Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Lolazor podkastida qish mavsumi uchun O‘zbekistondagi gaz omborlariga 5,1 milliard kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlanganini ma’lum qildi.
“Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik barvaqt boshlangan. Fevral oyidayoq prezidentimiz tizimlarni tayyorlash, mavjud kamchiliklardan olingan saboqlarni inobatga olgan holatda barcha tizim — qazib chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va generatsiyani tayyorlash bo‘yicha topshiriq berganlar”, — dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, yil davomida generatsiyaga, qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirishga katta e’tibor berilgan. Buning sababi esa oldingi yillarda eng katta muammo generatsiyadagi taqchillik tufayli yuzaga kelgani bo‘lgan. Chunki iste’mol oshib borgan, yangi quvvatlar esa yetarli darajada qo‘shilmagan.
“Bu o‘rinda eng asosiy narsa — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining generatsiya quvvatlari ishga tushirilishi. Keyinroq qancha nima qo‘shilgani, qanday samara berganini raqamlarda ko‘rsatib berishim mumkin. Eng asosiysi, barcha turdagi yoqilg‘i turlari zaxiralarini tayyorlash kabi tayyorgarlik ko‘rildi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Vazir, shuningdek, qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxirasini yaratish masalasiga haqida gapirib o‘tdi.
“Otabek [Bakirov] aka bir necha bor „aytishmadi“, deb yozdilar. Yevropada avval 75 foiz, keyin 95 tabiiy gazni g‘amlab bo‘ldik, deb aytishdi-ku? Bugungi kunda bizda qish mavsumi uchun yerosti gazni saqlash omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlandi. Agar solishtiradigan bo‘lsak, bu o‘tgan yilgi hajmlarga nisbatan 1,1 mlrd kub metr ko‘proq degani”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonning “Gazli” va “Xo‘jaobod” yerosti gaz omborlari 98 foizga to‘lgani ma’lum qilingandi.
Vazir, shuningdek, o‘tgan mavsum ma’lum bir vaqtlarda kompressor agregatlarning nosozligi kuzatilgani, texnika ishlamaganligi tufayli buzilishi, boshqa holatlar kuzatilganini ta’kidladi.
“Keyin xabaringiz bor, 16-fevral kuni Buxoro-Gazli 110 liniyasi muzli yomg‘ir yoqqani sababli elektr ta’minotida uzilish, avariya bo‘lgan, 5 ta yerda uzilgan. Uni bartaraf etishga 2 kun vaqt ketdi”, — dedi u.
Vazirning ta’kidlashicha, “Gazli” gaz ombori quvvati 4,5 mlrd kub metrgacha kengaytirilgan. Avvalroq “Gazli” quvvatini 2025-yilga qadar ikki barobar oshirish, ya’ni 3 mlrd kub metrdan 6 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
Hozirda mamlakatda ikkita yerosti gaz saqlash omboridan — “Gazli” va “Xo‘jaobod"dan foydalanilmoqda. Jo‘rabek Mirzamahmudov “So‘x” gaz ombori bo‘yicha esa ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, o‘rganish ishlari olib borilayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, mazkur gazni saqlash ombori Qirg‘iziston hududida joylashgan bo‘lib, kompressorlar va boshqa texnologik uskunalar esa O‘zbekiston hududida hisoblanadi.
“U yerdagi texnologik obyektlarning barchasi O‘zbekiston mulki sanaladi. Shu bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Ko‘ryapsizlar barchasi asta-sekin yechilyapti, bu bo‘yicha ham ishlar ketyapti. “Gazli"ning sig‘imi 4,5 mlrd kub metr bo‘lib, hozir u yerda 4 mlrd kub metrdan ortiq gaz yig‘ilgan. “Xo‘jaobod"da esa 790 mln kub metrdan ortiq gaz yig‘ilgan”, — dedi u.
“Gaz omborlarida o‘zimizning ishlab chiqaruvchilar tomonidan qazilayotgan gaz yig‘ilyaptimi yoki import gaz yig‘ilyaptimi”, degan savolga vazir “gaz trubaga kirgandan keyin bitta bo‘ladi, shuning uchun umumiy gaz yig‘ilyapti, lekin bu O‘zbekiston Respublikasi balansidagi gaz”, deya javob berdi.
“Qishda elektr energiyasidagi uzilishlar bo‘lmaydimi, „gaz zapravkalarga“ cheklovlar kiritilmaydimi, bu gaz qanchaga yetadi o‘zi”, degan savolga esa vazir quyidagicha javob berdi:
“O‘tgan yilgi kuz-qish mavsumini oladigan bo‘lsak, 13-dekabr kuni -18, -20 bo‘lgan. O‘sha kuni bir oz cheklov kiritilgan. Keyin uch kun ichida bu cheklovlar bekor qilingan. Asosiy bizda cheklov kiritilgan vaqt o‘sha fevraldagi [Buxoro-Gazli 110 liniyasidagi avariya]. Gazli haqida aytib berganimning sababi, o‘sha liniyadagi bo‘lgan avariya Gazlidagi gazni yer ostidan olishda uzilishga olib keldi. To‘g‘ri, dizel generator ulandi. Lekin uni ishlatib, rejimga chiqargunga qadar iste’mol kamaymagan. Trubadan gaz ketgani sari va gaz omborini rejimga chiqarib, tiklagungacha 40 mln metr kub gaz taqchilligi yuzaga keldi. Shu narsa 10 kun ta’sir qildi. O‘shanda AGTKSHlarga bir hafta cheklov kiritdik”.
Jo‘rabek Mirzamahmudov, shuningdek, bu yildan boshlab qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan genaratsiya mavjudligini qo‘shimcha qildi va o‘tgan yili bu narsa bo‘lmaganini aytdi.
Vazir nima uchun avvalgi yillarda ham quyosh va shamol elektrostansiyalari ishga tushirilganiga qaramay, ularda generatsiya bo‘lmaganiga quyidagicha izoh berdi:
“Ishga tushirildi, tarmoqqa ulandi, „puskonaladka“ vaqti bor. Masalan, quyosh panellarida alohida inventorlar kelgan, o‘zining kichkina transformatori bor, keyin katta tranformatorga keladi. O‘shalar orqali har bir tizim sozligi tekshirib chiqiladi”.
Keyin esa vazir qayta tiklanuvchi energiyaning ijobiy jihatlari katta ekani, lekin salbiy jihatlari ham borligi haqida gapirdi.
“Salbiy tomoni rejimda hisoblanadi. Sababi, hozir kuniga, pikka chiqqanda quyosh va shamoldan birgalikda 2000−2200 megavatt generatsiya olinyapti. Ya’ni kuniga 25 mln kilovatt soatgacha kunlik energiya beryapti. Lekin birdaniga shamol to‘xtasa yoki bulutli va yomg‘irli kunlarda birdan pasayish bo‘ladi. Shu barcha narsaning avtomatikasi va telemetriyasi sozligini tekshirib olgungacha, to‘liq quvvatga apreldan chiqishni boshladi”, — dedi u.
Shuningdek, Jo‘rabek Mirzamahmudov bu yil yozda uzilishlar bo‘lmasligini aytganini, o‘tgan yili yozda esa haqiqatan ham cheklovlar kiritilganini va buni hech qachon inkor qilmasligini ta’kidladi.
“Yozgi oylarda jami 350 mln kilovatt soatgacha cheklov kiritilgan, butun mavsum davomida. Bu yil avariyalar va boshqa texnik nosozliklar bo‘ldi, to‘g‘ri. Lekin quvvat yetishmaganligidan cheklov kiritilmagan”, — dedi u.