Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi Samarqand viloyatida 5,5 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan mayning fermani aniqladi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” rasmiy kanalida xabar berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyatning Toyloq tumanidagi “Chorog‘bon” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro tijorat maqsadida 55 ta to‘plamdagi mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, noqonuniy foydalanib kelgan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 5 mlrd 528 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi, deyiladi xabarda.
2024-yilning birinchi yarmida “O‘zenergoinspeksiya” noqonuniy kripto-valyuta bilan shug‘ullanilgan 75 ta holatni aniqladi. Elektr energiyasini noqonuniy sarflashdan yetkazilgan zarar 81,6 mlrd so‘mga baholandi.
Aprel oyida Sirdaryoda 107 ta qurilmadan iborat eng yirik mayning fermalaridan biri topildi. Ikki yil ichida u 34,3 milliard so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida O‘zbekistonda kriptoaktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish yoki jarimaga tortish jazosi tayinlandi.