2025-yil 1-martdan boshlab Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslariga kameral nazorat o‘tkazish vakolatlari beriladi. Bu prezidentning 4-oktabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Mehnat inspeksiyasiga kameral nazorat o‘tkazish vakolati mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligi uchun beriladi.
Bundan tashqari, mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan, inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalari mansabdorlarining qonuniy faoliyatiga aralashgan, to‘sqinlik qilgan yoki ta’sir o‘tkazgan shaxslarga nisbatan jarima qo‘llash tartibi joriy etilmoqda.
Mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalariga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi ma’lumotlaridan foydalangan holda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurilayotgan, ta’mirlanayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan obyektlardagi ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlarini o‘tkazishga ruxsat etiladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlariga inspeksiya va uning hududiy bo‘linmalarining xodimlarini bir oyda jami 10 ish kunidan ortiq muddatga tekshiruvlar o‘tkazishga jalb qilish taqiqlanadi.
2024-yil 1-noyabrdan boshlab Mehnat inspeksiyasi mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazadi, bu haqda tekshiruv boshlangan paytdan boshlab biznes ombudsmanni xabardor qilgadi.
2025-yil 1-aprelga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga Milliy vakansiyalar bazasida quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi platformani ishga tushirish topshirildi:
- mamlakatdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari;
- talab yuqori bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar;
- taklif etilayotgan ish haqi;
- malaka talablari;
- mehnat sharoitlari, ish vaqti rejimi va boshqa ma’lumotlar.
Yagona milliy mehnat tizimi orqali ish beruvchilar va xodimlarga tijoriy elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi, yangi uslubiyot asosida qisqa va o‘rta muddatlarda kasb hamda mutaxassisliklarga bo‘lgan talabning prognozlari shakllantiriladi, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda mehnat resurslari hisobi va statistikasi yuritiladi.
Bandlik vazirligi, shuningdek, aholiga bandlik xizmatlarini eksterritorial (ya’ni, ro‘yxatda turgan joyidan qat’iy nazar) tarzda ko‘rsatish tartibini ishlab chiqadi. Bunda ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga ishga joylashtirish yo‘llanmasini istalgan bandlik organlari orqali berish nazarda tutilgan.
2025-yil 1-yanvardan boshlab xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatni muhofaza qilishni kuchaytirish, ish beruvchilar bilan xodimlar o‘rtasidagi muvozanatli mehnat munosabatlarini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat sohasidagi nizolarni hal etishni mediatsiya usulida videokonferensaloqa shaklida amalga oshirish tizimi joriy etiladi.
1-martdan mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta’minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.
2026-yil 1-yanvarga qadar ish joylaridagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi standartlari ishlab chiqiladi.