O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Sport vazirligi matbuot xizmati.
Mazkur lavozimda 2022-yilning may oyidan buyon ishlab kelayotgan Alisher Sa’dullayev federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U, shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktori ham hisoblanadi.
Federatsiya raisining yana bir o‘rinbosari grossmeyster Javohir Sayndarovning bobosi Komil Sindarov bo‘ldi.
Shaxmat federatsiyasiga Sa’dullayevgacha 2021-yil yanvaridan buyon hozirgi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov rahbarlik qilib kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi 2026-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarining 2023-yil 8-maydagi (PQ-150) qaroriga asosan Abdulla Aripov Shaxmat olimpiadasiga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga rahbarlik qiladi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning “Gazeta.uz”ga xabar qilishicha, federatsiya rahbari lavozimiga bosh vazir nomzodi Olimpiadaga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish va prezident qarorida belgilangan vazifalarni to‘liq amalga oshirish maqsadida tanlangan.
Xususan, gap bolalar bog‘chalari, maktablar, shuningdek, davlat muassasalarida shaxmatni ommalashtirish haqida ketmoqda. Ilgari Shaxmat federatsiyasining hududiy boshqarmalariga viloyatlar hokimlari rahbarlik qilgan.