Sovet davridagi qatag‘onlar — O‘zbekiston tarixining asorati va og‘rig‘i hamon seziladigan “yiringli” mavzularidan. Ziyoli va ma’rifatparvarlar bilan birga ularga shunchaki yaqin bo‘lgan kishilarning ham jismonan va ma’nan mahv etilishi, ba’zan qurol, ba’zan so‘z va hatto ocharchilik va qahatchilik vositasida amalga oshirilgan qatag‘onlar millatning butun tinka-madorini quritgan.
Umuman, qatag‘on sovet boshqaruv tizimining muntazam hodisasi edi, ammo uning bir necha bor favqulodda baland ko‘tarilgan to‘lqinlari bor: 1917-yildan keyingi, sovet hokimiyati o‘rnatilishi jarayonidagi qatag‘on, 1937−1938-yillardagi “Katta qirg‘in”, 1940-yillar oxiri — 1950-yillar boshidagi ziyolilarga qarshi kampaniyalar va 1980-yillarda uyushtirilgan “O‘zbek ishi” (“Paxta ishi”).
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning XX asrdagi tarixida yuz bergan qatag‘onlar va boshqa ayanchli holatlar haqida ko‘plab kitoblar chop etildi. “Gazeta.uz” ularning ayrimlaridan parchalar keltiradi.
Kitoblar ro‘yxatini tayyorlashda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi va O‘zbekiston Tarix institutidan ma’lumot olindi.
“O‘ttiz yettinchi yil turnalari” (Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi nashri). “Akademnashr” nashriyoti. 2022-yil. 208 sahifa.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tomonidan nashrga tayyorlangan ushbu to‘plamdan 1937−1938-yillardagi “Katta qirg‘in” qurbonlariga bag‘ishlangan ocherk va maqolalar o‘rin olgan.
Quyida kitobning O‘zbekiston xalq artisti Muhiddin Qori Yoqubov va Qo‘qon xoni Xudoyorxonning nevarasi Saodatxon Aminovaga bag‘ishlangan qismlaridan parchalar keltiriladi.
SSSR bosh prokuroriga 1952-yil 13−14-noyabrda O‘zSSR Toshkent viloyat sudining Jinoiy ishlar bo‘yicha kollegiyasi tomonidan O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi, 66-moddasi 2-qism va 67-moddasi bo‘yicha qoralangan, Toshkent shahri Proletar ko‘chasi 4-uy 34-xonadonda yashovchi Muhiddin Qori Yoqubovdan
Ariza
Men sovet xalqining fosh qilingan dushmani Beriyaning yaqin kishilaridan biri, 1953-yilda ayblangan Goglidzening O‘zbekiston davlat xavfsizligi ministri paytida menga qarshi to‘plagan soxta materiallari asosida qamoqqa olinganman.
Men O‘zSSR Davlat xavfsizligi ministrligi (DXM)da ishlab chiqilgan “ish”imni o‘rganish paytida chidab bo‘lmaydigan sharoitga tushib qoldim.
Meni, keksa va kasal kishini, shunday kaltakladilar va uzoq vaqt tik turg‘izib qo‘ydilarki, natijada oyoqlarim shishib ketdi, kunduzlari ham, kechalari ham tergov qilaverib, uzoq vaqt uxlash va hordiq olish imkonini berishmadi.
Tergov tarjimonsiz, men yaxshi bilmagan rus tilida, haqoratomuz ruhda olib borildi.
Bular hammasi DXMga suqilib kirgan jinoyatchilar tomonidan bichib-to‘qilgan bayonnomalarga qo‘l qo‘ydirish maqsadida qilindi. Bu bayonnomalarda men qilmagan jinoyatlar, men singari Sovet Vataniga sodiq boshqa kishilarni, o‘zbek ziyolilari vakillarini badnom qiluvchi gaplar yozilgan edi.
Ular qisman shu narsaga erishdilar: men, nihoyat, haddan ziyod holdan toygan paytimda butun hayotim xalqqa qarshi qaratilgan hayot sifatida buzib ko‘rsatilgan tergov bayonnomasiga qo‘l qo‘yishga majbur bo‘ldim, zero, bu bayonnomada shaklan milliy, mazmunan proletar san’atni rivojlantirishga bag‘ishlangan, sovet xalqiga so‘nggi nafasimga qadar xizmat qilishga qaratilgan, barcha bilimim va iste’dodim yo‘naltirilgan hayotim buzib ko‘rsatilgan edi.
Mening ustimdan og‘ir va adolatsiz hukm chiqarilganidan keyin men jazo muddatini o‘tash uchun tegishli hibsxonaga yuborilmay, tergov qamoqxonasida qoldirildim. Meni 5 oy mobaynida shu yerda yerto‘lada, yakka kamerada saqlab, o‘zbek sovet intelligensiyasining ko‘zga ko‘ringan vakillari:
- SSSR xalq artisti, O‘zSSR Oliy Soveti deputati Halima Nosirova,
- O‘zSSR Oliy Soveti deputati, yozuvchi-dramaturg Yashin (Komilov),
- O‘zSSR xalq artisti Tamaraxonim,
- O‘zbekiston xalq artisti Uyg‘ur (Mannon Majidov),
- SSSR xalq artisti, kompozitor Muxtor Ashrafiy,
- O‘zbekiston xalq artisti To‘xtasin Jalilov va
boshqa yirik madaniyat arboblariga qarshi ko‘rsatma berishga majbur qilishdi.
Agar zikr qilingan shaxslarga tuhmatnoma yozib bermasam, oftobni ko‘rmay, shu yerto‘lada o‘lasan, deb do‘q-po‘pisa qilishdi, agar ig‘vodan iborat ko‘rsatmani bersam, meni turli imtiyozlar bilan siylashga va’da berishdi.
Bular hammasi sovet xalqi dushmanlarning qanday yo‘l bilan ko‘rsatmalarni olayotgani, bu ko‘rsatmalarning sariq chaqaga arzish yoki arzimasligi, ularga qanchalik ishonish mumkin yoki mumkin emasligi masalasiga oydinlik kiritadi.
Hukmdan ma’lum bo‘lishicha, bunday 40 yil avval, O‘zbekistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgan davrga qadar bo‘lgan vaqtda ro‘y bergan hodisalarga asoslanib, meni “panislomizm ruhida tarbiyalanganlik”da aybladilar.
Hukmda meni ayblash uchun tarixiy voqealarni qasddan buzib, ishga shunday tus berdilarki, go‘yo “Sho‘roi islom” yosh sovet hokimiyatiga qarshi qurol bilan kurashgan tashkilot va men bu tashkilotda faol qatnashib, Qo‘qon muxtoriyati degan hukumatni tuzish uchun qurolli chiqishlar va va’zxonlik qilgan emishman.
Haqiqatda esa “Sho‘roi islom” 1917-yil fevralida tuzilgan. Ulug‘ oktabr sotsialistik revolyutsiyasidan keyin tarqab ketgan. Shubhasiz, bu tashkilot millatchilik va madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda bo‘lgan, ammo men hech qachon uning a’zosi bo‘lmay, faqat uning Farg‘ona viloyati Skobelev (hozirgi Farg‘ona — tahr.) shahridagi binolaridan birida qorovul bo‘lib turganman va uning torli asboblar orkestrida qatnashganman, xolos.
Men o‘sha paytda 19 yoshda edim. Juda yosh, siyosiy jihatdan mutlaqo shakllanmagan, rus tilini bilmagan yigit bo‘lganim uchun musiqaga moyil, unga butun qalbim bilan berilgan edim.
Torli asboblar orkestrida chalish va qo‘shiq aytish mumkinligi shunchalik zavqbaxsh ediki, men uning “Sho‘roi islom” tashkilotining musiqiy to‘garagi ekanligini ham bilamasdan, unga yozilganman. Mana, oradan qariyb 40 yil o‘tgach hayotimning so‘nggi kunlarida ilk yoshlik chog‘imda qilgan xatti-harakatimga javob berib o‘tiribman, ta’kidlayman, jinoyatga emas, zero, men sovet hokimiyati oldida hech qachon jinoyatchi bo‘lmaganman.
Men buni hatto adashish ham demayman, negaki menda o‘sha paytda hech qanday siyosiy qarash yoki e’tiqod bo‘lmagan.
Men qorovul sifatida ishlar ekanman, ba’zan kurer vazifasini bajarib, mazmun va maqsadi, albatta, noma’lum bo‘lgan xat va yozuvlarni tarqatib yurganman. Bu xatlar ishqiy xatlar bo‘lganmi yoki ularda boshqa narsa yozilganmi, bilmayman. Ammo, hukm mualliflarining aytishlariga qaraganda, men “Sho‘roi islom”ning maxfiy yozishmalarini O‘rta Osiyodagi tashkilotlarga tarqatib, “ular faoliyatining rivojlanishiga yordam bergan” emishman.
Agar bular hammasi 1917-yil bahori va yozida, Ulug‘ oktabr sotsialistik revolyutsiyasiga qadar ro‘y berganini inobatga olsak, bu aybning bema’niligi oydin bo‘ladi-qoladi.
Holbuki, bu ayb menga qo‘yilgan barcha ayblar orasida eng asosiysi va eng og‘iri ediki, undan sun’iy ravishda tortib olingan iplar menga so‘nggi davrda qo‘yilgan ayblar bilan bog‘lashi hech gap emas.
Shunday qilib, birinchi va asosiy aybning asossizligi shubhasizdir.
Mening ishimdagi “Chig‘atoy gurungi” va “Qizil qalam” adabiy-millatchilik guruhi yoki to‘garagiga go‘yo a’zo bo‘lganim haqidagi materiallar ham shunday to‘qimadir.
“Chig‘atoy gurungi” adabiy to‘garagi 1919 -1920-yillarda Toshkentda oshkora faoliyat olib borgan. Men hech qachon yozuvchi yoki adabiyotchi bo‘lmaganman va adabiy to‘garaklar ishida hech qachon qatnashmaganman. Men faqat bir marta Fitratning Chig‘atoy adabiy tili haqidagi ma’ruzasida qatnashganman, xolos. Bu voqea 1919 yoki 1920-yilda, ya’ni 35−36 yil muqaddam bo‘lgan.
Men bir kuni yozuvchilarning “Qizil qalam” guruhi yig‘ilishidan keyingi konsertida artist sifatida qatnashganman. Yig‘ilishda Navoiy ijodi haqida ma’ruza bo‘lgan. Men taklifni qabul qilib, bir necha ashula aytganman. Konsertdan keyin barcha yozuvchilar va konsert ishtirokchilari suratga tushgan. Men ham shu yerda hozir bo‘lganman.
Ammo, nahotki, shu narsa mening “Qizil qalam” tashkilotiga a’zo bo‘lganimning dalili bo‘lsa?
O‘z-o‘zidan ravshanki, bu ayb ham oldingilaridek biror asosga ega emas. Men 1918−1920-yillarda Eski shahardagi “Turon” teatrida aktyor bo‘lganman. Bu teatr keyinchalik qayta qurilib, Karl Maks nomidagi drama teatriga, keyin esa hozir faoliyat yuritayotgan Hamza nomidagi akademik teatrga aylantirilgan. Oqshom chog‘lari shu teatrdan ishlab, kunduz kunlari Favqulodda komissiyada agent sifatida faoliyat olib bordim. Shunday qilib, men O‘zbekistonda sovet hokimiyatining mustahkamlanishi uchun kurashda, ayniqsa, faol qatnashganman. Biografiyamdagi shu fakt hukmdagi sovet hokimiyatiga qarshi kurashganim haqidagi asossiz aybni tamomila rad etadi.
Men teatr bilan shug‘ullangan vaqtimda turli pesalardagi ko‘plab rollarda o‘ynadim, turli-tuman asarlarga murojaat etdim. Men qatnashgan talaygina pesalar turli sabablarga ko‘ra repertuardan olib tashlangan, bu fikr men murojaat etgan asarlarga ham taalluqli. Ammo men hech qachon taqiqlangan asarlarga murojaat etmaganman, mening artistlik faoliyatim ochiq va ommaning ko‘z oldida kechdi.
Agar men qatnashgan pesalar bugun taqiqlangan, mazmunidan millatchilik va zarurkunandalik ko‘rinishlari topilgan bo‘lsa, bunda meni ayblash ahmoqlikdir. Agar ijro etilayotgan kunda uning ko‘rsatilishiga tegishli idoralar tomonidan ruxsat berilgan bo‘lsa, artist ijro etilayotgan shu asarning mazmuni uchun javobgar bo‘lmaydi. Bu ayblov ham sun’iydir.
Mening o‘tgan faoliyatim bog‘liq barcha ayblar o‘z mohiyatiga ko‘ra shular bilan tugaydi. Ular guvohlarning oldindan tayyorlangan, faqat tuhmatdan iborat ko‘rsatmalariga asoslangan bo‘lib, 1937−1938-yillarga oid ko‘rgazmalardan olingan.
Shunga e’tibor qaratishni istaymanki, meni qamash uchun “guvohlar” men sovet hokimiyatining birinchi kunidanoq bolsheviklar bilan bir tan, bir jon bo‘lganim uchun meni yomon ko‘ruvchi sobiq odamlar orasidan tanlangan. Bu — kuni kecha un savdosi bilan shug‘ullangan Madiyorov, bu — Farg‘ona bozor qo‘mitasi xodimi Shokirov.
Shunday ko‘rsatmalarning narxi bir tiyin ekanligini siz yaxshi bilasiz. Ular biror obyektiv tekshirishga yaramaydi, ular hech narsa bilan tasdiqlanmagan bo‘hton bo‘lib qolaveradi. Bu ko‘rsatmalar kimdan olingan bo‘lsa, ular sovet qonunlari talablari buzilgan sharoitda olingan. Shuning uchun bu materiallarning barchasidan voz kechish lozim, zero, ular ayblovchi hukmga asos bo‘la olmaydi.
Sovetlarga qarshi millatchilik kayfiyatidagi gap-so‘zlar haqidagi ayblov asosan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xalq cholg‘u orkestri rahbari Petrosyanning va 1947−1948-yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi direktorligi paytimda filarmoniyadan haydaganim ayrim kishilarning ko‘rsatmalariga asoslangan. Bu kimsalarning hammasi shaxsan mening tashabbusim bilan filarmoniyadan bo‘shatilgan va shuning uchun qoloq tushuncha va mutaassibliklaridan kelib chiqqan holda meni o‘zlarining dushmani deb hisoblagan.
1947-yilda marhum Jdanovning “Muradeli” operasi haqidagi ma’ruzasi e’lon qilinganda men Petrosyanga o‘zbek milliy musiqasini xalq melodiyalari va qo‘shiqlari bilan boyitish lozimligini aytganimda, Petrosyan 1952-yilda mening mutlaqo to‘g‘ri fikrimni qasddan buzib, shunday talqin qildiki, go‘yo men o‘zbek musiqasini barcha qardosh xalqlar musiqiy ijodi ta’siridan tozalash va faqat o‘zbek musiqa madaniyatini rivojlantirib, boshqalariga yo‘l bermaslik kerak, degan emishman.
Men filarmoniya xodimlarining ishlab chiqarish kengashida buxgalteriyaning reklama va repertuar bo‘limi shtatida o‘zbek tilini bilgan bitta shaxs bo‘lishi lozimligini asoslab berdim, aks holda, ishlab, ishlab chiqarish ishida o‘pirilish sodir bo‘lishini, negaki reklama faqat rus tilida emas, o‘zbek tilida ham olib borilishi lozimligini, aksar qismi rus tilini yaxshi bilmagan filarmoniya xodimlari buxgalteriya bilan to‘qnash kelganlarida turli noqulayliklarga duch kelishlarini aytgan edim. Mana shunday taklif ham millatchilik ko‘rinishi sifatida tendensioz talqin qilingan.
Shu narsa ravshanki, partiyaning milliy masaladagi siyosatida yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatolar Beriya shaykasining laychalari tomonidan qilingan. Shunday fikrlarda jinoyatning zarracha ham izi yo‘qligi hammaga ma’lum.
Meni qoralash oson ko‘chishi uchun tarixni soxtalashtiruvchi kimsalar tarjimai holimga oid ma’lumotlarni buza boshladi. Masalan, men, hukmda yozilishicha, dindor oiladan chiqqan emishman. Bu qo‘pol bo‘hton. Otam hech qachon ruhoniy bo‘lmagan. U qishloq muallimi bo‘lib, men 2 yoshga kirganimda vafot etgan. Mening o‘gay otam Toshmat Hasanboyev esa bo‘yoqchi bo‘lgan. Demak, men ruhoniy emas, balki ishchi oilasidanman. Bunday buzish mening “panislomizm ruhi”da tarbiyalanganim haqidagi aybnoma tezisini semirtirish uchun kerak edi.
Holbuki, men O‘zbekistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki kezlardan boshlab barcha bilim va qobiliyatim bilan unga xizmat qilib kelmoqdaman. Men 1918-yildan boshlab viloyat xalq maorif bo‘limi truppasida ishladim. 1919-yil boshlaridan Turkfront Siyosiy boshqarmasi ixtiyorida bo‘lib, Qizil armiyaning agitpoyezdalarida xizmat qildim. Konsert tugamasdan qo‘lga miltiq olib, bosmachilar bandasining hujumini qaytarish uchun safga tizildik. Vatanimiz va xalqimizga xizmat qilish bilan o‘tgan shu butun hayotim Toshkent viloyat sudining hukmi bilan yo‘qqa chiqarildi.
Agar men oktabr revolyutsiyasidan keyin sovet hokimiyatini so‘zsiz qabul qilgan va o‘z san’ati bilan mehnatkash xalq ommasiga xizmat qilgan dastlabki o‘zbek xonandalari va artistlaridan biri bo‘lganman, desam nokamtarlik qilgan bo‘lmayman.
1923-yilda menga Turkiston Respublikasining birinchi xalq hofizi, 1937-yilda esa O‘zSSR xalq artisti faxriy unvonlari berilgan. Men shu vaqtga qadar o‘zi bilan nafaqat milliy, balki SSSR xalqlari umumiy san’atini bezab turgan qator artistlarni, jumladan, Tamaraxonim, Mukarramaxonim va boshqalarni tarbiyalab voyaga yetkazdim.
Bular hammasi hukmning menga nisbatan noto‘g‘ri bo‘lganini tasdiqlaydi, zero, men sovet kishisi, sovet artistiman, Kommunistik partiyaga sodiq va, hech narsaga qaramay, o‘zimni uning madaniyat va san’at frontidagi soldati deb hisoblayman.
Meni oqlashingizni, sovet san’ati armiyasining jangchilari safiga qaytarishingizni so‘rayman.
Qori Yoqubov M.
1955-yil, 9-oktabr.
O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi prokuroriga mahbusa Saodat Aminovadaн
Ariza
Men 1938-yil 13-iyulda aksilinqilobiy qozoq millatchilik tashkilotida ishtirok etganlik va josuslikda shubhalanib qamoqqa olinganman. Go‘yo men Parijda yashovchi akam Islombek Xudoyorxonov orqali Parijdagi allaqanday Mustafo Cho‘qayevdan topshiriq olgan va bu topshiriqni qozoq aksilinqilobiy tashkiloti rahbari Isa Qashqinboyevga yetkazgan emishman…
Men Cho‘qayev degan familiyani birinchi marta so‘roq paytida eshitdim, ammo hozirga qadar uning kimligini mutlaqo bilmayman. 1921-yildan beri Parijda istiqomat qilayotgan akam Xudoyorxonov bilan faqat pochta orqali oilaviy mazmunda xat yozishib, u yuborgan pulni esa davlat banki orqali olib turganman.
Mening ishim bo‘yicha tergovni NKVD UGB-4 bo‘limi tergovchilari Sharipov, Aminov va boshqalar (ularning familiyalarini bilmayman) olib bordi. So‘roq 20 yoki 22 kecha va kunduz mobaynida ko‘cha-ko‘ylardagina qo‘llanadigan so‘kishlar bilan uzluksiz davom etdi, jismoniy tazyiq usullari qo‘llandi.
Bu masalada yosh tergovchi Aminov, ayniqsa ajralib turdi.
Bunday so‘roqlar yordamida meni Qashqinboyevga qarshi soxta ko‘rsatma berishga majbur qildilar.
Konveyer uslubida olib borilgan so‘roqlar paytida men hech qanday hujjatga imzo chekmadim.
Men rus tilini mutlaqo bilmayman. Yana dahshatli so‘roqlarning takrorlanishidan qo‘rqqanim uchun tishim o‘tmagan qog‘ozlar tagiga imzo chekmasdan ilojim qancha edi. Negaki avvalgi so‘roqlar natijasida sihat-salomatligim ado bo‘lgan, agar bunday so‘roqlar yana takrorlangudek bo‘lsa, ularga dosh berolmasligim aniq edi.
Aminova
1939-yil, 15-iyul
Toshturma, 1-korpus, 52-kamera
Ariza
Men 1938-yil 13-iyulda qamoqqa olinganman. Tergov 22 kecha va kunduz kichik tanaffuslar bilan davom etdi. Menga repressiv usullar qo‘llab, juda qo‘pol muomalada bo‘lishdi. Bayonnomalar olib borishmadi.
Meni:
- Xudoyorxonning nevarasi bo‘lganlikda;
- doktor Qashqinboyevning aloqachisi sifatida qozoq millatchilik tashkilotiga a’zo bo‘lganlikda;
- afg‘on konsulxonasidan qandaydir paket olib go‘yoki uni vafot etgan akam Nuriddin Xudoyorxonov orqali doktor Qarshinboyevga berganlikda ayblashdi.
Mazkur paketni esa go‘yo Parijda yashovchi akam menga yuborgan emish.
Bularning hammasi g‘irt yolg‘on. Faqat bir narsa — men Xudoyorxonning nevarasi bo‘lganim va akam Nuriddinbekning kasal bo‘lgani va (1934-yilda) vafot etganidan keyin mutlaqo mablag‘siz qolganim sababli Parijda yashayotgan akamning so‘nggi besh-olti yil davomida menga rasmiy ravishda yordam berganligigina to‘g‘ridir.
Men 48 yoshdaman. Kasalman. Kasal bo‘lganimga ham 22 yil bo‘ldi. Bu haqda “ishim”da ancha-muncha ma’lumotnomalar bor. Men kasalligim va nogironligim bo‘lgani sababli bundan 15 yil muqaddam erimdan ajralganman…
Qamoqxonada boshim kasallikdan chiqmadi, ikki marta kasalxonada yotib chiqdim…
Ishimning qayerda ekanligi menga ma’lum emas. Bu masalada kimga murojaat etishni bilmayman. Mening na ruschada, na o‘zbekchada savodim chiqqan. Sizdan ishimni bir yoqlik qilishni iltimos qilaman.
Aminova
Toshturma, 4-korpus, 5-kamera
1939-yil, 11-noyabr
“Chiroq ko‘targan ayol” (Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi nashri). “Akademnashr” nashriyoti. 2022-yil. 176 sahifa.
Kitobdan XX asr boshida Xorazmdan yetishib chiqqan va keyinchalik qatag‘onga uchragan taraqqiyparvarlar — mulla Jumaniyoz Sultonmurodov va uning qizi Maryam Sultonmurodova hayoti, faoliyati, maktublari, ularga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tafsilotlari, shuningdek, ular haqidagi tarixiy ocherklar va pesa ham o‘rin olgan.
Quyida Maryam Sultonmurodovaning SSSR prokuraturasiga yozgan arizasidan parcha keltiriladi.
Maryam Sultonmurodovaning SSSR prokuraturasiga yozgan arizasidan qaydlar
1949-yil maxsus majlis qarori bilan Krasnoyarsk o‘lkasiga surgun qilindim. Vaholanki, men revolyutsiyaga qarshi hech qanday ish qilmaganman. O‘zimni faqat vujudga kelgan sharoitning qurboni hisoblab, ishimni qayta ko‘rib chiqishingizni so‘rayman.
Menga qo‘yilgan ayblarni quyidagi sabablarga ko‘ra asossiz deb hisoblayman:
1. Meni ayblashlaricha, go‘yo Berlinda bo‘lgan vaqtim aksilinqilobiy “Ozod Turkiston” josuslik tashkiloti a’zosi bo‘lib, bu tashkilotning topshirig‘i bilan Germaniya foydasiga josuslik ishlari olib borgan emishman. Men hech qachon bironta aksilinqilobiy tashkilotning a’zosi bo‘lgan emasman. “Ozod Turkiston” degan tashkilotning borligini men birinchi bor tergov vaqtidagina eshitdim.
Mening bilishimcha, 1922-yil Buxoro xalq jumhuriyatidan 60 ga yaqin kishi Germaniyaga o‘qishga yuborilgan edi. O‘sha yilning kuzida Xorazm partiya Markaziy Komiteti byurosining qarori bilan men ham shu safga tushdim. Yevropa fan-texnikasini mustahkam o‘rganish va o‘zib ketish vazifasi turganligini aytganlaridan keyingina men u yerda o‘qishga rozilik bergan edim.
1922-yildan to 1924-yil boshlarigacha Berlinda bo‘ldim. Keyin Darmshtadtga o‘qishga ketdim. Shuning uchun men o‘zimizning talabalar bilan kam munosabatda bo‘ldim va ko‘plari bilan shaxsan tanish ham emas edim. Men o‘sha vaqtlarda mazkur talabalarni hamyurtlar jamiyati birlashtirib turishini bilardim.
Bu yurtdoshlik mazmunidagi ochiq tashkilot bo‘lib, uning faoliyati davlatimizning vositachiligi bilan bog‘langan edi. Keyinchalik bu uyushmani Germaniyadagi butun Sovetlar Ittifoqi talabalari uyushmasi bilan birlashtirdilar. Bundan boshqa yana qanday talabalar uyushmasi bo‘lgani menga ma’lum emas.
2. Toshkentga kelgan vaqtlarim meni allaqanday Englans nomli professor orqali josuslik ishlari olib borganlikda ayblashdi. Bu tuhmat! Men hech qachon bunday odam bilan tanish bo‘lmaganman. Shunday odamning borligini ham birinchi bor tergovchidan eshitdim.
Men dushmanga qanday ma’lumot berdim va bu qanday amalga oshirildi? Bunday aybning tasdig‘i uchun birorta faktik dalil va guvohlarni ko‘rsatishmadi…
Menga nisbatan guvohlik bergan odam bilan esa yuzma-yuz qilishni rad etishdi. Shuning o‘zi menga qo‘yilgan aybning yolg‘on va soxtaligini ko‘rsatib turibdi.
3. Meni go‘yo “Guliston” va “Yorqin turmush” jurnallarida ishlab turib, aksilinqilobiy millatchilik yo‘lini o‘tkazganlikda ayblashdi. Bu faoliyat nimalarda ko‘ringanligini aytishmadi.
Adabiy xodim va jurnalist sifatida ba’zan jurnallarda ayrim maqola, ocherklarim, ko‘proq rus klassik adabiyotidan tarjimalarim bosilardi. Ular g‘oyaviy jihatdan sog‘lom va sovet madaniyati rivoji uchun foydali edi. Bu ayblarim uchun ham birorta fakt keltira olishmadi.
4. Menga qo‘yilgan ayblarda Parijda bo‘lgan vaqtimda Mustafo Cho‘qayev bilan uchrashganligim gapiriladi. Bu to‘g‘ri. Lekin uchrashuv tasodifiy va daqiqalik kechgan. Biz o‘sha kuni Majidxonova bilan operaga borishga to‘planib, mehmonxona oshxonasining xodimasiga bizga kechki ovqat qoldirishini iltimos qilishga kirgan edik. Xuddi shu vaqtda Parijda o‘qib turgan Ahmad Noyim oshxonada bizni Cho‘qayev bilan tanishtirdi. Biz operaga shoshib turganimiz uchun ular bizni tutib turmay chiqib ketdilar. O‘sha vaqtda biz u kishining kim ekanligini ham bilmas edik. Shuning uchun bu uchrashuv hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan. Chunki men Germaniyaga o‘qishga ketgan vaqtimda endigina 17 yoshga kirgan, hali shakllanmagan va O‘rta Osiyoda aksilinqilobiy faoliyat haqida hech narsa bilmas edim. Nahotki, men sayohat vaqtimdagi har bir tasodifiy uchrashgan odam uchun javob berishim kerak bo‘lsa?
5. Meni uyushgan jinoyatchilikda ayblashdi. Lekin meni ulardan alohida ajratib, guvohlarsiz sud qilishdi. Agar menga qo‘yilgan aybda zarracha haqiqat bo‘lsa ham, ochiq namunali sud qilishlari kerak edi, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, tergov vaqtida ham, sudlanuv vaqtimda ham buni qat’iy turib talab qilganimda, menga: “Buning sizga foydasi yo‘q, chunki masala oldindan tayyorlangan bo‘lib, savollarni faqat NKVD xodimlari berishadi, siz „bo‘lmagan edi“ deganda, „guvohlar bo‘lgan edi“ deyishadi, aniqlik va tushuntirib o‘tirishga esa ruxsat etilmaydi”, deyishdi. Mening “Nega hech qanday dalilsiz, faqat tuhmat va yolg‘onlarga asoslanib, sof sovet ayolini badnom qilmoqchi bo‘lasizlar?”, degan savolimga tergovchi ochiq qilib: “Men inqilob soldatiman, mendan nimani talab qilsalar, shuni bajaraman”, dedi. “Agar siz yana o‘jarlik qilaversangiz, go‘dagingizni tortib olib, siz bilan boshqacha gaplashamiz”, dedi. Mening biror jinoyat qilganim yoki qilmaganligimning ham hech kimga qizig‘i yo‘q edi. Chunki endi hammasi menga ayon bo‘lgandi. Shundan so‘ng ular mendan nimani xohlagan bo‘lishsa, hammasiga qo‘l qo‘ydim…
Muhtaram Ittifoq prokurori! Sizga inqilobiy qonunlarni to‘g‘ri o‘tkazishning mas’ul nazoratchisi sifatida ham murojaat qilaman. Menga nisbatan katta adolatsizlik bo‘lgan va sovet qonunlari buzilgan deb o‘ylayman… Mening vijdonim pok. Mening yagona xatoim — Germaniyaga o‘qishga ketishga rozilik bildirganim… Agar shu mash’um xatoim bo‘lmaganida, taqdirim ham tamoman boshqacha bo‘lardi va men bugungidan baxtsiz odam bo‘lib o‘tirmasdim.
Men adolatsiz kechgan ishlardan nihoyatda azoblanmoqdaman. Bu qalbaki tuhmatlardan qariyb 20 yillar davomida faqat mengina emas, bolalarim, aka-singillarim va onam ham azob tortdi va hamon tortib kelmoqda. Shuning uchun sizdan mening ishimni qaytdan ko‘rishingizni va gunohsiz gunohlarimdan qutqarishingizni so‘rayman.
Xondamir Qodiriy. “Turkistonda ocharchilik, qahatchilik, yut”. “Yangi asr avlodi” nashriyoti. 2021-yil. 774 sahifa.
Mazkur kitobda 1917−1924-yillarda Turkistonda kuzatilgan ocharchilik va qahatchilik haqida matbuotda o‘zbek arab imlosida e’lon qilingan materiallar hozirgi rasmiy imloda yaxlit hujjat va materiallar to‘plami shaklida berilgan.
Quyida kitobning “Ulug‘ Turkiston” gazetasida e’lon qilingan materiallarga bag‘ishlangan qismidan “Zarur masala”, “Ochliq” va “Ochliqdan qutiluvning choralari” maqolalaridan parchalar keltiriladi.
Zarur masala
Turkistonda so‘nggi ikki yildan berli davom etmakda bo‘lg‘an ochliq o‘ylanmag‘an, kutulmagan fojialarni ko‘z oldina ketirub bosdirdi. Sahroda qozoq-qirg‘iz ellarinda oilasi bilan ochliqdan qirilg‘an qardoshlarimizning ko‘milmicha, ko‘marga kishi bo‘lmicha shul eski kiyiz uylarinda sovub, yota-yota quri suyakga avruluvlari voqe’ bo‘lg‘an kibik, qishloqlarda-da “o‘likim janozasi ko‘milmi qolmasun”, deb yo‘l ustina kelub jon beruvchilarda hisobsiz bo‘ldi.
Shaharlardada turli fojialar davom etdi. Ochliq orqasinda paydo bo‘lg‘an turli qo‘rqunchli ovrular taraldi. Ochilg‘an bolnitsa-shifoxonalarimiz ovrular bilan to‘ldi. Belgili, ul xastalarning ko‘bisi halok bo‘ldilar. Orasinda turli xalq bo‘lg‘an kibik musulmonlar-da bor edi. Balki boshqalarg‘a qarag‘anda musulmonlar ortiq-da edi. Yangi va Eski shahardagi shifoxonalarning tevishli tartiblari har tarafdan yetushli bo‘lsa-da, bolnitsa terasinda yuruvchilarimizning so‘zlarini qarag‘anda musulmonlar uchun bik zo‘r bir kamchiligida bor ekan. Shifoxonada yotuvchilar orasinda musofirlar, qardoshsiz, tanish-bilishsiz kishilarda ko‘b bula ekan. Onglashiluvina qarag‘anda, bolnitsada vafot bo‘lg‘an musofir (er va xotun)lar yuvilmasdan, janozasiz va hatto kafansiz-da ko‘milalar ekan. Yuvilg‘anda-da xotunlarni erlar yuvu kibik ishlar davom etkanligi so‘ylana. Bu Yangi shahar musulmonlarining e’tiborsizlig‘i orqasinda vujudka kelgan fojialardir.
Eski shaharda ilk soyedinenniy tovarishestvo bo‘lg‘an o‘rinda ochilg‘an shifoxonadada yuqoridag‘i kamchilikning tom ma’nosi davom etkanligi eshitila. Yangi shaharda davom etmakda bo‘lg‘an yuqoridag‘i voqealar ko‘ngilni neqadar ranjitsa, faqat musulmonlardangina iborat bo‘lg‘an Eski shaharda shifoxonada vafot bo‘lg‘an musulmonlarning kafansiz va otlag‘an sayin bir masjid bo‘lub turub-da janozasiz ko‘miluvlari o‘zin islom dininda his etkan kishilar uchun g‘oyat ovir va hatto zo‘r bir haqoratdir.
Eski shaharning manufaktura-chit bozorinda eng ko‘b uchragan narsada oq doka-kafanlikdir. Mulla, muazzin, masjidlarimizning-da soni keragindan ortqan deyarga mumkin. Mana shul ishlarning borisinda e’tiborg‘a olub, ikki shahar ijroiya qo‘mitasi tevishli o‘rinlarg‘a kerak kishilarni ta’yin etsa, kafanlik uchun zarur bo‘lg‘an doka-chalmani bozordan keragincha rekvizirovat etub olsa, bizning musofirlarimiz yuvusiz, kafansiz, janozasiz ko‘milmas edi. Xotunlar mayitining ustinda erlarimiz bo‘lmas edi. Ul vaqtda islom dinining bir qonuni o‘rnina yetkarilgan kibik kishilik vazifasiningda kichkina bir moddasi o‘talg‘an bo‘lur edi.
Bir musulmon,
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi,
1918-yil, 12-oktabr sonidan
Ochliq
Turkiston o‘lkasinda ochliqning boshlang‘anlig‘i ko‘bdan so‘ylana edi. Hozir ko‘z oldimizg‘a keldi. So‘nggi kunlarda Toshkandning Eski va Yangi bo‘liminda uramlarda ochliqdan yig‘ilub yotuvchilarning soni kundan kun ortmoqda. Ochdan o‘luvchilarning ko‘bisi atrofdan — Farg‘ona, Qozog‘istondan keluvchilar bo‘lib, Toshkandning o‘z xalqi orasindada yo‘q tugul. Toshkandning Eski qisminda yerli xalq tarafindan ochlarni to‘ydiraturg‘an o‘rinlar hozirlangan kibik Yangi qisminda-da ruslar va tatarlar tarafindan oshxonalar ochilib, bu ishning chorasina kirishilsa-da, ochlarning kundan-kun ko‘bayuvi yalingiz ochliqdang‘ina kun sayin bir necha kishining o‘luvi olarg‘a yetarlik yordam etilmaganligi ochiq ko‘rsata.
Toshkandda hol bu bo‘lsa, oriroqda tag‘ida qo‘rqunchliroq. Masalan, Kaufmanskiy istansasinda (Toshkand O‘rta Osiyog‘a toba 20 chaqirim yerda) kun sayin 15 qadar qozoq qardoshlarimizning ochliqdan o‘luvlarin so‘ylilar. Belgili, olarning butunisi o‘la yerda amr etuvchi kishilar bo‘lmicha chet yerlardan dahshatli ochliq o‘lumindan qochub kelaturg‘ach, tiriklik kutkan o‘rinlarindan ajalni qarshilovchi bechoralar. Mana bular barisi ochliqning Turkistonda kundan-kun orta borg‘anin ko‘rsata. Oziq tartibi hozirgi borg‘an yo‘linda davom etsa, yaqin kelajakda Turkistonning ko‘b xalqi ochliq balosi orqasinda halok bo‘lajag‘i shubhasiz. Hozirgi kunda Turkistonning turli yerlarinda taralg‘an sipno‘y tif va shunga o‘xshash yug‘ushli ovrularning kundan-kun tomir jaya boruvi bunga dalil bo‘lsa kerak. Toshkandning Yangi qismindagi xalqg‘a berub turg‘an yorti qadoq ko‘machni hozirinda chirak qadoqg‘a qoldirdilar. Eshitiluvina ko‘ra, Andijonda 15 kun qadar komitetdan ko‘mach berilmi turg‘an. Hozirga qadarli Turkistonda yashovchi yerli xalqdan boshqalarg‘a butun narsalar deyarli komitetlar tarafindan yetishdirilub tura edi.
Bu so‘ngg‘i so‘zdan olarg‘ada qo‘rqunchning yaqinlashqanlig‘in onglarg‘a mumkin. Shulayda olar yerli xalqg‘a qarag‘anda bik teng va bik to‘q. Chunki Turkistonda 5 gina prosent tashkil etkan ul xalq 95 prosent tashkil etuvchi yerli turkistonlilarni ishlatub, olarning kuchi orqasinda turlicha yo‘llar bilan boyug‘an yo xudda o‘zlarining kelajagin ta’min etkanlar. Va hozirgi kunda-da shul hol davom eta, sababi esa olar yerli xalqg‘a qarag‘anda bilimliroq, tez ko‘ruvchanroq. Shuning uchunda olar hozirgi kunda yonlarinda ochliqdan kishilar o‘lub yotqani holda o‘zlarining uldagi kibik turmushlarin davom etdiradilar. Yerli xalq ochliqdan halok bo‘lub yotqanda, chetlarning uramlarda esirub yuruvlari olarning to‘qlig‘in ko‘rsatkan kibik yuqoridag‘i so‘zlar dalil bo‘la. Shul vaqtda Turkiston boylarining himmatsizliklarinida aytub o‘tmi mumkin tugil.
Yonlarinda o‘zining din qarindoshining ochliqdan o‘luvun ko‘rub turub, boylarimizning ko‘z yumuvina insoniyat nuqtai nazarindan va nada shari’at jihatindan hechda aqlg‘a siydururliq ish tugil. Ulamolarimiz-da ushbu vaqtda butun boylarni va xalqni yordamga chaqirub o‘zlari ish boshinda bo‘lib shul dahshatli ochliq balosina qarshi turuv o‘rnina, yo‘q-bor narsalar ortindan turli partiyalarga bo‘linub, nizo‘lashub yuruvlari butunlar islom sha’nina xilof ishlardir.
Durust, hozirgi hukumatda bu ishning chorasina kirishkanda, ammo ish bulay borg‘anda hukumatning yordami yetkanchaga qadar Turkiston ochliq orqasinda o‘zining bir necha minglar xalqindan ayrilaturg‘anlig‘i ochiq ko‘rina. Shulay bo‘lg‘achdan birdan bir chora 95 prosent tashkil etkan yerli xalqning o‘zining harakatinda qola. Insoniyat, islomiyat degan narsalarni eska tushurib, yo‘q-bor nizo‘larni chetka qog‘ob, birlashuv lozim. Ulamolarimizning vazifalari xalqni shul yo‘lda yordamga undov bo‘lg‘an kibik, boylarimizda himmat etarga, o‘zlarining boyliqlari bilan musulmon qardoshlarin ochliq o‘lumindan qutqaruvg‘a tevishli ekanliklarin esdin chig‘armasqa tevishlilar. Tez kunda butun jamiyatlarimizning bir ovozdan hukumatka murojaat qilub, ochliq halokatina qarshi tevishli tadbirlarni qat’iy suratda talab qiluv eng zarur ish bo‘lsa kerak.
Ey, buyuk shonli Turkiston! Sening o‘zingni xarobaga aylandiruvlarni o‘z bo‘lg‘an kibik, qizg‘anch xalqingnida dahshatli ochliq balosina uchratdilar…
Nuriddin Sayfulmuluk,
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi,
1918-yil 26-mart soni
Ochliqdan qutiluvning choralari
“Hurriyat”, “adolat”, “musovot” kabi naqliy bog‘onalar ustina qurulib turgan hukumatni yashatuv va sho‘luq asosqa binoan aytilajak “Jumhuriyat”ni vujudg‘a ketiruv uchun mutlaqo to‘qliq lozim. Oramizda hukmfarmo bo‘lg‘an ochliqdan qutilmi turib, halokat ishlarin tartibka soluv, siyosiy va ijtimoiy masalalar uchun madaniy va imroniy ishlarni intizomg‘a qo‘yuv mumkin tugil. Xalq hurriyatni g‘oyat xursandlik ila qarshi olsa-da “Hurriyat, hurriyat” degan kalimani takrorlov bilangina onlarning qursoqlari to‘ymi. Qora xalq ikki so‘zning birinda “Hurriyat bo‘lg‘ach hamma narsa arzonlar deb o‘ylag‘an edik, yo‘q, olay bo‘lmadi”, deydilar. Olarning shulay deyulari tabiiy edi. Olar har bir ishni tashqi yog‘i bilangina ko‘ralar.
Xalq och, qay bir mahalda uchar kun, do‘rtar kun oshami, ochliq uyinda beklanub yotuvchilar borlig‘i eshitila. Hatto ochliqdan o‘luvchilarda bulg‘alab tura, deb so‘ylilar.
Havolar yaxshi bo‘lub, yog‘murlar vaqtinda yog‘ub tursa, balki bu xafaliklar uzoqg‘a bormas edi. Lekin havoning quruqlig‘ina qarag‘anda istiqbolimiz bigrakda qo‘rqunchlidirki, Xudo ko‘rsatmasun, bu kungidan ovir hollarga uchraluvida mumkin. Har narsani ovir boshindan tutub ko‘ruv kerak. Bas, shu kundan ul kelajakni o‘ylab olddag‘i kunlarimiz uchun tadbir va choralar qila boshlarg‘a kerak. Chorasin qilg‘anda ochliqdan qutiluv bik oson bo‘lajak.
Inson yangi kiyum kiymaganligindan o‘lub qolmi. Vahshiy xalqlar butun kiyimsiz-da jon saqlilar. Ammo hech bir jon egasi bu qadarki oshamicha tiriklik etsun. (Bas, bundan so‘ngra butun Rusiyadagi yerlar ekin bilan tutulurg‘a tevish). Otna sayin yangi kiyimlar kiyib moturlanaturg‘an vaqtlar oldda ali. Muna sulh bo‘lar, dunyolar tinchlanur. Shul vaqtda bezanurmizda, tuzanurmiz. Bizning eqono‘mlarimiz avvaldan xato ishlaganlar. Onlar bulturdan shulay etarg‘a kerak edi. Alida bo‘lsa yun va momiq zavodlarida ishlovchilarni tezdan ekin ishina qo‘sharg‘a kerak.
Men bir ishka hayron qolam. Rusiyada gazmol oz deylar. Men bu so‘zga birda tushuna olmim. Rusiyada gazmol oz ekan (!), nega Qitoy Turkistonina yuz vag‘onlab gazmol chiqarildi? Men mundan bir oygina muqaddam Qoshg‘arda edim. Onda magazinlar Rusiya zavodlarindan chiqg‘an narsalar bilan to‘la. Xususan, gazmol benihoyat ko‘b. Qoshg‘ar savdog‘arlarining taxminlarina ko‘ra, Rusiyadan keltirilgan gazmol butun Qitoy Turkistonina uch yilg‘a yetarlik deb so‘ylilar.
Bu kunda Qitoy Turkistonindan oshliq bik ko‘b. Shuning ila barobar arzon. Olar bizdan o‘zlarina kerakli narsalarni uch-to‘rt yilg‘a yetarlik etub olub qo‘ydilar. Endi bizda olardan o‘zimizga kerakli narsani so‘rarg‘a tevishki, o‘zlarindan ortqan oshliqlarin bizga bersunlar. Va shulay etub, Germaniya bilan siyosiy munosabatlari kesilganligin isbot etsunlar. Biz shunida Turkistondan bir yilg‘a qadar momiqda olmiyiq, yunda olmiyiq, bo‘z va boshqa narsada olmiyiq, oshliqg‘ina oliyiq.
Mana shulay etkanda, Qitoyda bizning oqchamizning bahosida bir oz ko‘tarilurga mumkin. Hozirda Qoshg‘arda bizning bir so‘m qag‘ida oqchamizning bahosi faqat 24 tiyin hisob etila. Ul yerda bizning oqchaning bahosi tushuvga bir necha sabablar bor. Shul jumladan biri: Qitoy Turkistonindan ishchi keluvdirki, minglarcha kishilar Turkistong‘a kelub non jiritalar. Va Qoshg‘arg‘a rus oqchasi olub ketarlar. Tabiiy olar ul oqchani Qoshg‘arga borg‘achda sarroflarg‘a berub, pullarina olishdiralar. Sarroflarda rus oqchasi ko‘paydimu, ondan ori oning bahosi shul nisbatda tusha bera. Endi qisqasi ochliq bilan chinlabroq kurashuv kerak,
Dinimizning asosi bo‘lg‘an shafqat, marhamat oramizda qarorlasun. O‘zimizning tug‘anlarimizni qizg‘anuv, olarg‘a yordam etuv dinimizning amri bo‘lg‘an kibik turklikning yaxshi odatlarindandir. Biz bu kun dinimiz, odatimiz, imonimiz va vijdonimiz ilada boshqalarg‘a yordam qilurg‘a majburmiz. Qardoshlari ochqa telmirub oh-oh deya kun o‘tkargan vaqtlarda kayf-safoda yurgan kishilar vijdonsizlik, axloqsizlik birla hukm etilajakdir.
Unutmangiz qardoshlaringizni! Yo‘g‘olmasun turklikning yaxshi odati, oshig‘ingiz yordamga!
No‘shiravon Yovushef,
“Ulug‘ Turkiston” gazetasi,
1917-yil 13-may soni
Boymirza Hayit. “Bosmachilar: Turkiston milliy kurashi tarixi”. “Akademnashr” nashriyoti. 2023-yil. 373 sahifa.
Doktor Boymirza Hayitning Turkistondagi 1917−1934-yillar milliy ozodlik kurashiga bag‘ishlangan tadqiqoti ilk bor 1997-yili turk tilida chop etilgan edi. Kitob tarixchi olim Rustambek Shamsutdinov va Shahzodbek Boltaboyev tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilib, 2023-yilda “Akademnashr” tomonidan chop etildi.
Quyida kitobning “Milliy kurash bosqichlari” qismidan bir parcha keltiriladi.
Bosmachilar harakatining vujudga kelishi va tarqalishi haqida turkistonlik yirik sovet arbobi Turor Risqulov shunday degan edi: “Qo‘qondagi bosqinning izlari yo‘qolgunga qadar dastlabki 9 kun ichida turli talonchilik voqealari sodir bo‘ldi. Dashnoqlar darhol pul olish uchun shaharni talon-toroj qildi… Shu sharoitda dashnoqlarning Qo‘qonga kirib kelishi bilan barcha arman do‘kondorlari, vino savdogarlari, sartaroshlari, qassoblari va boshqa kasb egalari haqiqiy “inqilobchi”ga aylandilar va dashnoqlar harbiy qismlarining kelishi bilan shahar vayron bo‘ldi. Barcha ish joylari va do‘konlar talon-toroj qilindi, vitrina va omborlardan qimmatbaho buyumlar olib ketildi, qolgan buyumlar yoqib yuborildi. Ommaviy qotillik va otishmalar amalga oshirildi. Xalq bu voqealardan keyin muxtoriyatchilar haq ekan, bolsheviklar va sovetlar xudosiz, islomning dushmani ekan, degan xulosaga keldi.
Boshqa tomondan, bosmachilar yengilganlarini qabul qilmay, Andijonga hujum qilib, 70 qurol va minglab patronlarni qo‘lga kiritdilar. Garnizondagi dashnoqlar bu voqeada eski shahar qismida yashovchi aholini aybladi. Garnizonda qolganlar yig‘ilib, shaharning eski qismini talon-toroj qilish, o‘ldirish va qirishga qaror qildi. Bu hujum to‘liq bir hafta davom etdi. Natijada Andijonning eski shahar qismidan minglab odamlar bosmachilar safiga qo‘shildi. Bosmachilar mahalliy xalqning ko‘magi bilan 170 askardan iborat dashnoq bo‘linmasini o‘rab oldi, bir kishini ham qoldirmay hammasini o‘ldirdi.
Bu voqeada mahalliy xalq ayblanib, 170 kishilik Dashnoq bo‘linmasi uchun qasos olishga 250 kishilik qizil gvardiya harbiy qismi tuzildi. Bu bo‘linma oblast sovet ijroiya qo‘mitasi boshlig‘i Salayev boshchiligida Qo‘qonqishloqqa hujum qilib, qishloqni vayron qildi. Qochgan odamlarni 20 chaqirimgacha (1 chaqirim — 1600 metr) quvib bordi va ularning barchasi halok bo‘ldi.
Bosmachilar bilan yana bir harbiy qism Suzoq qishlog‘i atrofida to‘qnashdi. Qishloq aholisi bosmachilarni daryoning bandargoh qismiga yashiradi, shuning uchun qishloq aholisini birortasini ham qoldirmay otib tashlashadi va ularning jasadlari bir oy davomida itlarga yem qilinadi.
Qizil armiyaning uchinchi bo‘linmasi Konovalov (keyinchalik Farg‘ona vodiysidagi qizil gvardiya qo‘mondoni) boshchiligida bosmachilarni topish uchun Bozorqo‘rg‘onga boradi. Bu birlik oldinga siljib borar ekan, iloji boricha e’tiborni jalb qilmasdan, yashirincha hujumni davom ettirishni afzal ko‘rdi. Bozorqo‘rg‘onga yetib kelgach, 24 soatlik jang natijasida bosmachilar jang maydonidan yashirincha chekinadi. Konovalov Bozorqo‘rg‘onni tark etgach, hududda bo‘lgan rus mustamlakachisi Nikolskiy hududini tozalashni topshiradi.
Bozorqo‘rg‘on 22 kun davomida “tozalanadi”. Ular o‘z harakatlarini avval talon-toroj qilish, keyin o‘ldirish va oxir-oqibat hech narsa qoldirmasdan, hamma narsani yo‘q qilish bilan yakunlashdi. Erkaklar bosmachilarga yordam bergani uchun qatl qilinar ekan, bolalar bir kun ulg‘aygach bosmachi bo‘lib qolish ehtimoli bor, degan o‘y bilan otib tashlanadi.
Mustamlakachilar xalq bilan uchta tinchlik shartnomasi tuzdi. Nihoyat ular odamlarning jasadlarini ko‘mishga ruxsat berishdi. Xalq o‘liklarni yig‘ishtirib, qabr boshida namoz o‘qib diniy burchlarini bajarayotgan bir paytda ruslar yana hujum qilib, qurollari bilan namozxonlarni ayovsiz o‘ldirdi. Bozorqo‘rg‘ondagi bu bu voqea qo‘rboshilarning rus mustamlakachilariga nisbatan nafratini yanada oshirgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir.
Bu voqealardan keyin barcha rus dehqonlari qurollantirildi, Jalolobodda dehqon qo‘shinining shtabi tuzildi, xuddi shunday amaliyot Farg‘ona vodiysida 1916-yilda Yettisuv hududida amalga oshirilgan edi. Dashnoqlarning bu kabi xatti-harakatlari, rus ma’murlarining uzoqni ko‘ra olmasligi va noloyiq xatti-harakatlari mintaqada bosmachilar sonining ko‘payishiga sabab bo‘ldi".
Abdusattor Tojiboyev. “Niqoblangan razolat yoxud gdlyancha „adolat“”. “Akademnashr” nashriyoti. 2022-yil. 256 sahifa.
1980-yillarda sovet davlati rahbariyati tomonidan O‘zbekistonga Telman Gdlyan boshliq tergovchilar guruhi tashlanadi va ular “Paxta ishi” degan uydirma bilan o‘zbekistonliklar boshiga ko‘plab kulfatlarni yog‘diradi. Abdusattor Tojiboyevning 2022-yilda nashrdan chiqqan kitobi bu “desantchilar”ning qabihliklari haqida hikoya qiladi.
Quyida kitobning “Beshafqatlik — maqsadga yetish kaliti” qismidan parcha havola qilinadi.
Siz tibbiy yordamni ma’n qilgan jabrlanuvchilardan biri Odilbek G‘oyipov bo‘lib, aslida u ham hech qanday aybi bo‘lmagani holda siz tomoningizdan ushlab kelinib, qamab qo‘yilgan edi.
Tergovchi Y.Pisarevskiy: “To‘plangan „dalillar“ O.G‘oyipovning poraxo‘rligini isbot qila olmas edi. Bu to‘g‘rida Gdlyanga aytdim va uning kasalligi, salomatligi tobora yomonlashayotganini aytib, uni qo‘yib yuborishni talab qildim. Har kuni bir xilda davom etadigan bunday qiynoqli so‘roqlardan kishi aqldan ozishi yo o‘z joniga qasd qilishi mumkin, dedim. G‘oyipov faqat yig‘lar, Gdlyan huzuriga so‘roqqa bora olmasligini aytar edi”.
Albatta, G‘oyipovni uch yildan ko‘proq qamoqda saqlash ham “natija” bermaydi, chunki u mutlaqo beayb edi. Shundan so‘ng sud uni oqlab yuboradi.
Endi yana sizning qo‘l ostingizda ishlagan tergovchilar bergan ba’zi ma’lumotlarga murojaat qilsak.
Tergovchi Bosh: “Men tergovchi Mlinarskiyni Buxoroga yuborgan edim. Lekin u tez orada Toshkentga qaytib keldi. Buning sababini so‘raganimda, u: „Shef, men avaxtaga tushishni xohlamayman, bizning Ukrainada bunday ishlar uchun qamaydilar“, deya javob berdi”.
Ha, Mlinarskiy sizning tergov guruhingizning vahshiyona ish uslubini mutlaqo qabul qila olmagan edi. Shundan so‘ng tez orada uni ham o‘z guruhingizdan chetlatasiz.
Tergovchi Skversev: “1986-yil 13-yanvarda Gdlyan men bilan birgalikda I.Sattorovni so‘roq qilgani kelgan. Uni juda qo‘pol haqorat qilgan. Xotiningni, bolalaringni jinoiy javobgarlikka tortamiz, deya qo‘rqitib, uning bir qator mansabdor shaxslar ustidan ma’lumot berishiga erishgan. Bu harakatlar, aslida, RSFSR Jinoyat kodeksining 179-moddasi bilan jazolanishga loyiq jinoyatdir”.
Tergovchi Klokol: “Gdlyan va Ivanovlar bilan to‘qnashish natijasida men shu narsaga ishonch hosil qildimki, ayblanuvchi kishi tergovchilarning „iltimosi“ bo‘yicha o‘zlari yozib beradigan arizalarida O‘zkompartiya Markaziy Komiteti, KPSS Markaziy Komiteti xodimlariga go‘yoki pora berganligini yozishi hamda har qanday vaziyatda ham o‘z fikrida qattiq turib, uni o‘zgartirmasligi kerak edi. Shaxsan men uchun bunday ishlar kutilmagan hol edi”.
SSSR IIV xodimi M.Averkov: “Men Gdlyan bilan birga ishlashdan nimadandir cho‘chiganimdan emas, balki odamlarni tahqirlashni o‘zimga ep ko‘rmaganimdan voz kechganman”.
Tergovchi Kovalenkov: “Meni tergovchi sifatida Ivanov olib borayotgan ish uslubi hayron qoldirardi. U ko‘pincha hech qanday ish qilmay, yurib-yurib, keyin birdan o‘tirar edi-da, so‘roq qilinadigan kishining o‘zi yo‘q paytida so‘roq protokoli yozib qo‘yar edi. Keyin esa o‘sha shaxsni chaqirar va yozgan protokoliga imzo chekishni talab qilardi”.
Ha, shogirdingiz ham qonunbuzarlikda o‘zingizdan qolishmas va sizning “noyob” tajribangizga, ya’ni gdlyancha “adolat”ga og‘ishmay amal qilar edi.
Umuman, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, yuqoridagi kabi holatlar sizlarning ustingizdan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha tashkil etilgan tergov guruhining boshlig‘i Viktor Ilyuxinni quyidagi qarorga kelishga majbur qilgan edi: “Gdlyanchilar qonunga xilof usullarni qo‘llash bilan jinoyatga hech bir aloqasi bo‘lmagan odamlarni o‘ziga va boshqalarga nisbatan tuhmat qilish darajasigacha olib borgan. O‘zlarining shaxsiy jamg‘armalarini tergovchilarga topshirishga, qarindosh-urug‘laridan, tanish-bilishlaridan pul qarz olishga, butun qishloq bo‘ylab, mahallama-mahalla yurib pul yig‘ishga majbur qilgan. Ko‘p hollarda ular do‘konlardan zargarlik buyumlarini sotib olib, jinoiy yo‘l bilan topilgan buyum sifatida olib kelib topshirgan. Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, pul va buyumlarni bu holda „musodara qilish“ butun O‘zbekiston bo‘yicha amalga oshirilgan”. Bu yerda izohga hojat bo‘lmasa kerak.
Shu xususda yana bir-ikki mutaxassisning fikri bilan tanishish ortiqchalik qilmaydi, deb o‘ylayman.
Tergovchi A. Juchkov: “Protsessual masalalardan bexabarligiga qaramay, Gdlyanni mamlakatimizda poraxo‘rlikka qarshi kurashchi qilib ko‘rsatib, uning atrofida shov-shuv ko‘targanligi uchun matbuotimiz ham ko‘p jihatdan aybli. O‘zining oshkora chiqishlarini oqlash uchun Gdlyan har qanaqa ishdan ham toymadi, qilayotgan ishi qonunga to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘ylamadi ham”.
Prokuror: R.Ovcharova: “Bu brigadada (Gdlyan brigadasida demoqchi — tahr.) ishlayotgan odamlarni bundan keyin birorta ham ishni ko‘rishga yaqinlashtirib bo‘lmaydi, chunki ulardan faqat bitta narsani — odamlarni mayib-majruh qilishnigina o‘rganish mumkin”.
SSSR IIV bosh tergov boshqarmasi boshlig‘i, adliya general-leytenanti V.Novikov: “Gdlyan guruhi olib borgan tergov ishlari davomida qonunchilik qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lib, bunday qonunbuzarliklar jinoiy ahamiyat kasb etadi”.