AQSh va uning g‘arbiy ittifoqchilari kuchayib borayotgan mintaqaviy mojaroning nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik umidida Isroilning Eronning raketa hujumiga javobini cheklashga urinmoqda, deb yozdi Financial Times.

AQSh prezidenti Jo Bayden Tehronga qarshi sanksiyalarni muvofiqlashtirish va Isroilga javob zarbalari yuzasidan konsultatsiya berish uchun G7 (“Katta yettilik”)ning boshqa yetakchilari bilan gaplashdi.

“Biz isroilliklar bilan ular nima qilishlari haqida gaplashamiz… “yettilik"ning barchasi ular javob berish huquqiga ega ekaniga qo‘shiladi, ammo ular mutanosib tarzda javob berishlari kerak”, — dedi Bayden suhbatdan so‘ng jurnalistlarga.

Jurnalistning Isroilning Eron yadroviy obyektlariga zarba berishini qo‘llab-quvvatlashi haqidagi savoliga Bayden “Yo‘q” deb javob berdi.

Shu bilan birga, Amerika rasmiylari Isroilga ta’sir kuchi cheklangan bo‘lishi mumkinligini tan olmoqda, deya qo‘shimcha qildi nashr.

Amerikaning “Atlantika kengashi” tahliliy markazi eksperti Jonatan Panikoff FT’ga bergan izohida Eron yadroviy obyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum Tehron tomonidan javob berishni talab qiladigan jiddiy tahdid sifatida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.

“Tehron o‘z yadroviy dasturiga zarba berishni rejim barqarorligiga asosiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum sifatida qarashi mumkin, bu esa barcha tomonlarni keskinlashuv zinapoyasida yuqoriga ko‘taradigan javobga olib kelishi mumkin”, — dedi Panikoff.

  • Bir kun avval bir qator G‘arb OAV Isroil yaqin kunlarda Eronga qarshi “keng ko‘lamli javob” tayyorlayotgani, Eronning neft va yadroviy obyektlari ehtimoliy nishon bo‘lishi mumkinligini yozgan edi.
  • 1-oktabr kuni kechqurun Eron Isroil hududiga yirik raketa zarbalaridan birini berdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) hujumni HAMAS yetakchilaridan biri Ismoil Haniya, “Hizbulloh” (Eron qo‘llab-quvvatlovchi) harakati yetakchisi Hasan Nasrulloh va IIQK qo‘mondonlaridan biri Abbos Nilfrushanning “shahidligi"ga javob deb atadi.
  • Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Eron 180 dan 200 tagacha ballistik raketa uchirgan. Isroil va Amerika havo hujumidan mudofaa tizimlari ularning ko‘pchiligini ushlab olishga muvaffaq bo‘ldi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron harakatlarini katta xato deb atadi va uni javobgarlikka tortishga va’da berdi.