O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastida 200 kilovatt soatlik ijtimoiy norma oshirilishi kutilmayotganini ma’lum qildi.

“Birinchidan 200 kilovattlik norma ertaga oshirish uchun emas, tahlil qilib, me’yorlardan va iste’moldan kelib chiqib, barchasini o‘rganib chiqqandan so‘ng kiritilgan. O‘shanda tahlil qilinganda iste’molchilarning 60 foizdan ortig‘i 200 kilovattdan kam ishlatgani ma’lum bo‘lgandi. Undan ortig‘ini ishlatsa ishlatsin, faqat tabaqalashtirilgan tarifda”, — dedi u.

Vazirning aytishicha, mamlakatda elektr energiya ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgan va bunga iste’mol kamligi sabab bo‘lgan. Abonentlar soni oshganiga qaramay 2023-yilning mos davri bilan solishtirganda 2024-yil iyunidan sentabrigacha oylik iste’mol hajmi kamaygan.

Ya’ni iste’molchilar ijtimoiy norma va tabaqalashtirilgan tariflar kiritilganidan so‘ng elektr energiyasini tejay boshlagan.

“Kimdan so‘rasangiz “svet”imni o‘chirib yuribman, boshqa qilyapman [deyapti]”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Vazir oshiruvchi koeffitsiyentlar amalga kiritilgan noyabr oyidan boshlab is’temol qanday o‘zgargani va umuman 2022−2024-yillar davomida aholi va ulgurji iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni ham taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, 1-maydan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshirilgandi. Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etilgandi. Energetika vazirligi iyun oyida yaqin istiqbolda elektr energiyasi uchun oylik 200 kVt soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emasligini ta’kidlagandi. O‘shanda vazirlik iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilganini qayd etgan.