Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining qaysi biri ishlayotganini ko‘rsatuvchi mobil ilova 1-dekabrgacha tayyor bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda u “Lolazor” podkastda gapirdi.

“Ishga tushadi. Sababi, men o‘tgan hafta davomida o‘zimizning mahalliy yoshlar bilan, IT kompaniyalar bilan ko‘rishib, shu tizimlarning barchasi haqida gaplashdik. Faqat bir narsa bor — barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalari xususiy. Biz hozir dastur ustida ishlayapmiz. Barchaga tavsiyaviy shaklda beramiz”, — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ilovadan foydalanish bepul bo‘ladi. Faqat AGTKSHlar o‘zlarining qo‘shimcha xizmatlarini ko‘rsatish va reklama maqsadida ilovadan foydalanmoqchi bo‘lsa, buning uchun haq to‘lanadi.

“Bu bepul bo‘ladi. Biz ular bilan Energetika vazirligi orqali shartnoma qilib, tizimni va ilovani yaratib berish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Faqat o‘sha yoqilg‘i quyish shoxobchalari qo‘shimcha xizmati uchun yoki reklama uchun mobil ilovani ishlatsa qandaydir to‘lov mavjud bo‘ladi. Lekin yoqilg‘i quyish shoxobchalari bu ilovani ishlatish yoki ishlatmasligi o‘zining ihtiyorida bo‘ladi”, — dedi u.

Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, vazirlik bu ilova orqali qaysi AGTKSHga gaz uzatilayotgani haqidagi real vaqt ma’lumotlarini aks ettiradi.

“Ayrim “zapravka”lar o‘zining texnik sabablariga ko‘ra yopilgan bo‘lishi mumkin. Ular ilova orqali ma’lumotlarni yangilamasa, men ularni bunga majburlay olmayman-ku? Biz gaz qaysi “zapravkalarga” berilganini chiqaramiz. Undan muammo yo‘q. Bizda real rejimda qaysi “zapravka” gaz quyayotgani bo‘yicha ma’lumot jamlanadi. Ishladi-ishlamadi, deb bera olamiz, lekin kim qancha gaz quygani haqida ma’lumot berolmaymiz. Men bir oy ichida sizlarga mobil ilovaning dastlabki versiyasini ko‘rsataman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Vazirga ko‘ra, bu ilova 1-dekabrgach qadar ishlash uchun tayyor bo‘ladi.

Bunday mobil ilova ishlab chiqilayotgani haqida 22-aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qilgandi. O‘shanda ilovaga butun respublika bo‘ylab “Hududgazta’minot”dan gaz sotib oladigan 1329 ta shoxobcha kiritilishi, dastur “Yandeks” bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgani aytilgandi. “Shu yil qishda haydovchilarning qo‘lida ilova bo‘ladi”, — degandi Hasan Toshxo‘jayev.