Xonanda Jahongir Otajonov o‘zining Zeekr X avtomobilida yo‘l harakati qoidasini qo‘pol ravishda buzgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Keltirilishicha, holat bo‘yicha Samarqand viloyati Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan qoidabuzarga nisbatan chora ko‘rilgan.
Unga ko‘ra, haydovchi avtomobilida Toshkent-Samarqand yo‘lida 195 km/soat tezlikkacha chiqqani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128/3-moddasiga muvofiq BHMning 9 baravari (3 mln 375 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, kodeksning 128/1-moddasiga ko‘ra, yo‘lda telefondan foydalanib holatni videoga olgani uchun esa BHMning 3 baravari miqdorida (1 mln 125 ming so‘m) jarima tayinlandi.
Ma’lumot uchun, fuqaro jarimani 15 kun ichida to‘lasa 50 foizlik chegirma qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, yo‘lda tezlik cheklovlarini buzgan holda mashina haydaganlar orasida boks bo‘yicha Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham bor. U 23-sentabr kuni prezident sovg‘asi deya berilgan avtomashinada Toshkent markazida tezlikni 110 km/soatga (shaharlarda belgilangan tezlik 60 km/soat) oshirib, yo‘l harakati qoidalarini buzdi. Videoni o‘zi Instagram`ga joyladi (keyinchalik o‘chirib tashladi). Sportchi BHMning 9 baravari (3,06 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi va u bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazildi.
sentabr oyi oxirida bloger Nigina Meliqo‘ziyeva yo‘lda mashinasida “shashka o‘yini” qilgani uchun javobgarlikka tortildi. U bilan ham profilaktik suhbat ham o‘tkazildi. Bloger bunday haydashini “azartda bo‘lgani” bilan izohladi, shuningdek, yurtdoshlari va obunachilaridan “uzr so‘radi”. Unga BHMning 10 baravari (3,4 million so‘m) miqdorida jarima belgilandi.