“Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik tufayli elektr energiyasi uchun to‘lovni cheklay boshlagani haqidagi xabarlarga javob qaytardi.
Ijtimoiy tarmoqlardan olingan skrinshot.
Prezident farmoni bilan 2024-yil 1-iyundan O‘zbekistonda chiqindi yig‘ish uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklash rejalashtirilgandi. Avvaliga bu tartib Toshkent shahrida, 1-noyabrdan Nukus va viloyat markazlarida, 2025-yildan esa butun respublika bo‘ylab joriy etilishi ma’lum bo‘ldi.
Hujjatda maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun oylik to‘lovlar bo‘yicha qarzi bor abonentlarni SMS orqali xabardor qilish ham nazarda tutilgan.
Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida oktabr oyidan “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi tomonidan 2100 qisqa raqami orqali bildirishnomalar jo‘natish boshlandi.
“Ayni paytda „Hududiy elektr tarmoqlari“ AJ tomonidan chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilgandan so‘ng, qarzdorlikni bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish bo‘yicha ham texnik ishlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz”, — deyiladi xabarda.
Chiqindi qarzdorligi uchun yuborilgan xabarnomalar bo‘yicha iste’molchilardan kelib chiqayotgan shikoyatlar bo‘yicha chiqindi yig‘ish va tashish xizmatlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz. “Hududiy elektr tarmoqlari “AJ bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida xabar yuborayotganligini ma’lum qiladi, deya qo‘shimcha qildi tashkilot.
Korxonaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, kompaniya xabarnomalar jo‘natmoqda, biroq elektr energiyasi uchun to‘lov imkoniyatini cheklamagan. Sababi, bunda elektr energiyasi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etiladi.
2020-yil dekabr oyida debitorlik qarzini kamaytirish maqsadida Toshkent shahrida chiqindi yig‘ish to‘lovlari iste’molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi tarifiga kiritilishi mumkinligi xabar qilingandi. Biroq, bu tartib amalga oshirilmadi.
Yanvar oyi boshida Toshkent shahridagi aholi va tashkilotlar uchun chiqindi to‘plash va olib chiqib ketish xizmati narxi 1,5−1,6 baravarga oshdi — uyda yashovchi har bir kishi uchun oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar uchun 53 986 so‘mdan 89 966 so‘mgacha.