30-sentabr kuni prezidentning “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi [PF-152-sonli] farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
- kichik va o‘rta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish;
- katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish.
2026/2027 o‘quv yilidan:
- bog‘chalar tomonidan Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida bolaning rivojlanish xaritasini yuritish amaliyoti joriy qilinadi;
- maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik haqida elektron sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yil 1-avgustgacha:
- maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan elektron resurslar, audiovizual mahsulotlar va o‘quv-metodik materiallar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida joylashtiriladi hamda ulardan erkin va bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi;
- Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida ota-onalar uchun shaxsiy kabinet yaratiladi va unda bolaning rivojlanish xaritasi ma’lumotlarining joylashtirilishi ta’minlanadi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan:
- maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi;
- respublikaning barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
- barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
- trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlariga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham rag‘batlantirishga ruxsat etiladi.
2025-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim guruhlari ochiladi.
Farmonga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan:
- davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim shakli joriy etiladi;
- maktabgacha ta’lim yo‘nalishining sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.
- 2018−2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarni tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi.
2024-yil 1-oktabrdan jismoniy shaxs bir paytning o‘zida bir nechta oilaviy nodavlat bog‘chada mehnat faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi bo‘yicha to‘lanadi.
2025-yil 1-sentabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalarni tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi.
2025-yil 1-yanvardan qamrov darajasi past bo‘lgan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog‘chalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etiladi.