“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning sentabr oyi yakunlariga.
Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil sentabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan sentabr oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.
“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar
Reportaj. Portlash, zaharli gaz va badbo‘y is: Boysun qanday yashayapti?
1-sentabr kuni Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koniga qarashli 604-sonli quduqda tarkibida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishi boshlangan edi. “Gazeta.uz” jamoasi gaz sizib chiqqandan keyin haqiqiy holat qandayligini o‘rganish maqsadida 14−15-sentabr kunlari Boysunda bo‘lib qaytdi. Bu orada gaz sizib chiqayotgan joy yopilib, takroriy avariya yuz berishga ham ulgurdi.
Intervyu. Ma’lumotlarning fuqarolik jamiyati uchun ham ochiq bo‘lishi juda muhim — Feliks Elvert
Viskonsin universiteti professori Feliks Elvert “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida oila dinamikasi, demografiya, ma’lumotlar ochiqligi masalasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. “Biz kabi tadqiqotchilar O‘zbekistonga kelib, oxir-oqibat Fransiya haqida tadqiqot qilishga majbur bo‘lishini istamaymiz”, deydi u.
Rus tilida: Yangi Toshkent bosh arxitektori bilan intervyu
Yangi Toshkent qurilishi odamlarda ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Masalan, bu loyiha qanchaga tushadi? Yangi shahar uchun poytaxtda suv yetarlimi? Unda suvdan qanday qilib tejamkorlik bilan foydalanishmoqchi? Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun qanday ishlar amalga oshiriladi? Yangi Toshkentning arxitekturasi qanday bo‘ladi? Shaharning energiya ta’minoti bo‘yicha rejalar o‘zgarishi mumkinmi?
“Gazeta.uz” shu va boshqa savollar bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahri qurilishi direksiyasining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, oddiy qilib aytganda, Yangi Toshkentning bosh me’mori Saidazim Sharipovga murojaat qildi.
Bir tom ostidagi hamkorlarimizning materiallari
Afisha.uz. “Fazo” guruhi qayta tiklanishi mumkin — Shukur Fazo bilan katta intervyu
Abdushukur Abdurahmonov nafaqat “Fazo” guruhi, balki “Fotima va Zuhra”, “Janob hech kim” kabi filmlardagi rollari bilan ham tanilgan. 10 yil davomida Rossiyada yashagan xonanda hozir Toshkentda. U “Afisha.uz” tahririyatida mehmon bo‘ldi.
Spot. Talabalar turar joyini qanday topish mumkin?
Toshkentda talabalarga ijaraga turar joy topishda ko‘mak beradigan markazlar ish boshlagan. “Spot” O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetida tashkil etilgan xizmat misolida talaba qay tartibda markazga murojaat qilishi mumkinligi haqida videoqo‘llanmani taqdim etdi.
Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar
Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil sentabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.
IsomTV. 35 bloger 50 mln so‘m uchun kurashadi. Dream Park’da
O‘zbek Youtube’ida ancha mashhur hisoblangan, lekin so‘nggi oylarda faoliyati to‘xtab qolgan kanal sentabrda jonlandi. IsomTV bu gal 35 nafar bloger o‘rtasida 10 ta chellenjdan iborat o‘ziga xos musobaqa o‘tkazdi. Shuningdek, oy boshida IsomTV jamoasi, yozda boshlangan trend ta’sirida, Toshkentdan Qoraqalpog‘istonga tomon yo‘lga tushdi. Trend muallifi haqida esa bu yerda batafsil o‘qish mumkin.
subyektiv. Suvsiz O‘zbekiston
O‘zbekiston suv yetishmovchiligi bo‘yicha dunyoda 25-o‘rinda, suv sarfi bo‘yicha 12-o‘rinda. Mamlakatga suvning 80 foizi qo‘shni mamlakatlardan keladi. Qo‘shimchasiga, qurib qolgan Orol dengizi ham bor. “subyektiv” mazkur eski muammoning yangi tafsilotlari haqida ko‘rsatuv tayyorladi.
NmaGap. “Man reperman, lekin artistmasman!” Asl Wayne
“NmaGap” podkastining bu galgi sonida reper Asl Wayne mehmon bo‘ldi.
Kun.uz. Boysunliklar 2-avariyadan keyin qanday yashayapti?
sentabrning eng muhim voqealaridan biri, shubhasiz, Boysundagi gaz avariyasi bo‘ldi. “Kun.uz” ham Boysundan reportaj tayyorladi. Unda qayd etilishicha, Boysunda o‘quvchilarning gazdan zaharlanib, yiqilib qolishi holatlari kuzatilgan. Muxbirlar bilan suhbatlashgan aksar aholining fikricha, konni burg‘ilayotgan pudratchi kompaniya yetkazilgan zararlar uchun kompensatsiya to‘lashi kerak.
NQE podcast. Biz soliq to‘lamayapmizmi? | Akmal Mirzo, Troll.uz (Umid Gafurov) Teacher Azam
Esda qolarli voqealardan yana biri — radioboshlovchi Akmal Mirzo o‘zbekistonliklarni “soliqlardan qochib yuradigan xalq” deb ta’riflagani va budjet xarajatlari haqida tanqidiy fikr bildirganlarning o‘zi qancha soliq to‘layotganini ochiqlashga chaqirgani bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar qizigach, A’zam Qahramoniy (Teacher Azam) o‘z podkastiga Akmal Mirzo va unga qarshi chiqqan Umid Gafurovni chaqirdi.
Texnoplov. Dunyoni kim boshqaradi? Fitna nazariyalari
“Texnoplov” o‘zining navbatdagi videosini fitna nazariyalariga bag‘ishladi.
U kim edi? Laqaydan chiqqan Bonapart | Ibrohimbek
Bloger Nurbek Alimov o‘zining “U kim edi?” loyihasi navbatdagi sonini sovet hukumatiga qarshi kurashgan Ibrohimbek Laqayga bag‘ishladi.
Lolazor. Korrupsioner rahbarlarga siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerak
“Lolazor” podkasti avgust tanaffusidan qaytdi. sentabr oyida uchta son chiqdi (xususan, bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bilan ham), ular orasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov mehmon bo‘lgan son eng ko‘p ko‘rildi.
Pakapak. iPhone 16 Pro Max vs Samsung Galaxy S24 Ultra! Qaysi biri yaxshiroq?
Apple sentabrda iPhone 16 ning taqdimotini o‘tkazdi. Texnoblogerlar esa, har doimgidek, bu qurilmalar to‘plamining eng kuchlisi hisoblangan iPhone 16 Pro Max’ni asosiy raqobatchi — Samsung’ning Galaxy S24 smartfoni bilan taqqosladi.
Markaziy sektor. Terma jamoada kim asosiy darvozabon bo‘lishi kerak?
“Markaziy sektor” loyihasining navbatdagi soni asosan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-tur uchrashuvlari tahliliga bag‘ishlangan. Ayni vaqtda, sarlavhadan ma’lum bo‘lganidek, milliy terma jamoa o‘yinlari haqida ham gap borgan.
E’tibor berganmisiz? Islom Karimov, Bekzod Yusupov, Navruz Hikmatov va Abdulaziz Hakimovich
“Sahna” stendap klubidagi shoulardan biri “E’tibor berganmisiz?” deb ataladi. Shou davomida ishtirokchilar o‘zi bilan bog‘liq tayyorlab kelingan mavzuda gap ochadi, qolgan komiklar esa hikoya davomida turli hazillarni improvizatsiya qilishi lozim bo‘ladi.
Susambil. Minecraft treylerining o‘zbek tilidagi tahlili ӏ Minecraft olami bilan tanishuv
Qariyb 10 yildan beri tayyorlanayotgan Minecraft filmining treyleri nihoyat e’lon qilindi. Nodir Nishonov bu treylerni tahlil qilibgina qolmay, Minecraft olamiga nazar ham tashladi. Nima uchun treyler Minecraft muxlislariga yoqmadi? Fanatlar tayyorlagan treyler nima uchun original treylerdan qiziqroq? Umuman, treylerdan taassurot qanday? “Susambil” shu kabi savollarga javob izlagan.
Otasiz podkast. Otam xalq orasida ham mashhur, ham sevimli inson bo‘lgan
“Otasiz” podkastining bu galgi sonida Iskandar Rustam o‘g‘li Hamroqulov mehmon bo‘ldi. U bilan otasining xalq sevgan ijodkor bo‘lgani, o‘zi ham otasining yo‘lidan ketgani, otasizlikning qiyinchiliklari haqida suhbatlashildi.
Fikr yetakchilari. Mahsulotlar nega sotilmayapti? Eksport mutaxassisi bilan podkast
Bu yil O‘zbekistonda ba’zi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxi keskin tushib ketdi. Buning oqibatida turli iqtisodiy muammolar vujudga keldi. “Fikr yetakchilari” podkasti “Teodora Goods” va “Dalatek” kompaniyalari asoschisi, 7 yildan buyon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanib kelayotgan Dildora Atajanova bilan bu holatning sabab va oqibatlari haqida suhbatlashildi.
EKG. Tarixiy stendap — Chingizxon, Mendeleyev, Pushkin, Gandi, Betxoven
Stenpad yo‘nalishida ham yangi yuzlar, yangicha yondashuvlar tobora ko‘payib boryapti. EKG loyihasi ijodkorlari bu safar tajriba tariqasida tarixiy personajlarni stendap orqali jonlantirib ko‘rdi.
Aslida. Dee Hanim bilan
Mehrinoz Abbosovaning “Aslida” loyihasi avgust tanaffusidan qaytdi. Bu gal loyihada Dilrabo Norqulova (Dee Hanim) mehmon bo‘ldi.
Ilmokratiya. O‘qituvchi YouTube’dan qiziqroq dars berishi shart!
“Ilmokratiya” loyihasida siyosatshunos Hamid Sodiq mehmon bo‘ldi.
Ular. Shaka Dubaydagi 9 yil, oila qurish stresslari, may haqida
“Ular” loyihasining navbatdagi mehmoni — reper Shaka. U bilan Dubayga ketishi va qaytishi sabablari, oldingi va hozirgi ijodi, bugungi rep, oila qurish muammolari haqida suhbatlashildi.
102tv. Konsta: Xalqimiz birlashishi kerak
“102tv” loyihasining “Muvaffaqiyat kalitlari” podkastida reper Konsta (Sharif Abdullayev) mehmon bo‘ldi.
Sigma. To‘ylar, poyga, rep va nutqni yaxshilash | Shokir
“Sigma” podkasti reper Shokir mehmon bo‘ldi. U nutqni qanday qilib yaxshilash, rep o‘qishni o‘rganish, o‘zbek shou-biznesida nimalar bo‘layotgani, albomlar, hayotiy qadriyatlar haqida gapirdi.
Hoshimov iqtisodiyoti. Daron Ajemo‘g‘li — texnologiya va farovonlik masalasidagi urinishlarimiz
Iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasida jahondagi eng mashhur iqtisodchi olimlardan biri, “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi hammuallifi Daron Ajemo‘g‘li mehmon bo‘ldi.
Qurultoy. Tuyaga o‘rnatilgan haykal, ov an’anasi, birinchi egarlar, qora molni minish
Inson qadimdan hayvonlar bilan turli shaklda aloqada bo‘lgan — dastlab ularni ovlagan, so‘ng xonakilashtirgan. Bugungi kunda esa insonlar faqatgina bu ishlar bilan cheklanmay, yovvoyi tabiatni asrashga ham harakat qiladi. Bu jarayonda tarixan hayvonlar bilan bog‘liq turli qarashlar shakllangan — ularni totem hayvon deb bilishgan, ularni boqish yoki ovlash bilan bog‘liq turli urf-odatlar shakllangan. “Qurultoy”ning navbatdagi sonida mana shu kabi urf-odat va qarashlar o‘zbek xalqida qay darajada saqlangani, ularning tarixi borasida etnograf olim Ahror Azizov bilan suhbatlashildi.
1000KITOB. “Bu kitob ta’lim tizimizni yaxshilashga yordam beradi”
1000KITOB podkastida ta’lim bo‘yicha ekspertlar Komil Jalilov va Shokir Tursun bilan ta’lim, pedagogika, darsliklar va O‘zbekistondagi ta’lim tizimi haqida suhbatlashildi.
Diqqat, savol! “Zakovat” ommalashishi uchun nimalar qilish kerak?
“Diqqat, savol!” podkastida “Zakovat” bilimdoni Nodira Turg‘unova hamda “Zakovat Asian Cup” g‘olibi Sardor Ahmedov bilan Qozog‘istonda iliq kutib olingan musobaqa, “Zakovat”ning ommalashuvi, “Zakovat” va “Breyn-ring” intellektual o‘yinlarining farqi kabi mavzularda suhbatlashildi.
+1 Podcast. Ajrashish — baxtsizlikmi yoki yechim?
+1 podkastida psixolog Mushtariy Abdullayeva bilan farzandi bor ayollarning ajrashishdan keyingi muammolari haqida gaplashildi. Xususan, bu jarayonda farzand ruhiyatida qanday o‘zgarishlar ro‘y berishi, ish va bola tarbiyasi o‘rtasida muvozanatni saqlash, ajrashish — tamg‘a emasligi kabi mavzularda so‘z bordi.
Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?
Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.