Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1-sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi M-25 konida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishi boshlangan hodisa hali bartaraf qilinmaganini ma’lum qildi. U bu haqda Lolazor podkastida aytib berdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnogen hodisalarni bartaraf qilish 3 oydan 6 oygacha vaqt oladi.
“Hozir u yerda mutaxassislar ishlayapti. Yopilgani yo‘q. Sababi, bilasizlarmi, o‘sha kuni ham sxemada ko‘rsatdik, bunday holatlarni fontan deydi, avariya deydi. O‘zbekiston tarixida bunday yirik texnogen hodisalar 6 marta bo‘lgan. Ko‘pchilik internetda O‘rtabuloqni [gaz koni]ni aylantirdi, 3 yil davomida yopilgan. [Bunday jarayon] 3 oydan 6 oygacha vaqt oladi, chunki yuqori bosim, texnogen bo‘lgandan keyin o‘sha narsani sindirib yuborgan, chiqib ketgan, yorib yuborgan, uni yopishning har xil usullari bo‘ladi. Hozir birinchi ustiga „zaglushka“ qo‘yib yopildi, haqiqatdan o‘rnatilgan. Lekin vodorod sulfid tarkibida gaz bo‘lgani uchun yemirib yuborgan yerlarning bir yeridan sizib, yana qayta chiqib ketdi”, — dedi u.
Energetika vaziri hozir o‘sha yerni yopish bo‘yicha ishlar ketayotgani, parallel ravishda qolgan variantlar ham ko‘rilayotganini aytdi. Buning guchun AQSh, Ozarbayjon kabi davlatlardan maxsus kompaniyalar vakillari chaqirilgan.
“Turli xil uskunalar olib kelindi, moslashtirilyapti, xavfsizlik ishlari qilindi. Amerikadan mutaxassilar keldi — Sudo well control degan avariya holatlarini bartaraf qiluvchi dunyodagi birinchi raqamli kompaniya bor, Halliburton keldi, Schlumberger`ni chaqirdik, Ozarbayjonning Socar kompaniyasining brigadasi keldi — ular ish rejani, hammasini ko‘rib, nima qilinyapti, qanday qilinyapti, ko‘rib, ko‘rilayotgan choralar to‘g‘riligini tasdiqladi. Qo‘shimcha uskunalar olib kelindi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Uning aytishicha, hozirgi reja o‘xshamasa, boshqalari ko‘riladi va bu 2−3 oy olishi mumkin.
“Texnologiya tarafdan bosim yuqori, u yerga borish faqatgina tegishli kislorod niqoblari, to‘liq xavfsizlik bilan. U yerda yarim soatdan ko‘p ishlab bo‘lmaydi. Chunki kislorod ballonlar yarim soatga yetadi, keyin brigadalar almashadi, tizim qilingan. Shu orqali hozir bartaraf etish choralari ko‘rilyapti. Bir qism gaz chiqarilib, yoqib yuborildi, ya’ni zararni kamaytirish maqsadida. Hozir shu chora ko‘rilyapti. Endi 2−3 kundan keyin o‘sha moslamani bular o‘rnatadi, yopishga harakat qilishadi, yopa olishsa, yaxshi, bo‘lmasa, keyingi ssenariylar ko‘rilib, “skvajina”ni ochib, yonidan qo‘shimcha “skvajina” burg‘ulab, shu orqali yopishga harakat qilinadi. Bu 2−3 oy olishi mumkin”, — dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 1-sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumani Ko‘lqamish mahallasi hududida joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-son quduqda burg‘ilash ishlarini olib borish vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi boshlangan edi.
2-sentabrga o‘tar kechasi FVV quduq yaqinidagi aholi evakuatsiya qilingani, vaziyat to‘liq nazoratga olingani, vahimaga o‘rin yo‘qligi haqida bayonot berdi. Shuningdek, prezident topshirig‘iga asosan voqea joyiga bir guruh mas’ullar, xususan, bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yetib borgan.
Baxtsiz hodisani bartaraf etish ishlari ikki hafta davom etdi. 15-sentabr kuni soat 16:50 da sizib chiqish to‘xtatildi. Burg‘ilash ishlarini olib borayotgan Eriell kompaniyasining ma’lum qilishicha, quduq germetiklangan va so‘ndirilgan.
Hodisadan keyin yaqin atrofdagi Kofrun qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilingan. Odamlar vodorod sulfidining kuchli hidi haqida xabar bergan va bosh og‘rig‘i va ko‘ngil aynishidan shikoyat qilgandi. Reaktiv samolyotni eslatuvchi chiqayotgan gaz ovozi bir necha kilometr uzoqlikda eshitilgan.
Eriell’ning ta’kidlashicha, “hodisa oqibatlarini bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf bo‘lmagan”. “Atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini o‘lchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar o‘rnatildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, atmosferada zararli moddalarning ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyasidan oshib ketish holatlari kuzatilmayapti”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Loyiha texnologiyasida ta’kidlanishicha, Boysun gazni qayta ishlash majmuasining o‘ziga xosligi qazib olingan xomashyo (gaz) tarkibidagi kislotali komponentlar — vodorod sulfidi (H2S, ulushi 5,5 foiz, metan ulushi 83,85 foiz) va karbonat angidrid (CO2, ulushi 8,3 foiz), kuchli korroziy aralashmalar, ma’lum sharoitlarda po‘lat quvurlari va ular bilan aloqada bo‘lgan asbob-uskunalarga jiddiy xavf tug‘diradigan, shikastlanishi va/yoki yo‘q qilinishi atrof-muhitning ifloslanishi, mahsulot yo‘qotilishi, moddiy zarar va boshqa salbiy oqibatlarga ega.
Vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu ko‘pincha toksik manba bilan aloqani o‘z vaqtida aniqlash va to‘xtatish qobiliyatining yo‘qligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Sodir bo‘lgan yangi avariya oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani tasdiqlangandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov halok bo‘lgan fuqarolarning oilalari pudratchi tashkilot qaramog‘iga olinishini ma’lum qilgandi.
“Gazeta.uz” holat, hududdagi vaziyat, uning ehtimoliy yuzaga kelish sabablari, shuningdek, loyiha va uni amalga oshirishda ishtirok etgan kompaniyalar haqida batafsil yozgandi.