Uzbekistan Airways 2-oktabrdan boshlab Iroq havo hududi, shuningdek, Eron g‘arbiy qismini aylanib o‘tgan holda parvozlarni amalga oshirishini ma’lum qildi.

Fuqaro aviatsiyasi agentligi bu ko‘rsatmani “fuqaro havo kemalari parvozlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida” berdi. Aviakompaniya samolyotlari aniq ko‘rsatmaga qadar shu ko‘rinishda uchadi.

Ta’kidlanishicha, Uzbekistan Airways muqobil yo‘nalishlardan foydalangan holda Toshkent — Tel-Aviv — Samarqand/Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, bir qator xorij OAV Isroil Eronning ommaviy raketa hujumlariga “muhim javob zarbasi” tayyorlayotganini yozmoqda. Ehtimoliy nishonlar Eronning neft va yadroviy obyektlari bo‘lishi kutilmoqda. Konflikt haqida ushbu maqolada batafsil ma’lumot olish mumkin.

Avvalroq Flynas va Qeshm Air aviakompaniyalari Eron ustidagi havo hududi yopilgani sababli O‘zbekistonga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgani haqida yozgandik. Xususan, chorshanba kunidagi Jidda — Toshkent — Jidda va Tehron — Toshkent — Tehron parvozlari bekor qilingan.