Toshkentdagi mozaikalarni ularni yopib turgan reklama bannerlaridan ozod qilish bilan tanishtiruvchi Mosaicvertising loyihasi ikkita xalqaro festival sovrinini qo‘lga kiritdi, deya xabar qilmoqda Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati.
sentabr oyi o‘rtalarida Batumida (Gruziya) bo‘lib o‘tgan AdBlackSea xalqaro ijod festivalida Toshkent mozaikalariga oid loyiha Gran-prini va “Media” nominatsiyasining Use Of Print And Outdoor bo‘limida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Tanlovda jami 119 ta loyiha kiritilgan. Xabarda ta’kidlanishicha, ijodkorlik festivalining mukofoti Qora dengiz sohilidan yig‘ilgan plastmassadan tayyorlangan.
AdBlackSea festivali 2015-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va reklama hamda marketing sohasidagi mutaxassislar orasida mashhur. G‘oliblar orasida O‘zbekiston, Sloveniya, Bolgariya, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa mamlakatlarning loyihalari bor.
21−22-sentabr kunlari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Red Jolbors xalqaro reklama festivalida esa mazkur loyiha uchta oltin va uchta bronza mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Toshkent mozaikalari haqidagi video “oltin”ga PR campaign, ESG projects va Reputation & behavioral communication nominatsiyalarida, “bronza”ga esa Media campaign, PRINT & OUTDOOR va Brand Experience & Activation nominatsiyalarida egalik qildi.
“Shunday qilib, Toshkent mozaikalari mukofotlar soni bo‘yicha festival qahramoniga aylandi”, — deyiladi xabarda.
“Mukofotlarning bunday „yulduzli yomg‘iri“ mozaikalarni saqlash va ommalashtirishdan manfaatdor bo‘lgan davlat va xususiy tashkilotlar hamda jamoatchilik faollarining hamkorligi natijasida yuzaga keldi. Ya’ni, hamkorlik „o‘ylab topilgan“ emas, balki shahar mozaikalariga bo‘lgan umumiy muhabbat missiyasi bilan bog‘liq edi”, — deya qayd etdi hokimlik.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan mozaikalar O‘zbekiston madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Toshkent shahri hokimligi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan mozaikalar haqidagi sayt, animatsiya va reallikka ega mobil ilova yaratildi.
Loyiha Lokals Central Asia marketing agentligi va Payme to‘lov xizmati tomonidan yaratilgan. Videodagi musiqiy kompozitsiya mualliflari mahalliy musiqa jamoasi Loud373 & VAGAN hisoblanadi.
Toshkent mozaikalarini ommalashtirish tashabbuskori va ishqiboz Fotima Abdurahmonova mozaikalarning joylashuvi va ularning mualliflari haqida ma’lumot to‘plagan.
Festivallar g‘olibi bo‘lgan video
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mozaikali turar joy binolarini reklama bannerlaridan tozalash ishlari yakunlanganini ma’lum qilgandi. 2021-yildan buyon 30 ga yaqin, ikki oy ichida 40 dan ortiq panno reklamalardan tozalangan.
Mart oyi so‘nggida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Toshkent shahri va viloyatlardagi 160 ga yaqin mozaik panno monumental san’at yodgorliklari sifatida Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan edi. Shu qaror bilan mozaikali binolarga reklama bannerlarini o‘rnatish taqiqlangan.