yangi texnik yechim ustida faol ish olib bormoqda”, — deya ta’kidladi Humans Companies AJ ["Maroqand" AJning yagona ta’sischisi] direktori Vladimir Dobrinin.

Kompaniya Prezident administratsiyasiga, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga, biznes-ombudsmanga, shuningdek, Markaziy bankka “adolatni tiklash va guruhning litsenziyalanadigan kompaniyalari xizmatlarining to‘liq ishlashi imkoniyatini qaytarish talabi” bilan murojaat yo‘llagan.

2023-yil 5-sentabrdan boshlab O‘zbekistondagi to‘lov xizmatlari Markaziy bank talabiga binoan xalqaro pul o‘tkazmalarini to‘xtatgandi. Mamlakat banklari bu qaror “moliyaviy tizim va fintex bozorini, jumladan, sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlardan himoya qilishni maqsad qilganini” ta’kidlab, uni qo‘llab-quvvatlagandi.

Keyinroq Markaziy bank vaziyatga oydinlik kiritib, ayrim to‘lov tashkilotlari pul o‘tkazmalarini tashqi savdo operatsiyasi sifatida kvalifikatsiya qilgani va pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchi va oluvchi tomon to‘g‘risida kerakli ma’lumotlarni aks ettirmaganini qayd etgandi.