26-sentabr kuni “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-149-son] qabul qilindi.

Farmon bilan chiqindilar bilan ishlash masalalarida aholi va sanitar tozalash korxonalari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida Sanitar tozalashishlarini tashkil etish respublika markazi negizida amaldagi shtat birliklarini saqlab qolgan holda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.

Bunda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining qonunchilikda nazarda tutilgan vakolatlari, taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalari agentlik uchun amal qiladi.

Agentlik 2025-yil 1-yanvardan boshlab respublika budjeti va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Bunda Agentlik markaziy apparat xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq belgilashda tarif koeffitsiyenti — 1,8 baravarga, uning hududiy bo‘linmalarida — 1,4 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi.

Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona me’yorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan o‘tkazuvchiva amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.

Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritish yagona elektron tizimining uzluksiz faoliyatini ta’minlaydi.

Shuningdek, agentlik respublikada maishiy, qurilish, suyuq, zaharli-kimyoviy, tibbiyot va elektron chiqindilarni boshqarish sohasini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy usullarini tatbiq qilish hamda “nol chiqindi” tamoyilini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Respublikada chiqindilarni saralash, qayta ishlash natijasida energiya resurslari, xomashyo va materiallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va tatbiq etilishini tashkil etadi.

Bundan tashqari, agentlik chiqindilarni to‘plash, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash,yoqish, utilizatsiya qilish va ularni yo‘q qilish bo‘yicha chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalarini tashkil etish choralarini ko‘radi.

Agentlik chiqindilarni boshqarish sohasiga xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kredit va grantlari, xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘larini jalb qiladi, loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi va loyihalar amalga oshirilishini tashkil etadi.

Agentlik chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etadi. Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish va ularni joylashtirish xizmatlari uchun ishlab chiqilgan tariflarning asoslantirilganini o‘rganadi.

Bundan tashqari agentlik:

  • chiqindilarni boshqarish sohasida vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
  • chiqindilar hosil bo‘lishining normativlarini belgilashda hamda chiqindilarni joylashtirish obyektlarini tashkil etishda ishtirok etadi;
  • qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha sanitar tozalash korxonalari, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini monitoring qiladi, ular faoliyatidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi hamda ular faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholab boradi.

Belgilanishicha:

  • qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar aholi va yuridik shaxslar tomonidan to‘lov hisoblangan davrdan keyingi oyning o‘ninchi sanasiga qadar agentlikning maxsus tranzit bank hisobvaraqlariga to‘lanadi va uning maxsus bank hisobvarag‘ida jamlanadi;
  • agentlikning maxsus tranzit bank hisobvarag‘ida jamlangan mablag‘lar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi va to‘lov topshiriq nomalarisiz tegishli tashkilotlar hisobvaraqlariga avtomatik tarzda o‘tkaziladi;
  • agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga Sanitar tozalashishlarini tashkil etish respublika markazi va boshqa tashkilotlardan o‘tkazilayotgan ko‘chmas mulk obyektlariga va boshqa mol-mulkka bo‘lgan huquqlar tegishli yig‘imlar va boshqa to‘lovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtiriladi.