Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan 3 nafar voyaga yetmagan bola yaqin qarindoshlarining murojaatlari asosida vatanga qaytarildi, deya xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi.
Qayd etilishicha, turli sabablar tufayli ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 16 va 6 yoshli 2 nafar qiz va 11 yoshli o‘g‘il bola 2-oktabr kuni mas’ul xodimlarning kuzatuvi ostida Toshkent shahriga yuborilgan.
Jarayon konsullik, O‘zbekiston Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamkorligida amalga oshirilgan.
Ota-onalardan voyaga yetmagan farzandlarini xorijiy davlatlarda nazoratsiz qoldirmaslik va fuqarolardan esa chet elda qarovsiz qolib ketgan bolalar to‘g‘risida zudlik bilan O‘zbekistonning xorijiy diplomatik vakolatxonalariga xabar berish so‘raldi.