Reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan Hamkorbank ATBga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llandi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati.
O‘rganishlar davomida Hamkorbank’ning onlayn mikroqarz xizmati reklama axborotida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilgani aniqlangan.
Xususan, unda “Onlayn mikroqarz — Zudlik bilan pul kerakmi, 50 million so‘m — Hamkor ilovasida onlayn mikroqarz rasmiylashtiring!” mazmunidagi tashqi reklama joylashtirilgan.
Ushbu axborotga bankning internetdagi rasmiy sahifasiga joylashtirilgan ma’lumotlar asosida aniqlik kiritildi, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, mikroqarz bo‘yicha faqatgina kreditning miqdori haqida axborot berilgan bo‘lib, reklamada uning qolgan muhim shartlari ko‘rsatilmagan.
“Reklamani bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin”, — qayd etdi qo‘mita.
Yuqoridagilarga asosan “Reklama to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilish alomatlari bilan Hamkorbank’ka nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Bu Raqobat qo‘mitasi banklarni reklama qonunchiligi talablarini buzishda ayblab javobgarlikka tortayotgan so‘nggi oylardagi oltinchi holat. Avgust oyi so‘nggida reklamasida omonat xizmati yuzasidan muhim ma’lumotlarni bermagan Universalbank jarimaga tortilgandi. Undan avvalroq “Ipak yo‘li” banki reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgan edi — u omonat turlari reklamasida muhim ma’lumotlarni to‘liq bermagan. Bank reklamada omonat haqida batafsil ma’lumotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havola yo‘qligini tan olgan va uzr so‘ragan.
Iyul oyida Qo‘mita “Ipotekabank"ni Super omonatini reklama qilgani uchun jarimaga tortgandi. Reklama materiallari yiliga 26 foiz rentabellikni ko‘rsatgan, ammo rasmiy shartlarga ko‘ra, dastlabki uch oydan keyin bu ko‘rsatkich 14 foizgacha pasaytiriladi.
Qo‘mita “Reklama to‘g‘risida"gi qonunni buzganlik uchun AVO Bank’ka ham jarima solgan. Bonuslar sahifasi va kredit karta materiallarida potensial noto‘g‘ri ma’lumotlar o‘rin olgandi. Bundan tashqari, OFB’ning Termiz shahri filialiga nisbatan ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama konstruksiyalari uchun jazo choralari qo‘llangan.