3-oktabr kuni futzal bo‘yicha 2024-yilgi jahon chempionatining ikkinchi finalchisi nomi ma’lum bo‘ldi. “Humo Arena"da bo‘lgan uchrashuvda Argentina terma jamoasi Fransiya ustidan 3:2 hisobida g‘alabaga qozondi.

Argentina 6-oktabr kuni bo‘ladigan finalda Braziliyaga qarshi maydonga chiqadi. “Humo Arena"da bo‘ladigan o‘yin Toshkent vaqti bilan 20:00 da boshlanadi. Undan avvalroq, 17:30 da esa musobaqaning bronza medallari uchun Ukraina va Fransiya o‘zaro bahs olib boradi.

Ma’lumot uchun, futzal bo‘yicha jahon chempionatlari tarixda 10 marta o‘tkazilgan bo‘lsa, shuning beshtasida (1989, 1992, 1996, 2008, 2012-yillarda) Braziliya chempion bo‘lgan. Braziliyaliklar 2000-yili finalda, 2004-yili esa yarim finalda Ispaniyaga imkoniyatni boy bergan. 2016-yilgi mundialda esa Braziliya nimchorak finaldayoq Eronga sensatsion tarzda mag‘lubiyatga uchragan, 2021-yili esa yarim finalda aynan Argentinaga 1:2 hisobida yengilgan (ammo finalda Argentinaning o‘zi Portugaliyaga mag‘lub bo‘lgan).

Argentina faqat bir marta — 2016-yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan. O‘shanda Janubiy Amerika vakillari dramatik kechgan finalda Rossiyani 5:4 hisobida mag‘lub etgan edi.

“Gazeta.uz” muxbiri Murod Yusuf Argentina — Fransiya (3:2) uchrashuvini bevosita arenadan kuzatib, e’tiborga molik lahzalarni fotosuratlarga muhrladi.